IIV ekstremizm bahonasida musulmonlarga nisbatan zulmni kuchaytirish niyatida
Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi ekstremistik materiallar saqlaganlarni javobgarlikka tortishni taklif qildi. Bu haqda IIV axborot xizmati ma’lum qildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasiga ko‘ra, bunday materiallarni saqlagan shaxslar uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ekstremistik materiallar uchun ham javobgarlikka tortish nazarda tutilgan.
IIVning ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yildan boshlab 2024 yilning sentyabriga qadar ekstremistik jinoyatlar bo‘yicha 1823ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. IIV bundan avval Qirg‘izistonda ekstremizmni tarqatganlik uchun jazoni kuchaytirishni taklif qiluvchi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ygan edi. Unda ekstremizmda ayblanayotgan musulmonlarning jazo muddatini ikki yoki uch yilgacha oshirish nazarda tutilgan. Masalan, 3 yilga ozodlikdan mahrum etilishi kerak bo‘lganlarni 5 yilga, 5 yilga ozodlikdan mahrum etilishi kerak bo‘lganlarni esa 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash taklif etilgan.
Bundan tashqari, hukumatning “dunyoviy” muxoliflariga nisbatan ham “ekstremizm” tamg‘asi bosila boshlandi. Zero, SHXT tomonidan berilgan ekstremizm ta’rifi bunga imkon beradi.
Izoh:
Aslida, Qirg‘izistonda allaqachon 21ta diniy tashkilotning faoliyati taqiqlanib, ularning a’zolariga nisbatan turli jazolar qo‘llanilgan. Ayni paytda jazolarni kuchaytirish va “ekstremizm”da ayblanayotgan shaxslarning doirasini kengaytirish ishlari olib borilmoqda. Zero, mamlakatda soliq va to‘lovlarning ko‘payishi aholining hukumatga nisbatan noroziligini kuchaytirmoqda. Bu holat muxolifat uchun qulay fursat bo‘lib, ular bundan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qildi. Biroq, amaldagi hukumat hibsga olish orqali muxolifat yetakchilarini “sindirdim”, deb o‘ylayotgani bois navbatdagi kurashni musulmonlarga qaratmoqda. Haqiqiy musulmonlarning pozitsiyasi va noroziligini bostirish uchun ularni “ekstremizm”da ayblab, hibsga olish bilan tahdid qilmoqda. Hukumat bunday harakatlardan o‘z manfaatini ko‘zlayotgan bo‘lsa-da, aslida bu yerda olamiy kufr tuzumi Islom va uning qadriyatlariga qarshi kurashmoqda. Bu borada maxsus loyihalar ishlab chiqilib, mablag‘lar ajratilmoqda.
Ma’lumki, hozirda dunyoga hukmronlik qilayotgan imperialistik kapitalizm tuzumi yemirilib, qulash arafasiga kelib qoldi. Uni qulatib o‘rniga vujudga keladigan tuzum bu – Islomdir. Shuning uchun mustamlakachilar musulmonlarni sof Islomdan chalg‘itish uchun “an’anaviy Islom” va “mo‘tadil Islom” kabi loyihalarni ishga solmoqda. Buning aksi o‘laroq, sof Islomni mahkam tutib, uni ko‘tarib chiquvchilarni “ekstremist”ga ayblamoqda. Mana shundan ham, ekstremizm va terrorizm “ertaklari” kofirlar tomonidan Islom va musulmonlarga qarshi kurashish uchun o‘ylab topilganligi ko‘rinib turibdi. Hatto, hozir ularning xatti-harakatlari o‘zlari bergan tarifga mos keladi.
Shubhasizki, xalqaro va mahalliy siyosatdagi bunday ikkiyuzlamachilik kapitalizmning o‘limini yaqinlashtirmoqda. Chunki dunyo va mintaqada sodir bo‘layotgani kabi Qirg‘izistonda ham mafkuraviy-siyosiy bo‘shliq chuqurlashib bormoqda. Umid qilamizki, bu mafkuraviy bo‘shliqni Islom mafkurasi, siyosiy bo‘shliqni esa siyosiy ongli musulmonlar to‘ldiradi. Mustamlakachi kofirlar va malaylarining nayranglari tamoman puchga chiqadi. Alloh Taolo aytadi:
وَيَمْكُرُونَ وَيَمْكُرُ اللَّهُ وَاللَّهُ خَيْرُ الْمَاكِرِينَ
– “Ular makr qilurlar, Alloh ham «makr» qilur. Alloh «makkor»roqdir”. [8:30]