Qirgʻiziston toza suv loyihasi uchun Saudiya taraqqiyot fondidan 30 million dollar kredit oladi
Moliya vazirligida Qirgʻiziston va Saudiya taraqqiyot fondi oʻrtasida 30 million dollar miqdoridagi kredit bitimini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Hujjatni qirgʻiz tomonidan moliya vaziri Baktigul Jeyenbayeva, Saudiya taraqqiyot fondi tomonidan delegatsiya rahbari Yusuf bin Ibroxim Al-Bassal imzoladi.
Xabarga koʻra, bu mablagʻ Botken va Talas viloyatlaridagi 61 qishloqni suv bilan taʼminlash va sanitariya loyihalarini takomillashtirishga sarflanadi. Kredit muddati 25 yil, bundan 5 yili imtiyozli davr hisoblanadi.
Loyihaning umumiy qiymati 60 million dollarga baholanmoqda. Yana 20 million dollar Islom taraqqiyot bankidan kreditga olinadi, 10 million dollarni qirgʻiz hukumati ajratadi.
Izoh: Oʻrta Osiyodagi chuchuk suv zahiralarining 40 foizga yaqini Qirgʻiziston hududida jamlangan boʻlishiga qaramay oddiy xalq, ayniqsa, qishloqlarda yashaydigan aholi uzoq yillardan beri ichimlik suv muammosidan qiynab keladi. Hukumat odamlarni ichimlik suvi bilan taʼminlash muammosini qarz ustiga qarz olish bilan xal etmoqchi, ammo olinayotgan qarzlar oʻz oʻrniga sarflanmay, mamlakat qarz botqogʻiga botib bormoqda. Oʻtgan yilning boshida Qirgʻiziston hukumati va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida “chekka hududlardagi oilalarni qoʻllab-quvvatlash va ichimlik suvi bilan taʼminlash” dasturi asosida 72 million yevrolik grant ajratish boʻyicha shartnoma imzolangan edi.
Joriy yilning 23-may kuni boʻlib oʻtgan “Mintaqalar uchun toza suv” forumida ishtirok etgan Sooronbay Jeyenbekov soʻzlagan nutqida “Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi va Shveytsariya Konfederatsiyasi koʻmagidagi “Taza suu” loyihasi doirasida respublikaning yigirmaga yaqin shahrida 11,2 milliard somlik yirik loyihalar amalga oshirilayotgani”ni aytib oʻtgandi.
Hukumat aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun qarz olmoqda, ammo shu bilan bir qatorda xalq manfaatlariga ziyon boʻlgan bitimlar tuzish orqali chuchuk suv zahira manbai boʻlgan muzliklarga qiron keltirmoqda. “Qumtor” oltin konini qazish ishlari davomida Davidov va Lыsыy muzliklari tez suratda erib, yoʼq boʻlib ketmoqda. Hukumat tomonidan yaqinda “Qumtor”ga qaytarib berilgan 16 ming gektar yerda uzinligi 14 kilometrdan oshiq eng yirik Petrov muzliklari bor.
Bundan tashqari, hukumat Xitoy kompaniyalari bilan konlarni oʻzlashtirish boʻyicha imzolagan shartnomalar asosida xitoylik kompaniyalar turli qazish ishlarini olib borib, turli xil kimyoviy moddalar qoʻllash orqali foydalangan suvlarni Norin daryosi kabi daryolarga oqizyapti. Buning natijasida bu suvlar hatto xayvonlar isteʼmoli uchun ham xavfli holga kelmoqda. Holbuki bu suvlar butun mintaqa aholisi uchun asosiy isteʼmol qilinadigan toza suvlar edi.
Abdurahmon Odilov