Sooronbay Jeenbekov Imomali Rahmon bilan uchrashdi
Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov 1-fevral kuni Tojikistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Dushanbeda u Imomali Rahmon bilan uchrashdi va tor hamda kengaytirilgan shaklda muzokara oʻtkazdi.
Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning muzokaralarda maʼlum qilishicha, Qirgʻiziston va Tojikiston xalqlari chegara delimitatsiya qilinishi yakunlanishini kutmoqda.
“Koʻplab muhim masalalar boʻyicha qarashlarimiz va pozitsiyamiz bir xil ekani quvonarli. Hamkorlikning barcha yoʻnalishlarini faollashtirish uchun ikki tomonlama mexanizmlar faoliyati samaradorligini oshirish kerak. Shu munosabat bilan, davlatlararo muvofiqlashtiruvchi kengash, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish hamda masalalarni har tomonlama koʻrib chiqish boʻyicha Qirgʻiziston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi muntazam asosda ishlashi kerak. Bizning xalqlar uzoq vaqt davomida davlat chegarasi delimitatsiya qilinishini kutishmoqda. Qirgʻiziston-Tojikiston davlat chegarasining delimitatsiyasi va bitimni imzolash qancha tez amalga oshsa, bu chegara hududida ”xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil boʻladi”, – deya taʼkidlab oʻtdi Sooronbay Jeenbekov.
Uning qayd etishicha, shu sababdan hukumat ishchi guruhlari faoliyatini jadallashtirish va yaqin vaqt ichida Qirgʻiziston-Tojikiston davlat chegarasini tavsiflash hamda belgilashning huquqiy asoslarini yakuniy tarzda muvofiqlashtirish uchun uchrashuv oʻtkazish lozim.
Prezidentning fikricha, davlat chegaralarini qoʻriqlash, terrorizm va ekstremizm, narkotrafikka qarshi birgalikda kurashish boʻyicha samarali choralar koʻrish zarur.
Bundan tashqari, Jeenbekovning xabar berishicha, Qirgʻiziston Tojikiston bilan tovar aylanmasini oshirish niyatida.
Uning soʻzlariga qaraganda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va Qirgʻiziston hamda Tojikiston oʻrtasidagi tovar aylanmasi hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zarur.
“Men hukumatlarga, Qirgʻizistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzoligi va VSP+ maqomining mavjudligini hisobga olgan holda, tovarlar eksporti, importi hamda reeksporti sohasida hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif qilaman”, – dedi Jeenbekov.
Qirgʻiziston rahbari yaqin kelajakda Tojikiston tadbirkorlari ishtirokida Bishkekda biznes-forum oʻtkazish taklifini ilgari surdi.
Bundan tashqari, fuqarolarning oʻzaro safarlari va turizmni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Bishkek-Dushanbe-Bishkek yoʻnalishi boʻyicha mamlakatlar oʻrtasidagi parvozlar soni koʻpaytiriladi.
Imomali Rahmon esa Qirgʻiziston hamda Tojikiston muzokaralarida energetika, iqtisodiyot, chegaralar delimitatsiyasi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik masalalariga katta eʼtibor qaratilganini xabar berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, muzokaralar oʻzaro tushunish sharoitlarida oʻtkazildi. “Oʻtgan 25 yil davomida munosabatlarimiz ijobiy koʻrinish oldi, oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun zaxira shakllandi. Katta huquqiy asos bor. Oʻzaro hamkorlikning ikki tomonlama mexanizmlari yaratildi”, – dedi Imomali Rahmon.
“Biz barcha darajalarda doimiy muloqot muhimligini taʼkidladik. Shu bilan birga, iqtisodiy jihatning ahamiyati qayd etildi. Soʻnggi yillarda tovar aylanmasi deyarli ikki barobarga oshdi. Suv resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, CASA-1000 loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ishonchim komilki, u boshqa sohalarda ham hamkorlikni mustahkamlaydi”, – deya taʼkidlab oʻtdi Imomali Rahmon.