Kurdiston va Erondagi siyosiy voqealar rivoji

579
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيم

Savolga javob

Kurdiston va Erondagi siyosiy voqealar rivoji

Savol:

Eron 2018 yil 6 yanvar kuni Kurdiston viloyatini Erondagi norozilik namoyishlari ortida turganlikda aybladi. Ertasiga Kurdiston viloyati bu ayblovni rad qilib chiqdi. Shuni ham aytib oʻtish kerakki, 2017 yil 19 dekabr kuni Kurdiston viloyatida, asosan, Sulaymoniya muhofazasida yirik namoyishlar boʻlib oʻtdi va bu namoyishlarda Eronning roli bor, degan xabarlar tarqadi. Shundan kelib chiqib, Sulaymoniya muhofazasining Erondagi namoyishlarga yoki bu ikkisining bir-biriga aloqasi boʻlgan deb ayta olamizmi? Boshqacha ibora bilan aytganda:

Eronda sodir boʻlgan va sodir boʻlayotgan ishlar bilan Kurdiston viloyatida sodir boʻlgan ishlarni bir harakat va ayni harakatga qarshi reaktsiya, deyish mumkinmi?
Bu ikkisi oʻz-oʻzidan kelib chiqqan harakatmi yoki tashqaridan harakatlantirilganmi?
Tashqaridan harakatlantirilgan boʻlsa, u holda, kim harakatlantirgan va namoyishlarni qoʻzgʻashdan maqsad Eron bilan Kurdiston viloyatidagi rejimlarni oʻzgartirishmi? Alloh Sizdan rozi boʻlsin!
Javob:

Ikkala hodisani bir harakat va ayni harakatga qarshi reaktsiya, deb boʻlmaydi. Uning Arbilni ayblashi ham oʻz-oʻzidan sodir boʻlgan hodisalar natijasidagi koʻr-koʻrona siyosatdan (dovdirab qolishdan) boshqa narsa emas. Erondagi hodisalar ortida Arbil turmaganining sababi shuki, hozirda Arbil oʻz vujudiga xavf solayotgan inqiroz bilan band. U hozirgi sharoitida Eron koʻchalarida namoyish keltirib chiqarishga kuchi yetmaydi! Eronning dovdirab qolgani bir necha tomonlarga ayblov toshini otganidan ham koʻrinib turibdi. Masalan, Eron rasmiylari xorijiy kuchlarni ayblab chiqdi. Juma kuni Eroning BMTdagi vakili Gʻulomali Xushru ham “Eron namoyishchilarning xorijdan ochiqdan-ochiq koʻrsatmalar olgani haqidagi kuchli dalillarga ega”, dedi. (Bi-Bi-Si arabiy, 2018 yil 7 yanvar). Shuning uchun Eron dovdirab qolgani uchun ham Arbilni aybladi. Misol uchun, “Kecha 2018 yil 6 yanvar kuni Eron hukumatining muvofiqlashtiruvchi kengashi kotibi Muhsin Rizoiy Erondagi hodisalar stsenariysi Iroq Kurdistoni viloyati Arbil tomonidan ishlab chiqilgan, deya bayonot berdi…”. (Rusiyal Yavm, 2018 yil 7 yanvar). Kurdiston viloyati bu ayblovning oʻz hukumati matbuot voizi Sven Dziya tilidan yuqorida aytganimizdek rad etdi. Shunday qilib, bu masala bir harakat va ayni harakatga qarshi reaktsiya emas. Qolaversa, har bir ishning oʻz maqsadi va shart-sharoitlari boʻladi. Biroq, Eron va Kurdistondagi hodisalar oʻz-oʻzidan boshlandi. Keyin hodisalar oqimiga qarab  bu ikki yurtga aloqador maqsadlarini qoʻlga kiritishni istagan xorijiy omillar har tomonlama qurshab oldi. Buni quyidagicha bayon qilamiz:

