Jozep Borrelning Qirg‘izistonga tashrifidan ko‘zlangan maqsad

83
0

Jozep Borrelning Qirg‘izistonga tashrifidan ko‘zlangan maqsad

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Yevropa Ittifoqining oliy vakili Jozep Borrelni qabul qildi. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar berdi.

Xabarlarga ko‘ra, uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar kelajagi, energetika va raqamlashtirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

Japarov o‘z nutqi davomida yevropalik investorlarni Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan yirik gidroenergetika va transport loyihalariga qo‘shilishga taklif qildi.

O‘z navbatida, Borrel YEIning Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va o‘zaro manfaatli sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Sadir Japarovning 25 iyun kuni Bryusselga tashrifi chog‘ida “Yevropa Ittifoqi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida”gi strategik bitim imzolangan edi. Ushbu hujjat 1999 yil Bishkek va Bryussel o‘rtasida tuzilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rnini bosadi.

Izoh:

Yevropa Ittifoqi 2019 yilda Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasini e’lon qilgan edi. O‘sha yildan boshlab Qirg‘iziston bilan strategik kelishuvni yangilash bo‘yicha muzokaralar faollashdi. Hatto ayrim hollarda inson huquqlari va matbuot erkinligi sohasida Qirg‘izistonga bosim o‘tkazdi. Masalan, o‘tgan yili 13 iyulda bo‘lib o‘tgan Yevroparlament yig‘ilishida Qirg‘izistondagi inson huquqlari ahvoli, so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan bosimlar bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi. Hujjatda aytilishicha, 2022 yilning yanvaridan boshlab Qirg‘izistonda inson huquqlari va so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashgan. Bundan tashqari, Yevroparlament rezolyutsiyada Qirg‘iziston parlamentida muhokama qilinayotgan “Ommaviy axborot vositalari”, “Nohukumat tashkilotlari”, “Xorijiy vakil” va “Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish” to‘g‘risidagi qonun loyihalarini bekor qilish haqida ogohlantirdi. Natijada Qirg‘iziston hukumati Rossiya manfaati uchun qabul qilingan yuqoridagi qonunlarning bir qismini bekor qildi.

Ma’lumki, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda, jumladan Qirg‘izistonda o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda. Yevropa Ittifoqi bu yo‘lda asosan “inson huquqlari” va “so‘z erkinligi” shiorlaridan foydalanib, demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va ta’lim sohasiga mablag‘ ajratish orqali o‘z maqsadini amalga oshiradi. Shuningdek, sarmoya bahonasida Qirg‘iziston kabi kambag‘al davlatlarni o‘z ta’siriga olishni maqsad qiladi. Yevropaning bu maqsadi ma’lum darajada amalga oshdi. Qirg‘iziston hukumati mamlakatdagi yirik loyihalar uchun xalqaro tashkilotlarga murojaat qilib, Yevropa davlatlaridan sarmoya jalb qilishga harakat qilmoqda.

Albatta, yuqoridagi kelishuv faqat Yevropa Ittifoqining bosimi tufayli qabul qilinayotgani yo‘q. Balki bunda Qirg‘iziston hukumatining ham ayrim manfaatlari bor. Aniqrog‘i, Qirg‘iziston hukumati Xitoyning mamlakatdagi ta’siri kuchayib, hokimiyatni to‘liq nazorat ostiga olmasligi uchun tashqi siyosatda muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda.

Demak, Borrellning tashrifi yuqoridagi strategik kelishuvni amalga oshirish uchun sarmoya, savdo-iqtisodiy munosabatlar va inson huquqlari bahonasida Yevropaning ta’sirini kengaytirishga qaratilgan. Bu esa Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan, Qirg‘iziston ustidan mustamlakachilik uchun kurash tobora kuchayib borayotganidan darak beradi. Afsuski, ustimizdagi malay hokimlar arzimagan moddiy manfaatlarni qo‘lga kiritish yoki o‘z kursini saqlab qolish ilinjida kimni kuchli deb bilsa o‘shaning ortidan ergashib ketishmoqda.

Nurdin Asanaliyev

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.