Qirg‘izistonda avtomobillar majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi

63
0

Qirg‘izistonda avtomobillar majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi

Iqtisodiyot va savdo vazirligi avtomobillarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqdagi qaror loyihasi 1 avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon 1 million 600 ming 691ta avtomobil ro‘yxatga olingan. Zavoddan chiqqaniga besh yildan oshgan avtomobillar majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Texnik ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘lgan avtomobillarning umumiy soni 1 million 259 ming 849tadir. Qirg‘izistonda 2012 yildan boshlab avtomobillarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish talabi bekor qilingan edi.

Bundan avval Bishkek hokimligi boshqa viloyatlarda va xorijda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarning Bishkek shahriga kirishidan hamda shaharda ijaraga berilgan elektroskuter kabi transport vositalaridan pul undirishni taklif qilgan edi. Masalan, shahardan boshqa hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarning Bishkek shahriga kirishi uchun yengil mashinalardan 50 som, xorijliklardan esa 200 som undirish taklif qilingan edi. To‘lov miqdori avtomobilning o‘rindig‘i va og‘irligiga qarab oshib boraveradi.

Bundan tashqari, Bishkek hokimligi O‘sh va Bishkek shaharlarida “avtomobillarni ko‘chaga jadval (grafik) bilan chiqarish” loyihasini ham taklif qilib, jadvalni buzgan jismoniy shaxslarni 1000 som, yuridik shaxslar esa 5000 som miqdorida jarimaga tortishni rejalashtirmoqda.

Demak ko‘rinib turibdiki, Qirg‘iziston hukumati soliq va to‘lovlarni ko‘paytirish orqali xalqning yelkasiga og‘ir yuklar yuklamoqda. Bundan avval Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi yo‘l harakati qoidalarini buzganlarni aniqlash uchun dronlardan foydalanishni boshlagan edi. 8 martdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini buzganlarga nisbatan jazo kuchaytirilgan. Har bir qoidabuzarlik uchun jarimalar deyarli ikki baravar oshirildi. Masalan, tezlik belgilangan normadan, ya’ni 60 kilometr\soatdan oshsa, avvalgi 7500 som o‘rniga 15 ming som belgilandi.

Bundan tashqari, so‘nggi bir yil ichida elektr energiyasi narxini 11 foizga, isitish va issiq suv narxini uch barobarga oshirdi. Endilikda savdogarlarga nazorat kassa apparatini o‘rnatish orqali budjetning deyarli yarmini tashkil etuvchi QQS solig‘ini oshirishni ko‘zlamoqda. Bu soliqlar xalq tomonidan sotib olinayotgan asosiy tovarlar narxining oshishiga sabab bo‘ladi. Shundoq ham, yillik inflyatsiya 11 foizdan oshib, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashayotgan bir paytda, oddiy xalqning yuki tobora og‘irlashib bormoqda.

Buning muqobilida, bir hovuch kapitalistlarning boyligi ham ortib boryapti. Masalan, 2022 yilda Qirg‘izistondagi sudxo‘r banklarning daromadi 5 barobarga oshib, 23,7 milliard somni tashkil qilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bank tarmog‘ining daromadi 24,1 milliard somga yetdi.  Mana shundan ko‘rinib turibdiki, Qirg‘iziston hukumati kapitalistik iqtisodiy tuzumni tatbiq qilish orqali, oddiy xalqdan yig‘ilgan mablag‘larni kapitalistlar qo‘liga to‘planishi uchun sharoit yaratib bermoqda. O‘z navbatida, bu kapital egalari saylovlarda amaldagi amaldorlarning yana hokimiyatda qolishiga yordam beradi. Bunday vaziyat nafaqat Qirg‘izistonda, balki kapitalizm hukm surayotgan AQSH, Yevropa va Rossiyada ham hukm surmoqda. Ushbu mamlakatlarda ham yirik kapitalistlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda hukumat tomonidan yaratilgan sharoit va monopoliyadan foydalanishadi.

Ammo Islomiy tuzumda davlat o‘z ishlarini yuritish uchun soliq solishga ehtiyoj sezmaydi. Zero, u o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yer va ko‘chmas mulk kabi davlat mulklaridan foydalanadi. Xalqning umumiy manfaatlari bilan bog‘liq ehtiyojlar uchun omma mulki hisoblangan umumiy mulkdan sarflanadi. Masalan, maktablar, universitetlar, shifoxonalar, yo‘llar, aeroportlar qurilishi umumiy xalq manfaati uchun bo‘lib, bularga umumiy mulkdan sarflanadi. Ya’ni, oltin, neft, gaz, temir, uran kabi tabiiy boyliklardan olingan foydalar shu sohalarga sarflanadi.

Qolaversa, Islom boylikning bir hovuch odamlarning qo‘lida to‘planishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bilan birga, kambag‘al va muhtoj odamlar ham soliq to‘lab, qiyin ahvolda qolmaydi. Balki daromadi ma’lum miqdorga yetgan kishilardangina zakot olinadi. Musulmonlar Zakotni ibodat sifatida mamnuniyat bilan berishadi. Zakotdan yig‘ilgan mol-mulklar baytulmoldagi boshqa mol-mulkka aralashtirilmaydi, alohida saqlanib, Alloh Taolo “Tavba” surasida aytgan sakkiz toifa kishiga taqsimlanadi. Alloh taolo aytadi:

إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنْ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ

“Albatta, sadaqalar (ya’ni, zakotlar) Alloh tomonidan farz bo‘lgan holda, faqat faqirlarga, miskinlarga, sadaqa yig‘uvchilarga, ko‘ngillari (Islomga) oshna qilinuvchi kishilarga, bo‘yinlarni (qullarni) ozod qilishga, qarzdor kishilarga va Alloh yo‘lida (ya’ni, jihodga ketayotganlarga) hamda yo‘lovchi musofirlarga berilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir”. (Tavba: 60).

Mumtoz Mavarounnahriy

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.