Birinchi, Kurdiston viloyatidagi voqealar

Turli axborot agentliklari xabariga koʻra, 2017 yil 19 dekabrda Sulaymoniyada bir necha oydan beri maoshlarini ololmayotgan ishchi va oʻqituvchilarning norozilik namoyishlari alanga oldi. Soʻng namoyishlar butun Sulaymoniya muhofazasi boʻylab yoyilib, boshqa mintaqalarga, shu jumladan Arbilning bir qismiga ulanib ketdi… Namoyishlarga odamlarning bu darajada tez qoʻshilib ketishi – viloyatning iqtisodiy ishlari juda tang ahvolda ekanini koʻrsatadi. Bu tanglik – Bagʻdod Kirkuk muhofazasini oʻz nazoratiga olishi oqibatida, yirik neft resurslarining Kurdiston viloyatida kamayib ketishi ortidan yuz berdi. Shuningdek, xususan, Bagʻdod tomonidan viloyatga boshqa turli bosimlar ham boʻldi, masalan, Arbil va Sulaymoniya aeroportlari xorijiy reyslar uchun yopib qoʻyildi. Bu esa, xorijga safar qilmoqchi boʻlgan fuqarolar oldida qiyinchilik tugʻdirib, ularni Bagʻdoddagi xalqaro aeroport orqali uchishga majbur qildi. Oʻz navbatida, mahalliy hukumat mulozimlarining korruptsiyada va Kurdiston viloyati boyliklarini talon-taroj qilishda ayblanishlari voqealar surʼatini yanada oshirdi. Namoyishlar – ayniqsa, Masʼud Barzoniy va uning Kurdiston Demokratik Partiyasiga qarshi boʻlgan hamda kurd partiyalari nufuzi yuqori boʻlgan mintaqalarda – xashakka tushgan oʻt kabi bir zumda tarqalib ketdi. Yashash sharoitining yanada qiyinlashishiga olib kelgan narsalardan biri, kurd oilalarining mahalliy qarshilik harakatlaridan xavfsirab, Kirkuk… kabi yerlardan Kurdiston viloyatiga koʻchib kelishlari boʻldi… Mana shularning barchasi ayni norozilik harakatlari oʻz-oʻzidan kelib chiqqaniga dalolat qilmoqda.
Bu namoyishlar, asosan, Masʼud Barzoniy va uning Kurdiston Demokratik Partiyasi hukmronligi ostidagi Arbil hukumatiga qarshi kelib chiqdi. Chunki Barzoniy Kurdiston prezidentligidan boʻshatilgan boʻlsa-da, amakivachchasi Nichervan Barzoniy ortiga yashirinib ish qilmoqda. Namoyishning Arbil hukumatiga qarshi qaratilganini bir necha jihatlardan tushunish mumkin:
a)   Namoyishlar Birinchi Sulaymoniya muhofazasidan boshlandi. Bu muhofazani inglizlar malayi Masʼud Barzoniyga qarshi boʻlgan harakat va partiyalar nazorat qiladi. Demak, Oʻzgartirish harakatining vatani Sulaymoniyadir. Shuningdek, Milliy Ittifoq partiyasidagi Talaboniy qanotining vatani ham Sulaymoniyadir. Bu partiyalarning barchasi, garchi ularning oqimini butkul nazoratda ushlab tura olmasa-da namoyishlar keltirib chiqarish va uyushtirishga qodir.

