Sadir Japarov rasmiy tashrif bilan Rossiyaga bordi

175
0

Sadir Japarov rasmiy tashrif bilan Rossiyaga bordi

 Xabar: Prezident Sadir Japarov 7-may kuni rasmiy tashrif bilan Rossiyaga uchib ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

 “Tashrif doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbarlari ikki va ko‘p tomonlama kun tartibidagi dolzar masalalarni, o‘zaro manfaatli himkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladilar. Shuningdek, tashrif davomida Sadir Japarovning boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlari ham rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Japarov 9-may kuni Moskvadagi g‘alaba paradida mehmon sifatida ishtirok etadi”, – deyiladi xabarda.

Izoh: Qirg‘izistonda yana bir bor kirill alifbosidan lotin alifbosiga o‘tish masalasi ko‘tarilishi ortidan Rosselxoznadzor 20-aprel kuni “veterinariya nazoratida, xayvonlar kasalliklarining epizotik monitoringi va laboratoriya ishlarida kamchiliklar mavjudligi” iddaosi bilan Qirg‘izistonda yetishtirilgan sut mahsulotlarini Rossiyaga olib kirishni taqiqladi. Keyinchalik bunday cheklov baliq mahsulotlariga ham joriy etildi.

 Sadir Japarov 21-aprel kuni Davlat tili va til siyosati milliy komissiyasi raisi Kanibek Osmonaliyev bilan uchrashuvda deputatlarning taklifini tanqid qilib, uni til siyosati, jumladan, qirg‘iz tilini lotin tiliga o‘tkazish bo‘yicha gaplardan tiyilishga chaqirib:

 “Qirg‘iz tilining lotin alifbosiga o‘tishi haqida gapirishga hali erta. Kirill alifbosida davlat tilini to‘g‘ri, malakali bilish darajasini ta’minlamasdan turib, lotin alifbosiga o‘tish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Endi bu savol ko‘tarilmaydi, davlat tilini rivojlantirish kirill alifbosida davom etishi kerak”, – dedi.

 Shundan so‘ng, Rosselxoznadzor rahbari Sergey Dankvert 24-aprel kuni Moskvada Qirg‘iziston qishloq xo‘jaligi vaziri Samat Nasirdinov va Qirg‘izistonning Rossiyadagi elchisi Ermek Omuraliyev bilan uchrashuvda Qirg‘iziston sut va baliq mahsulotlari Rosselxoznadzor tekshiruvlari orqali Rossiyaga qaytishini aytdi.

 Dunyoning biror davlat rahbari qatnashmaydigan “G‘alaba” paradida ishtirok etish uchun Moskvaga borishidan oldin Japarov o‘zini Rossiya va rus tiliga sodiqligini isbotlash uchun 4-may kuni Bishkek shahridagi 77-umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, 9-sinf o‘quvchilari uchun “Dinlarning rivojlanish tarixi” darsida ishtirok etdi va rus tili ulug‘langan “Nam dan vo vladeniye samiy bogatiy, metkiy, moguchiy i poistine volshebniy russkiy yazik” (Bizga eng boy, eng aniq, qudratli va chinakam sehrli rus tili berildi) yozuvi ostida suratga tushdi va bu orqali o‘zining Putinga naqadar sodiq ekanligini isbotlamoqchi bo‘ldi.

 Afsuski, bizning davlat rahbarlari hamon qullik psixologiyasidan xalos bo‘lisha olmayapti. Ularning qalbidan Rossiyadan bo‘lgan qo‘rquv hissi ko‘tarilganicha yo‘q. Shu sababli ham bu rahbarlar o‘z kursi va amallarini saqlab qolish ilinjida Rossiyaga yaltoqlanish, unga yaxshi ko‘rinishga harakat qilishadi. Ular cho‘kib borayotgan rus kemasidan xalos bo‘lish o‘rniga unga tobora yaqinlashib, o‘rtadagi aloqa va munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida harakat qilishmoqda.

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.