Bishkekda Xitoy migrantlariga qarshi navbatdagi miting boʻlib oʻtdi

785
0

Bishkekda Xitoy migrantlariga qarshi navbatdagi miting boʻlib oʻtdi

Bishkekdagi Ala-Too maydonida xitoylik noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborish talabi bilan chiqqanlar 17-yanvar kuni navbatdagi norozilik namoyishini uyushtirishdi.

Guvohlarning aytishicha, namoyishga 500 ga yaqin odam qatnashgan. Miting uyushtiruvchilari esa namoyishga 2000 ga yaqin kishi kelganini maʼlum qilishdi.

Xitoyda qirgʻiz, uygʻur, qozoq va boshqa etnik ozchiliklarga qarshi bosimlar kuchaygani toʻgʻrisida maʼlumotlar paydo boʻlgach, Qirgʻizistonda xitoyliklarga qarshi kayfiyatlar kuchayib ketdi.

Qirgʻiziston tashqi ishlar vazirligi konsullik departamentining direktori Almaz Imangaziyev yigʻilganlar oldiga chiqib soʻzlab, internetda tarqayotgan xabarlar toʻgʻri emasligini aytdi va Qirgʻizistonga kirgan xitoy fuqarolari qonuniy yoʻl bilan kelganligini bildirdi, Biroq, namoyishchilar “xitoyliklar ishlayotgan ishxonalarga borib koʻraylik” degan talabni qoʻyishdi.

Namoyishchilar talablari yozilgan qogʻozni deputatlarga topshirmoqchi boʻlganlarni militsiya Jogorku Keneshga kirgizmadi. Namoyishchilar militsiya tomonidan qoʻlga olingan qatnashchilarni boʻshatishni, xitoy migrantlariga kvotalarni kamytirish, oʻz fikrini ochiq aytgan faollarga bosim oʻtkazishni toʻxtatishni va parlament deputatlarining sonini qisqartirishni talab qilishdi.

Soat 13:00da uyushtiruvchilar namoyish tugaganini aytib odamlarni ogohlantirishgan boʻlsada, koʻpchilik ketmadi. Shundan soʻng miting ishtirokchilarini militsiya xodimlari tarqata boshladi. “Azattiq” radiosining xabar qilishicha, bir necha fuqaro “tartib buzgani” uchun hibsga olingan.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.