b)   Nichervan bergan bayonotdan goʻyo namoyishlar uning hukumatiga qarshi qaratilganini tushunsa boʻladi. Kurdcha Basnews saytiga koʻra, “Kurdiston viloyati bosh vaziri Nichervan Barzoniy – viloyatga qarshi hech kim tasavvur qila olmaydigan ulkan til biriktiruv mavjud ekanidan ogohlantirdi. Soʻng “Viloyat barqarorligini buzishni va namoyishlarni izdan chiqarib, zoʻravonlik keltirib chiqarishni istovchi tomonlar” borligini taʼkidladi. Nichervan Barzoniy shuningdek, “Kurdistonda beqarorlik keltirib chiqarishga urinayotgan yashirin “qoʻllar” bor, biz buning oldini olishga harakat qilishda davom etamiz”, dedi. U “Bu harakatlar boshboshdoqlik sari olib ketmoqda. Biroq mintaqadagi xavfsizlik organlari bunday holatlarni keskinlik bilan qarshilaydi” deya, ismini ochiqlamagan ayni “qoʻllar”ga ishora qildi. Soʻng “Qarshimizda jiddiy tahdid va hech kim tasavvur qila olmaydigan yomon fitna turibdi. Zero, Sulaymoniya muhofazasida sodir boʻlgan ish, xavfsizlik va barqarorlikni izdan chiqarishga urinishdir”, deya barchani saflarni birlashtirib, bunday holatni yengib oʻtishga chaqirdi”. (Basnews sayti, 2017 yil 21 dekabr). Bosh vazir bu bilan referendumga Sulaymoniyada qattiq qarshilik qilgan kurd partiyalariga hamda amerikaliklar va ularning poytaxt Bagʻdod va Erondagi tarafdorlari bilan boʻlgan aloqalarga ishora qilyapti. Barzoniy hukumatiga qarshi norozilik namoyishlarini uyushtirayotgan partiyalardan biri Oʻzgartirish harakatidir. U Kurdiston Milliy Ittifoq partiyasidan ajralib chiqqandan soʻng 2009 yilgi saylovlar ortidan yurtdagi ikkinchi siyosiy kuchga aylangan edi. Kavron rahbarligidagi Oʻzgartirish harakati bilan Jamoati Islomiya norozilik namoyishlari asnosida Arbil hukumatini tark etdi. Jamoati Islomiyadagi yetakchilardan biri Yosin Hasan Al-Jaziraga bergan intervьyusida “Namoyishchilarga qarshi oʻq uzilganidan soʻng Jamoati Islomiya bilan Oʻzgartirish harakati bunday hukumatni butkul tark qilishga qaror qildi. Biz hukumat darhol oʻzini oʻzi tarqatib yuborishini va Milliy Qutqaruv hukumati tuzishni talab qilamiz”, dedi. (Al-Jazira net, 2017 yil 21 dekabr). Oʻzgartirish harakati yetakchilaridan biri Iroq Kurdistoni viloyati parlamenti raisi Yusuf Muhammad hukumatning namoyishlarga nisbatan pozitsiyasini zaiflashtirish maqsadida oʻz isteʼfosini eʼlon qildi. “Bi-Bi-Si” 2017 yil 26 dekabrda bunday xabar qiladi: “Iroq Kurdistoni viloyati parlamenti raisi Yusuf Muhammad hukumatga norozilik sifatida oʻz isteʼfosini eʼlon qildi hamda qonuniy hokimiyatni maʼlum jinoyatchi mulozimlar toʻdasi egallab olganini taʼkidladi. Yusuf Muhammad bu toʻdani tanqid qilib, “Ular siyosat, iqtisod, yer, boyliklar va boshqa hayotiy sohalarni monopoliya qilib olishgan boʻlib, buning oʻrniga bu narsalarni viloyatda adolat bilan taqsimlashlari lozim edi” dedi. Uning aytishicha, Qoʻshma Shtatlar pozitsiyasi referendumni rad etishdan iborat boʻlgan va buni AQSh tashqi ishlar vaziri Reks Tillerson yoʻllagan maktubdan bilib olish mumkin. Ammo tarixda oltin fursat boʻlgan bunday pozitsiyani viloyat hukumati zoye ketkazdi”. (Bi-Bi-Si 2017 yil 26 dekabr). Bu Yusuf Muhammad bilan Oʻzgartirish harakatining tobeligini koʻrsatadi.

