Ozodlik saytining yozishicha, Ozodlikka Rossiyadan bog’langan o’zbekistonlik yigit Qarshidagi 64/33 sonli qamoqxonadagi dindor mahbuslardan xabar olibkelganini aytgan.
Ismi sir qolishi sharti bilan ozodlikka so’zlagan bu yigit so’nggi ikki oydan buyon bu qamoqxonada jazo muddatini o’tayotgan dindor mahbuslar tergov izolyatorida bittama-bitta kaltaklanayotgani va qiynoqqa solishda retsidivist mahkumlar “xizmatidan” foylanilayotgani haqida gapirgan. Hizbut-Tahrir yigitlarini kaltaklayotgan mahbuslar o’zlarini tanib qolmasligi uchun yuzlariga niqob taqib olishar ekan.
Uning aytishicha, zonadagi mahbuslar o’zlarini ommaviy tarzda qiynoqqa solish ishlariga boshchi bo’layotgan shaxslarga oid ma’lumotlarni ham oshkor qilishni so’ragan.
– Qarshidagi 33-zonada o’tirgan mahbuslarni, ayniqsa, siyosiy, 159-modda bilan qamalgan mahbuslarni qattiq qiynashyapti ekan. Zamnachalnik Bahrom, degani va qamoqxonadagi operlarning boshliqlari qattiq zulmlarni qo’llayotgan ekan. Mahbuslarni bittama-bitta izolyatorda o’ladigan darajada urib, sanchastga tiqayotgan ekan. Urayotganlar yuziga maska kiyib olgan loxmachlar, aristonlar ekan ko’proq,- deydi u ozodlikka.
Uning so’zlariga ko’ra, dindor mahbuslarga nisbatan qiynoqning kuchayishi bundan ikki oy muqaddam boshlangan.
– Shunaqa tepadan buyruq bo’lgan shekilli. Asosan, shu Hizbut-Tahrirda ayblangan mahbuslarni qiynashyapti ekan. Yo’lidan qaytarish uchun sindirish bo’layapti ekan. Shunga mahbuslar Ozodlikka xabar chiqaraylik, deyishibdi. Menga o’sha zonada o’tirganlardan birining opasi shu xabarni etkazdi,- deydi o’zbekistonlik yigit.