Rossiya, KXShT davlatlari va O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladi
Rossiya va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT)ga a’zo davlatlar Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladilar.
“Biz u erda tinchlik va osoyishtalik bo‘lishiga uncha ham ishonmaymiz. Bu hududda NATO kontingentining 20 yil davomida bo‘lishi barqarorlikka olib kelmadi”, – dedi Shoygu Qozog‘iston mudofaa vaziri bilan uchrashuvda.
RF Mudofaa vaziri bu masalani yaqin kelajakda KXShT davlatlari – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, shuningdek, Afg‘onistonga chegaradosh O‘zbekiston bilan muhokama qilishni taklif qildi.
22 iyun kuni “Tolibon” harakati Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi Sherxon-Bandar chegara komissariatiga hujum qildi. Afg‘oniston kuchlarining 134 nafar harbiylari jangarilarga qarshilik ko‘rsata olmadi va “Panj” chegara otryadining 3 va 4-zastavalari orqali Tojikiston hududiga chekinishga majbur bo‘ldi.
Tojikiston milliy xavfsizlik qo‘mitasining bayonotiga ko‘ra, tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat keskin deb baholanmoqda.
Tojik-afg‘on chegarasining Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidagi qismini qo‘riqlash kuchaytirildi.
Izoh: O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham 23 iyun kuni 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Sho‘rtepa tumani hududidan O‘zbekistonga o‘tgani haqida bayonot berdi. Demak, AQSh Afg‘onistondan chiqib ketar ekan Rossiya va Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar uchun katta muammo – qochqinlar muammosini qoldirib ketmoqda.
AQSh va NATO bloki Afg‘onistonda olib borgan harbiy harakatlar davomida ular bilan hamkorlik qilgan amaldorlar, harbiylar va tarjimonlar armiyasi vujudga keldi. Bosqinchilar bilan hamkorlik evaziga o‘z xalqi va millatiga xoinlik qilgan amaldorlar, bosqinchilar ta’minoti bilan shug‘ullangan shirkatlar va bosqinchi kuchlarga tarjimon bo‘lib yolllanganlar bugun boshi berk ko‘chaga kirib qolishdi. Yaqindagina bosqinchi kuchlarga tarjimonlik qilgan 10 mingdan ziyod mahalliy aholi AQShdan o‘zlarini birga olib chiqib ketish va qochqinlik maqomini berishni so‘rab murojaat qilib chiqishdi. Ammo, na AQSh va na NATO davlatlari ushbu murojaatga ijobiy javob qaytarishdi. Qisqacha aytganda, AQSh ularni taqdir izmiga tashlab qochib chiqib ketmoqda. Aslida bu mustamlakachi dvlatlarning ish uslubidan bo‘lib, bunday malaylardan zarur bo‘lgan vaqtda foydalanadi. Ular o‘z vazifalarini bajarib bo‘lganlaridan keyin keraksiz latta kabi uloqtirib yuborishadi.
Tolibon harkati birin ketin hududlarni egallab bormoqda. Hatto, afg‘on hukumati qo‘shinlari butun boshli harbiy bazalarni jangsiz, bor texnikasi va qurol-yarog‘i bilan tashlab chiqib ketmoqda. Bir vaqtlar bosqinchi kuchlar manfaati uchun ishlagan amaldor va boshqalar o‘z jonlarini saqlab qolish uchun qochishga majbur bo‘lishmoqda. Bu kabi qochqinlar Afg‘onistonning janubiga qochib, u erdan Pokistonga yoki boshqa davlatga qochish imkoniga ega emaslar. Sababi, mamlakatning janubiy hududlari anchadan beri Tolibon harakati tomonidan nazorat qilib kelinadi. Ularning yagona yo‘li mamlakat shimoli orqali O‘rta Osiyo davlatlari – Tojikiston, O‘zbekiston yoki Turkmanistonga qolgan xolos.
Tolibon qo‘shni davlatlarga harbiy tajovuz qilmaydi. Bu borada Tolibon harakatining Qatardagi siyosiy ofisi rasmiy vakili Muhammad Suhayl Shahin rasmiy bayonot berib: “Afg‘oniston eridan Rossiya va qo‘shni davlatlarga qarshi foydalanilmasligini”, ta’kidlab o‘tgan edi. Tolibon mahalliy harakat bo‘lib, maqsadi Afg‘onistonni har qanday bosqinchi kuchlardan ozod qilishdan iborat. Ammo, mana shu ozod qilish davomida bosqinchi kuchlarga ishlagan xoinlardan qasos olishi ham aniq. Xoinlar qasosdan qutulish uchun qochishga majburdirlar. Ular uchun “najot yo‘li” yuqorida aytib o‘tilganidek, O‘rta Osiyo respublikalaridan iborat. AQSh hatto sun’iy tarzda qochqinlar oqimi imkon qadar ko‘p bo‘lishiga sharoitlar yaratib berishi ham ehtimoldan uzoq emas.
Adburahmon Odilov