Shunday qilib, demak, norozilik namoyishlari Barzoniyning Kurd Demokratlar Partiyasiga qarshi partiyalar nazorat qiluvchi Sulaymoniya muhofazasidan boshlandi, unda shu partiyalar yetakchilari ham ishtirok etishdi, ulardan ayrimlarini xavfsizlik kuchlari qamoqqa oldi, keyin bu partiyalar Arbil hukumatini zaiflashtirish maqsadida undan chiqib olishdi va bu hukumatni tarqalishini talab qilishdi… Saylovlar belgilangan vaqtdan bir necha oy oldin parlament raisi isteʼfo berdi, shuningdek, Bagʻdoddagi Ibodiy hukumati ishga aralashish bilan tahdid qildi… Bularning barchasi shunga dalolat qiladiki, boshida namoyishlar oʻz-oʻzidan tabiiy kelib chiqqan boʻlsa-da, biroq ikkinchi bir holat Kurdiston viloyati bilan bogʻliq maqsadlarni amalga oshirish uchun ayni tabiiylikni xorijiy turtkilar asosida jilovlab oldi.
Bu ikkinchi holat Kurdistondagi Barzoniy nufuziga qarshi boʻlgan mahalliy jamoalar bosimi hamda Arbildagi Barzoniy hukumatini agʻdarishga qaratilgan Bagʻdod bosimlari natijasida kelib chiqdi. Bundan tashqari, Turkiya, Eron va Bagʻdodda – Kurdistonning ajralib chiqishi bilan bogʻliq referendumga masʼul boʻlgan shaxslarni jazolash kerak, degan gap-soʻzlar ham quloqqa chalinayotgan edi. Ayni partiya va rejimlarning barchasi Amerikaga tobe ekanini hisobga oladigan boʻlsak, mintaqa bilan bogʻliq Tramp maʼmuriyati siyosatida quyidagilarni kuzatish mumkin: yaʼni, Tramp maʼmuriyati “birinchi Amerika”, degan shior asosida harakat qilyapti. U inglizlar malaylari mavjud boʻlgan mintaqalarda oʻz siyosatining nufuzli boʻlishi bilangina kifoyalanmay, manfaatlari taqozo qilgan paytda, ularni jazolashga, hatto yoʻq qilishga ham kirishdi. Bunday holatga Saudiyada korruptsiyaga qarshi kampaniya doirasida hamda Solih oʻldirilganidan soʻng Sanʼoda Xalq Kongressi partiyasi yetakchilari bilan bogʻliq roʻy berayotgan hodisalarda guvoh boʻlib turibmiz. Shuning uchun Amerika oʻzining mahalliy va regional malaylarini Barzoniy hukumatiga – uni agʻdarish va Arbil hukumatidagi inglizlar hukmronligiga yakun yasash uchun – bosim oʻtkazishga undayapti. Agar uni agʻdarishga yaqin orada qodir boʻlmasa, tinimsiz bosimlar bilan bunga zamin tayyorlamoqda.

Kurdistonda boʻlgan va boʻlayotgan ishlar haqida kuchliroq taxmin man shu.

