Favqulotda holat tartibi uzaytirildi

434
0

Favqulotda holat tartibi uzaytirildi

 Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkek, O‘sh, Jalolobod shaharlari va Norin viloyatining Ot-Boshi tumanida favqulotda holat tartibini 10-mayga qadar uzaytirish bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

 Ushbu farmon imzolangandan boshlab kuchga kiradi va ko‘rib chiqish uchun Jogorku Keneshga taqdim etildi. Parlament deputati Elvira Surabaldieva Jogorku Kenash bu masalani ko‘rib chiqish uchun 30-aprelda yig‘ilishini ma’lum qildi.

 Qolgan hududlarda 30-apreldan favqulotda holat to‘xtatildi, favqulotda vaziyat tartibi o‘z kuchida qoldirildi.

 Izoh: Dunyoviy hukumatlar fuqarolarning haq-huquqlarini ta’minlashdagi asosiy dustur deb iddao qiluvchi konstitutsiyalarida ham favqulotda xolat yoki vaziyat joriy etilgan vaqtda fuqarolar qanday huquqlarga ega ekanliklari belgilab berilgan.

 Qirg‘iziston konstitutsiyasining VI-bobi Favqulotda holat sharoitida fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari kafolatlarida;

 Favqulotda holatlarda yoki ularning oldini olish yoki bartaraf etish ishlari bilan bog‘liq zarar ko‘rgan fuqarolar tegishli davlat organlari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan uy-joy bilan ta’minlanadi yoki etkazilgan moddiy zarar qoplanadi, ishga joylashtirishda yordam va boshqa zarur yordam ko‘rsatiladi. Uy-joy bilan ta’minlash yoki etkazilgan zararni qoplash va boshqa zarur yordam shartlari va tartibi Qirg‘iziston Respublikasi hukumati tomonidan belgilanishi qayd etib qo‘yilgan.

 Ammo qirg‘iz hukumati mamlakatda favqulotda holat joriy etgan bo‘lishga qaramay o‘z zimmasidagi majburiyatlarni bajarmadi. Favqulotda holat tufayli ishini yo‘qotgan yoki vaqtincha ishsiz qolganlar zararini qoplashga harakat ham qilmadi. Hukumat yaqin va uzoq qo‘shnilardan kelgan insonparvarlik yordamini qisman tarqatib qo‘yish, davlat zahirasidan bir necha ming tonna un tarqatish bilangina kifoyalandi. Ishsiz qolganlar, tirikchilik manbalaridan mahrum bo‘lganlarga kompensatsiya to‘lash, karantin vaqtida kommunal to‘lovlar uchun to‘lovlarni bekor qilish kabi ishlarning birortasini ham qilmadi. Oddiy xalq asosan sahovatpesha insonlar tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamlar evazigagina kun kechirmoqda.

 Hukumat oddiy xalq sharoitini e’tiborga olmay favqulotda holat tartibini uzaytrib kelmoqda. Fuqarolar hukumat tomonidan joriy etilgan tartibga och qolib bo‘lsa ham rioya qilishayotganidan keyin, hukumat ham o‘z konstitutsiyasida belgilab qo‘ygan majburiyatlarini bajarishi shart. Tirikchilik tarmoqlaridan mahrum bo‘lganlarga yordam ko‘rsatishi, ularga etkazilgan zararni qoplab berishi to‘lab berishi zarur. O‘z haq-huquqlarimizni talab qilaylik!

 Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.