Hokimiyatdan ketmasligini aytib kelayotgan prezident Bashar Asad va uning armiyasi muxolif kuchlar bilan olishuvni davom ettirmoqda. Kuzatuvchilar nazarida Asad prezidentlikdan ketsa ham vaziyat o’nglanmasligi mumkin. Qasos olish uchun, etnik alamdan chiqish uchun to’dama-to’da jinoyatlar avj olishi, mamlakatda tarqoqlik bugungi kundan ham kuchayishi mumkin, deydi tahlilchi Alia Brahimiy.
Brahimiyning fikricha Eron Suriya shialarini quvvatlamoqda. Ular alaviy oqimiga kiradi. Alaviylar Livanda ham o’z homiylariga ega. Saudiya Arabistoni va Fors ko’rfazi davlatlari esa Suriyada davlat sunniylar qo’liga o’tishini istaydi va Eron ta’sirini pasaytirish payida.
G’arb esa Suriya liberal, demokratik muhitga aylanishini xohlaydi. Rossiyaga baribir, deydi Brahimiy, uning uchun ta’sir kuchini saqlab qolish eng muhimi. Kim hokimiyatga kelishidan qat’i nazar, Rossiya uni bosim ostiga oladi, o’ziga og’dirishga urinadi, deydi arab tahlilchi.
Xo’sh, Suriyani qutqarish uchun nima qilish mumkin?
Agar Suriyada hukmron tuzum barbod bo’lsa, yangisini barpo etish albatta qiyin kechadi va ko’p qon to’kilishi muqarrar, deydi Kris Doyl, britaniyalik ekspert. Ammo vaqt boy berilmay xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib, muvaqqat hukumat tuzilishini quvvatlab yuborsa, o’tish davri ancha tinch kechishi mumkin. Hozirgi asosiy vazifa, deydi Kris Doyl, arab davlatlari, Amerika, Yevropa va Rossiya maqsad tinchlikni ta’minlash deb, birga chora ko’ra boshlashi.
Suriya esa ungacha arosatda yashayveradi, deydi kuzatuvchilar.
Suriyada 2011-yilning mart oyida boshlangan qo’zg’olon tinmayotgan ekan, BMT hisobicha, bugungacha 60 mingdan ziyod odamning yostig’i quridi.