Markaziy Osiyo boʻyicha Samarqandda oʻtadigan konferentsiyaga 500 dan ziyod odam keladi

912
0

Markaziy Osiyo boʻyicha Samarqandda oʻtadigan konferentsiyaga 500 dan ziyod odam keladi

 Samarqand shahrida 2017 yil 10-11 noyabr kunlari BMT shafeligida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzuida xalqaro konferentsiya boʻlib oʻtadi, deya xabar beradi Oʻzbekiston TIV matbuot xizmati.

 Konferentsiya ishida 500 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari, MDH, Yevropa, Osiyo va Amerika davlatlarining nufuzli rasmiy delegatsiyalari, BMT, YeI, YeXHT, ShHT, MDH, YeTTB kabi 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar rahbariyati, 100 ga yaqin taniqli xalqaro ekspertlar va yetakchi xorijiy OAV vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus aʼzolari qatnashadi.

 Ikki kun davom etadigan forum Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, ekologiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik surʼatini oshirishning aniq yoʻnalishlari, shuningdek, taraqqiyot boʻyicha hududiy loyihalarni amalga oshirish hamda zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda mamlakatlar salohiyatini yuksaltirishga koʻmaklashishda xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlarning oʻrnini muhokama qilish imkonini beradi.

 Forum dasturiga muvofiq, BMT bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha yordamchisi Miroslav Yencha, BMT bosh kotibi yordamchisi, BMT taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH davlatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Jihan Sultanoglu, YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Federika Mogerini, Xalqaro hamkorlik va taraqqiyot boʻyicha Yevropa komissari Neven Mimitsa, YeXHT Bosh kotibi Tomas Greminger, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov va boshqa xalqaro tuzilmalar rahbarlari ishtirokchilarga murojaat qiladi.

 Konferentsiya Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilmoqda.

 Manba: “Fargʻona”  axborot agentligi

 

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.