Ikkinchi, Eron voqealari

2017 yil 28 dekabrda portlagan norozilik namoyishlari – iqtisodiy vaziyat, odamlarning yashash sharoiti, yuqori darajadagi ishsizlik, qashshoqlik va qimmatchilik sababli kelib chiqdi. Hisobotlarga koʻra, bugun Eronda ishsizlik nisbati koʻtarilib ketgan. Eron ichki ishlar vaziri Abdurizo Rahmoniy Fazliy 2017 yil 1 oktyabrda bergan matbuot konferentsiyasida bunday dedi: “Hozirda ishsizlik nisbati 12 %ga yetdi, yurtning arablar yashaydigan Ahvoz, kurdlar yashaydigan Kirmonshox va Balujiston kabi ayrim shaharlarida bu nisbat 60 %dan oshib ketgan. Ilmiy daraja egalari hamda universitet bitiruvchilari oʻrtasidagi ishsizlik juda yuqori”. (Arabiyya, 2017 yil 2 oktyabr). Hisobotlarga koʻra, universitet bitiruvchilarining 21 %i ishsiz, 15 % eronlik qashshoqlik darajasidan ham past sharoitda kun kechiradi. Bu esa, xuddi kapitalistik tuzumni tatbiq qiluvchi boshqa barcha yurtlar kabi, Eronda ham ayni tuzumning tatbiq etilishi yurtdagi oddiy insonlarga salbiy taʼsir qilganini anglatadi. Bundan tashqari, boylik adolatsiz taqsimlanib, bir guruh boylar qoʻlida toʻplanib qolgan va boshqa juda koʻp insonlar undan mahrumdirlar… Qashshoqlik masalasi mutlaqo hal etilmaydi. Banklarning hammasi sudxoʻrlik asosida ishlaydi. Xalqaro Valyuta Fondining siyosat va koʻrsatmalarining zolimona natijasi oʻlaroq, yurtda kapitalistik soliqlar tizimi tatbiq etilmoqda. Soʻnggi hodisalardan oldin, 2017 yil 18 dekabrda Xalqaro Valyuta Fondidan bir guruh delegatsiya Tehronga keldi. Bu delegatsiya har yili Eron hukumati bilan maslahatlashuv yigʻini oʻtkazadi. Yigʻinda delegatsiya raisasi Katriona Purfild maʼruza qilib, eronlik masʼullarga bunday dedi: “Hozir bu yerdagi vaziyatga ishonib boʻlmaydi, Eron moliya tizimi xavf ostida qolgan, bunday paytda hukumat banklar va kredit muassasalarini tashkillashtirish va kapitallashtirish faoliyatini qayta koʻrib chiqishi lozim”. Keyin “Birinchi galda, zudlik bilan aktivlar sifatini tekshirish, shunga aloqador kontragent kreditlarini baholash, banklarni kapitallashtirish va muammoli qarzlarni muolaja qilish uchun vaqt boʻyicha harakat rejasini ishlab chiqish zarur”ligini taʼkidladi. (Eron global rasmiy sahifasi, 2017 yil 19 dekabr). Shubhasiz, hukumatning ayni talablarni ijro etishi, qimmatchilik, ishsizlik va qashshoqlik keltirib chiqaradi, odamlar juda nochor ahvolga tushadilar, keyin esa, rejimga qarshi qoʻzgʻalib, turli yoʻllar bilan oʻz qiyinchiliklarini ifodalaydilar.
Erondagi norozilik namoyishlari mana shunday kelib chiqdi. Yurt sharqidagi Mashhad shahridan boshlangan bu namoyishlar daʼvati “yoʻqolsin qimmatchilik”, degan shiorlardan iborat boʻldi. Lekin Mashhadga cheklanib qolmay, surʼat bilan boshqa shaharlarga ham koʻchdi va bu shaharu baladiyalar soni 80dan ortib ketdi. Namoyishlarda rahbarlarning korruptsiyasi, ishsizlik hamda kambagʻallar bilan boylar oʻrtasidagi farqning kengayishiga nisbatan gʻazablangan minglab yoshlar va ishchilar sinfi ishtirok etdi. Erondagi “Shaffoflik va adolat monitoringi” tashkilotining idoriy kengashi rahbari Ahmad Tavakkaliy 2017 yil 30 dekabrda “Fors” axborot agentligiga bergan intervьyusida bunday dedi: “Bu norozilik namoyishlari uch omil oqibatida kelib chiqdi: birinchi: Xalqaro Valyuta Fondining shafqatsiz iqtisodiy tartibga solish siyosatini qabul qilish, ikkinchi: hukumat va masʼullarning iqtisodiy muammolarni hal etishdagi zaifliklari va nihoyat: hukumatning shaffoflikdan va qabul qilgan qarorlariga javob berishdan qochishi”. Agar bunga Eronning Livan, Suriya va Yaman kabi yurtlardagi jangarilari va agentlariga sarflayotgan xorijiy xarajatlari qoʻshiladigan boʻlsa, bu muammoni battar murakkablashtirib, eronliklar gardaniga qoʻshimcha yuk boʻlib tushgani va bu narsalar norozilik namoyishlari qilishga odamlarni majbur qilgani maʼlum boʻladi. Ular hatto rejimni oʻz xalqiga xiyonat qilganlikda ham aybladilar: “Koʻpchilik eronliklar hukumatlarining Gʻazodagi Hamasga, Livandagi Hizbullohga, Suriyadagi Asad rejimiga va Yamandagi Husiylarga yordam berishlarini, notoʻgʻrigina emas balki xoinlik, deb hisoblaydilar”. (Arabiy 21, 2018 yil 1 yanvar). Bulardan Erondagi namoyishlarning iqtisodiy omil sababli oʻz-oʻzidan tabiiy kelib chiqqani ochiq koʻrinib turibdi. Biroq rejim bunga kuch bilan javob qaytardi va oqibatda oʻlganlar, jarohatlanganlar boʻldi. “Ayrim hisobotlarda 28 dekabr namoyishlari boshlangandan soʻng hibsga olinganlar soni 1700dan ortib ketgani aytiladi”. (Bi-Bi-Si Arabiy, 2018 yil 7 yanvar).
