Qirg‘iziston Qozog‘iston ustidan Jahon savdo tashkilotiga shikoyat qildi

435
0

Qirg‘iziston Qozog‘iston ustidan Jahon savdo tashkilotiga shikoyat qildi

 JSTning savdoni soddalashtirish qo‘mitasi Qozog‘iston Qirg‘izistondan tranzit yuklariga nisbatan savdo cheklovlari masalasini ko‘rib chiqdi, deya xabar qildi Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi. 

 Qirg‘iziston tomoni bayonotida aytilishicha, 2019 yil davomida chegaradagi murakkab vaziyatni hal qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish maqsadida Qozog‘istonga rasmiy yozma murojaatnomalar yuborilgan va JSTda ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.

 “Qirg‘iziston Qozog‘iston tomonini avtomobillarning to‘planib qolishi bilan bog‘liq vaziyat bilan batafsil tanishtirdi va amaldagi savdo to‘siqlarini olib tashlash hamda JST tomonidan belgilangan qoidalar asosida harakat qilish zarurligini bildirdi”, – deyiladi Qirg‘iziston iqtisodiyot vazirligi bayonotida.

 Muzokaralar vaziyatning yaxshilanishiga olib kelmadi, shuning uchun 2020 yil 11 fevralda Qirg‘iziston Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Eldor Alisherov va Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha Iqtisodiyot vazirligi vakolatxonasi rahbari Nurbek Maksutov Jenevada JSTning savdo protseduralarini soddalashtirish qo‘mitasi yig‘ilishida qatnashdilar.

 “Qirg‘iziston Respublikasi JST a’zolariga Qozog‘iston Respublikasining yuklarni tashish, yuklarni tekshirish va Qozog‘iston orqali tranzit yuk tashishdagi qiyinchiliklar,  Qozog‘iston xalqaro savdo qoidalariga rioya qilmasligi haqida axborot berdi”, – deyilgan xabarda.

Qirg‘iziston Respublikasi Qozog‘iston tekshiruv organlari vakillarining noqonuniy xatti-harakatlari, qirg‘izistonlik yuk tashuvchilar Qozog‘iston hududidan o‘tayotganda nazorat punktlarida yuklarning kuchaytirilgan tekshiruv bilan bog‘liq bo‘lgan qiyinchiliklar haqida bayon qildi. JST qo‘mitasi a’zolari Qozog‘iston xatti-harakatlari uzunligi 10 km.gacha bo‘lgan yuk transportining to‘plashiga olib kelganligi, chegarada va ixtisoslashgan zonalarda joylashgan yuk tashish mashinalarning soni esa qariyib 250 donani tashkil etgani haqida xabardor qilindi.

“Qozog‘istonning xatti-harakatlari Qirg‘izistonning uchinchi davlatlar bilan savdo aloqalariga, shuningdek har bir yuk tashuvchiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar etkazmoqda”, – deyilgan xabarda.

 Ma’lumki, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Jahon savdo tashkiloti (JST)ga ham, Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII)ga ham a’zo davlatlar hisoblanishadi. Ammo bu ikki tashkilot, xususan, EOIIga a’zo bo‘lish Qirg‘iziston iqtisodiga foydadan ko‘ra ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bundan avval, 2017-yili Qirg‘iziston BMTda Qozog‘iston ustidan shikoyat qilgan va “Davlatlar tomonidan siyosiy va iqtisodiy majburiyat yuzasidan bir tomonlama iqtisodiy choralarni ko‘rish rivojlanayotgan davlatlar uchun maqbul harakat emas”ligini ma’lum qilgan edi. Aslida bu tashkilotlar – xoh JST, xoh BMT farqsiz– yirik davlatlar manfaatlarini himoya qilish va ular tomonidan qabul qilingan qarorlarni zaif davlatlarga majburlab o‘tkazish uchun tuzilgan bo‘lib, bu huddi qo‘zichoqni bo‘ridan shafqat va himoya so‘rashi kabidir.

Abdurahmon Odilov

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.