Dunyo boshboshdoqlikka yuz tutmoqda
Dunyoda ro‘y berayotgan so‘nggi voqealar, ayniqsa Trampning keskin siyosiy qarorlari dunyoda katta o‘zgarishlar yuz berishidan darak berayotgandek. Bu o‘zgarishlar boshboshdoqlikka, aniqrog‘i, har qanday davlat faqat o‘z manfaatini o‘ylab, qo‘shnisining yoki boshqa davlatlarning mulki, boyligi, konlarini tortib oladigan holatga olib kelmoqda. Bu o‘rmon qonuni hukm suradigan holatni eslatadi. Aslida, bu kapitalizmning tabiatidir. Kapitalistik kuchli davlatlar avvallari bu vahshiyliklarini xalqaro me’yor, demokratiya va boshqa “porloq” shiorlar ostida amalga oshirib kelgan bo‘lsa, endi esa ochiqchasiga qilishmoqda.
Bugungi kunda xudbinlik va proteksionizm siyosati kuchayib bormoqda. Trampning AQSH hokimiyatini egallashi bu siyosatni kuchaytiruvchi katalizatorga aylandi. Chunki Tramp nafaqat Amerikaning iqtisodiy raqibi bo‘lgan Xitoy tovarlari uchun, balki Amerikaning ittifoqchilari bo‘lgan Kanada va Yevropa Ittifoqi tovarlari uchun ham bojxona to‘lovini oshirish bilan tovlamachilik qilyapti. Bu o‘z navbatida, xuddi shunday reaksiyani paydo qilmoqda. Aniqroq aytganda, AQSH ittifoqchilari ham Amerika tovarlariga bojxona to‘lovini oshirish bilan javob qaytarishga tayyor turibdi. Xitoy esa “bojxona urushi bo‘lsin, savdo urushi bo‘lsin yoki boshqa har qanday urush bo‘lsin, biz oxirigacha kurashishga tayyormiz”, deb javob berdi. Qolaversa, Tramp “Biz sizni (Yevropani) bekorga himoya qilamizmi”, deb NATOdan chiqish bilan tahdid qildi va hatto BMTdan chiqishini ham aytdi. Shuningdek, Tramp ma’muriyati Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazib, Yevropa Ittifoqini ham, Ukrainani ham noqulay ahvolga solib qo‘ydi.
Yangi Amerika hukumatining bunday siyosiy yo‘nalishi Yevropa davlatlarini xushyor tortirib, o‘z aravasini o‘zlari tortishga undadi. Misol uchun, 6 mart kuni Bryusselda uchrashuv o‘tkazgan Yevropa Ittifoqi rahbarlari qayta qurollanish rejasini qabul qilishdi. Ushbu rejaga ko‘ra, 860 milliard dollar Yevropa Ittifoqi mudofaasini mustahkamlash, qurolli kuchlarini yaxshilash va harbiy sanoatini rivojlantirishga sarflanadi. Bunday harakatlar Ikkinchi jahon urushidan beri harbiy salohiyati cheklangan Germaniyaning bosqichma-bosqich qurollanishiga yo‘l ochishi mumkin. O‘z navbatida, bu holat uzoq vaqtdan beri bir-biriga raqib bo‘lib kelgan va hatto ularning raqobati birinchi va ikkinchi jahon urushlariga olib kelgan Angliya, Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytiradi.
Ayni paytda xalqaro tartib, xalqaro me’yorlar, BMT, degan narsalarning ta’siri ham yo‘qolib bormoqda. Ularga deyarli hech kim e’tibor bermay qo‘ydi. Hozirgi vaqtda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda xalqaro tartib, xalqaro normalar, BMT emas, balki ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlar birinchi o‘ringa chiqdi. Aslida BMT mustamlakachi katta davlatlarning manfaatlarini ta’minlovchi tashkilot edi. Demak, bugungi kunda BMT mustamlakachi davlatlarning ochko‘zligini qondiradigan talabga javob bermay qoldi. Ular hech qanday qoidaga rioya qilmasdan mustamlakachilik siyosatini olib borishmoqda. Bu xalqaro tartibning yo‘q bo‘lib borayotganini ko‘rsatadi.
Mana shunday tartibsiz vaziyatda biz musulmonlar hushyor bo‘lib, mustamlakachi davlatlarning quroliga aylanib qolishdan saqlanmog‘imiz zarur. Bizning o‘z mafkuramiz bor. U Islom mafkurasidir. Islom dini asosida birlashishimiz kerak. Shundagina biz har qanday kuchning quroliga aylanishdan uzoq bo‘lamiz, shundagina biz o‘z manfaatlarimizni himoya qilamiz, hatto xalqaro tartibni boshqaradigan yetakchi davlatga aylanamiz.
Horun Abdulhaq