Maʼlumki, har qanday norozilik namoyishini agar toʻgʻri hal etish kechikib ketadigan boʻlsa, ayniqsa, uni kuch bilan hal etiladigan boʻlsa, oʻz ortidan u siyosiy norozilik namoyishlarini olib keladi. Haqiqatda ham shunday boʻldi. Iqtisodiy shiorlar ortidan rejim va rahbarlarga qarshi siyosiy shiorlar ham koʻtarib chiqildi. Namoyishchilar rejimni tanqid qilib, uni mintaqa urushlariga aralashishda hamda bu urushlarga milliardlab dollarlarni sarflashda aybladilar. Bu norozilik namoyishlarida rejimga qarshi siyosiy tendentsiyalar hamda rejim strukturasi va rahbarlarga qarshi chiqish muhiti hukmron boʻldi. Ana shunda Yevropa bilan Amerika ayni hodisalardan foydalanishga kirishdi. Yevropa axborot vositalarida, xususan, Britaniya radio-televideniyesi kabi ingliz tilidagi axborot vositalarida Erondagi namoyishlarga targʻibot boshlandi. Oʻz navbatida, Frantsiya prezidenti Makron “Hayot” gazetasining Erondagi voqealar haqidagi savoliga bunday javob berdi: “Bu namoyishlar Eron fuqarolik jamiyatining ochiqligini aks ettirmoqda. Bu narsa meni prezident Ruhoniy bilan telefon orqali bogʻlanishga undadi. Men unga zoʻravonlikdan saqlanish va fuqarolarga soʻz erkinligini qoʻyib berish zarurligini eslatdim. Biz Eronning namoyishchilar talablarini qondirishi orqali kerakli ochiqlikni namoyish qilishiga muntazirmiz. Ana shundagina ishlar jarayoniga baho bera olamiz. Frantsiya tashqi ishlar vaziri Le Drianning belgilangan Eron safariga, undan keyin oʻzimning safarimga hozirlik koʻrayotgan ekanman, Eronni doimiy muloqotga daʼvat qilaman”. (Hayot gazetasi, 2018 yil 4 yanvar).
Lekin liniyaga AQShning kirgani, toʻxtalishga arziydi. Prezident Tramp Tvitter sahifasida yozishni boshladi. U 2018 yil 1 yanvar kungi yozuvida bunday dedi: “Buyuk Eron xalqi yillar mobaynida repressiya ostida yashadi. U oziq-ovqat va erkinlikka chanqoq. Eron boyliklari talon-taroj etilmoqda, inson huquqlari buzilmoqda, oʻzgartirish vaqti keldi. Obama maʼmuriyati imzolagan dahshatli bitimga qaramay, Eron har sohada muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda”. Oq uy matbuot sekretari “Tramp maʼmuriyati Eron rejimining minglab namoyishchilarni qamoqqa olganini ifodalovchi maqolalar oldida chuqur xavotir his qilmoqda”, deya bayonot berdi. Soʻng “Biz Eron diktatorlariga oʻz fuqarolarining asosiy haq-huquqlarini bostirishiga aslo jim qarab turmaymiz, bu rejim har bir qonunbuzarliklari uchun albatta javob beradi”. (Iroq elektron sahifasi, 2018 yil 10 yanvar), deya qoʻshimcha qildi. Shu tarzda Donalьd Tramp yetakchiligida koʻplab amerikalik masʼullar eronlik namoyishchilarni birinchi kundan boshlab hukumatga qarshi ochiqdan-ochiq qoʻllab-quvvatlashdi. “AQShning BMTdagi doimiy vakilasi Nikki Xeyli juma kuni Xavfsizlik Kengashi oldida Vashingtonning eronlik namoyishchilar tomonida turganini taʼkidlar ekan, “Ular oʻzlari uchun erkinlik, oilalari uchun farovonlik va millatlari uchun hurmat-izzat talab qilmoqdalar”, dedi. Vashington tomonidan Xavfsizlik Kengashining tezkor yigʻiniga chaqirilishi kengashning boshqa aʼzolarini, jumladan, Rossiyani jahlini chiqardi va Rossiya vakili Erondagi norozilik namoyishlarini “uning ichki ishi”, deb baholadi. (Bi-Bi-Si arabiy, 2018 yil 7 dekabr”. Vashingtonning Xavfsizlik Kengashi yigʻinini chaqirishi Amerikaning Erondagi namoyishlar toʻlqinini jilovlab olganiga dalolat qiladi. Tezkor chaqirigʻi esa, Xavfsizlik Kengashi aʼzolari uchun kutilmagan hol boʻldi: “Bi-Bi-Si muxbiri Barbara Plettga koʻra, Erondagi norozilik namoyishlarini muhokama qilish uchun Xeylining tezkor Xavfsizlik kengashini chaqirishi Kengash aʼzolari uchun kutilmagan hol boʻldi. AQSh Rossiyaning yigʻinga nisbatan noroziligiga qarshi bosim oʻtkazishga majbur boʻldi. Qoʻshma Shtatlar vakili Vashingtonning eronlik namoyishchilar tomonida turganini taʼkidlar ekan, jumladan bunday dedi: “Ular oʻzlari uchun erkinlik, oilalari uchun farovonlik va millatlari uchun hurmat-izzat talab qilmoqdalar”. (Bi-Bi-Si Arabiy, 2018 yil 6 yanvar).
Shu yerda oʻz-oʻzidan bir savol tugʻiladi: Amerika Erondagi namoyishlarni qoʻllab-quvvatlayotgani uning Eron rejimini agʻdarishga harakat qilayotganini anglatadimi? Yoki u yerdagi namoyishlarni jilovlab olish orqali unda boshqa biror maqsad bormi? Bunga quyidagicha javob beramiz:
Amerikaning Erondagi harakatlarni qoʻllab-quvvatlayotgani rejimni agʻdarishga qaratilgan, degan gap haqiqatdan uzoq boʻlib, bu narsa oʻsha gapni gapirganlardan chiqqan, xolos. Darhaqiqat, Hayot gazetasining 2018 yil 4 yanvar kungi sonida AQSh tashqi ishlar vazirining Iroq va Eron masalalari boʻyicha yordamchisi Andrey Peyekning “… Biz faqat namoyishchilarni himoya qilish va huquqlarini hurmat qilish haqida gapiryapmiz, va nihoyat, rejimning koʻplab sohalarda, ayniqsa, namoyishchilarga nisbatan oʻz xatti-harakatini oʻzgartirishini istaymiz, AQSh maʼmuriyati rejimning xatti-harakatida oʻzgarish boʻlishini istaydi, Eron rejimida emas”, degan soʻzlari nashr qilindi. Ha, biz uchun Amerikaning Eron rejimiga nisbatan roli maʼlum. 2013 yil 21 avgustdagi savolga javob nashramizda bunday degan edik: “Amerikaning Eron inqilobidagi roli boshidanoq aniq edi… Eronining mintaqadagi barcha siyosiy faoliyatlari Amerika loyihasiga muvofiq va u bilan hamohang ravishda olib borildi”. Shuningdek, 2017 yil 23 fevraldagi savolga javob nashramizda ham bunday degandik: “Shunday qilib, Eroning mintaqadagi roli, puxta oʻrganilgan Amerika siyosatidir va vaziyatga qarab Amerika siyosati talablariga muvofiq bu rolь qisqarib-kengayib turadi”. Demak, Amerikaning Erondagi norozilik namoyishlarini ochiq qoʻllab-quvvatlayotgani u yerdagi mavjud rejimni agʻdarishga qaratilgan emas.

