Rossiya Yevroittifoq sanktsiyalariga javob qaytarishini maʼlum qildi

442
0

Rossiya Yevroittifoq sanktsiyalariga javob qaytarishini maʼlum qildi

 Moskva Kerch boʻgʻozidagi voqea tufayli Yevroittifoq tomonidan Rossiya fuqarolariga nisbatan joriy etilgan yangi sanktsiyalarni javobsiz qoldirmaydi. Bu haqda 16 mart, shanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi saytida xabar berildi.

 “EIning noqonuniy sanktsiyalar roʻyxatiga vatandoshlarimizni kiritish uchun bahonasi oʻzining ikkiyuzlamachiligi va surbetligi bilan hayratga soladi”, – deya maʼlum qildi Tashqi ishlar vazirligi. Qayd etilishicha, bunday qaror Rossiyaning oʻz chegaralarini taʼminlash boʻyicha huquqi hurmat qilinmasligidan dalolat beradi.

 Shuningdek, vazirlikdan taʼkidlanishicha, Yevroittifoq shu tariqa Ukraina rasmiylari bilan birdam ekanini koʻrsatmoqda hamda ularni nafaqat Rossiya, balki Qora dengiz mintaqasidagi boshqa davlatlar xavfsizligiga tahdid soluvchi “provokatsion siyosatni” davom ettirishga undamoqda.

 15 mart kuni Yevroittifoq davlatlari Kerch boʻgʻozidagi hodisa tufayli rossiyalik sakkiz nafar shaxsga nisbatan yangi sanktsiyalar joriy etdi. Bundan oldin, AQSh va Kanada Ukraina sababli Rossiyaga qarshi yangi sanktsiyalar kiritgandi.

 Kanada tashqi ishlar vazirligi Kerch boʻgʻozida Ukraina kemalarining ushlanishi va Qrim sababli Rossiyaning 114 fuqarosi va 15 ta kompaniyasiga qarshi sanktsiyalar kiritdi.

 Shuningdek, AQSh moliya vazirligi Ukrainadagi vaziyat sababli Rossiyaga qarshi kiritilgan sanktsiyalarni kengaytirgan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.