U holda, nima sababdan Amerika namoyishlar toʻlqiniga xuddi yoʻqotgan narsasini topgandek mahkam yopishib oldi? Buning ikki sababi bor:
Birinchi: Jamoatchilik eʼtiborini Falastin va Trampning Quddus toʻgʻrisidagi bayonotidan burib, Eron mavzusi bilan band qilib qoʻyish. Ana shunda Eron mintaqadagi birinchi dushmanga aylanadi… Keyin barcha diqqat-eʼtibor Eronga qaratilib, Falastinni bosib olgan yahudiylar vujudi qolib ketdi.

Ikkinchi: Qoʻshma Shtatlar Eronga qarshi turibdi, uning xavfidan boshqalarni himoya qilyapti degan hujjat bilan Amerikaning mintaqadagi malaylarini saqlab qolish uchun bir bahona oʻylab topish. Chunki moʻminlarga eng qattiq adovat qiluvchi yahudiylar davlatiga Quddusni poytaxt qilib berish toʻgʻrisidagi Tramp bayonoti – 2017 yil 7 dekabrdagi varaqamizda aytganimizdek – Amerika malaylari ketiga beriladigan tepkidir. Zotan, Quddus musulmonlar qalbida va yuragidadir. Anavi malaylarning Tramp bayonotiga sukut qilib, yana unga malaylik qilish va doʻstlashishda davom etishlari esa, eng yomon sharmandalikdir. Shu bois, Trampning Eronga qarshi qaratilgan bayonotlari xuddi choʻkayotgan odam choʻpga osilgani kabi, hukmdorlarning ham – Trampning Quddus haqida bergan bayonotlariga qaramay – Amerikaga malay boʻlib qolishlarini oqlash uchun bir bahona boʻldi. Bu narsa ularning eng katta dushman Eronga Amerika qarshi turibdi, degan gaplaridan koʻrinib turibdi. Bunday bahona esa, eng jirkanch gunohdir.

 قَاتَلَهُمُ اللَّهُ أَنَّى يُؤْفَكُونَ 

“Ularga Allohning laʼnati boʻlsin, qanday adashmoqdalar-a” [Tavba 30]

Eronda boʻlgan va boʻlayotgan norozilik namoyishlari, tashqi bayonotlar, xususan Amerika bayonotlari toʻgʻrisidagi koʻproq taxmin man shu.

Soʻzimiz nihoyasida shuni aytmoqchimizki, mustamlakachi kofir davlatlarning islomiy yurtlar taqdiri bilan oʻynashishlariga birdan-bir sababchi mana shu ruvaybiza hukmdorlardir. Ular shu kofir davlatlar buyrugʻini qabul qilib, Islom va musulmonlar dushmanlari bilan doʻstlashishmoqda. Vaholanki, imom Ahmad oʻzining “Musnad”ida Abu Hurayra roziyallohu anhudan chiqargan (rivoyat qilgan) hadisida Rosululloh ﷺ bundan ogohlantirganlar:

“إِنَّهَا سَتَأْتِي عَلَى النَّاسِ سِنُونَ خَدَّاعَةٌ يُصَدَّقُ فِيهَا الْكَاذِبُ وَيُكَذَّبُ فِيهَا الصَّادِقُ وَيُؤْتَمَنُ فِيهَا الْخَائِنُ وَيُخَوَّنُ فِيهَا الْأَمِينُ وَيَنْطِقُ فِيهَا الرُّوَيْبِضَةُ قِيلَ وَمَا الرُّوَيْبِضَةُ قَالَ السَّفِيهُ يَتَكَلَّمُ فِى أَمْرِ الْعَامَّةِ”

“Albatta, insonlarga aldamchi yillar keladi. U yillarda yolgʻonchi rostgoʻyga, rostgoʻy esa yolgʻonchiga chiqariladi, xoinga omonat topshiriladi, omonatgoʻy xoinga chiqariladi. U yillarda ruvaybiza nutq soʻzlayi. Ruvaybiza kim? deb soʻraldi. Shunda Rosululloh: Omma ishi xususida nutq soʻzlovchi tentakdir, dedilar”. Hokim ham bu rivoyatni “Mustadrak”da rivoyat qilgan va (bu isnodi sahih hadisdir), degan.

Demak, Ummatning ushbu musibati hukmdorlardir. Biroq, Ummat insonlar uchun chiqarilgan eng yaxshi Ummatdir. Shu bois – Allohning izni ila – bu ruvaybiza jobir hukmdorlar jabriga Ummat uzoq vaqt sukut qilmaydi. Darhaqiqat, Rosululloh ﷺ bunday jobir podshoh zamonidan soʻng roshid Xalifalik qaytishini bashorat qilganlar. Imom Ahmad va Tayolisiy “Musnad”ida Huzayfa ibn Yamondan bunday rivoyat qiladi:

“ثُمَّ تَكُونُ مُلْكًا جَبْرِيَّةً، فَتَكُونُ مَا شَاءَ اللهُ أَنْ تَكُونَ، ثُمَّ يَرْفَعُهَا إِذَا شَاءَ أَنْ يَرْفَعَهَا. ثُمَّ تَكُونُ خِلاَفَةً عَلَى مِنْهَاجِ النُّبُوَّةِ”

“Soʻng zolim-zoʻravon podshohlik boʻladi va u Alloh xohlagancha davom etadi. Soʻng Alloh Oʻzi xohlaganda uni koʻtaradi. Soʻng paygʻambarlik minhoji asosidagi Xalifalik boʻladi”.

وَيَقُولُونَ مَتَى هُوَ قُلْ عَسَى أَنْ يَكُونَ قَرِيبًا

“Ular: “U (kun) qachon boʻlur?” deb (soʻraydilar). “Shoyadki yaqin boʻlsa”, deb ayting!” [Isro 51]

24 robius-soniy 1439h

11 yanvar 2018m

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.