Endryus harbiy sammitidan koʻzlangan maqsadlar
AQShning Merilend shtatida joylashgan Endryus havo bazasi joriy yilning 20-21 iyul kunlari harbiy sammitga guvoh boʻldi. Mudofaa vazirlari, tashqi ishlar vazirlari, AQSh yetakchiligidagi NATOga aʼzo oʻttizdan ziyod davlatdan harbiy qoʻmondonlar ishtirok etgan bu sammit bu turdagi sammitlarning birinchisidir. Bu sammit ularning daʼvosicha Islomiy Davlat tashkilotini magʻlubiyatga uchratish uchun keng qamrovli strategiyani belgilash maqsadida oʻtkazilayotgani ochiqlandi.
Sammitda harbiy texnik soha boʻyicha ikki general: AQSh armiyasi bosh shtabi boshligʻi Martin Dempsi bilan Oʻrta Sharq va Janubiy Osiyo masalalari boʻyicha AQSh markaziy qoʻmondonligi rahbari Lloyd Ostin raislik qildi. Siyosiy harbiy jihatdan AQSh mudofaa vaziri Eshton Karter bilan AQSh tashqi ishlar vaziri Jon Kerri raislik qildi.
Eshton Karter AQShning koalitsiyadagi maqsadlarini izohlab, bunday dedi: “Koalitsiyaning asosiy uchta maqsadi bor: Iroq va Suriyada illat boʻlib turgan IShID tashkilotining bosh qalʼasini vayron qilish, dunyoning boshqa yerlaridagi guruhlariga qarshi kurashib, quvgʻin qilish, mahalliy hukumatlar saʼy-harakatlarini harbiy, xavfsizlik va razvedka bilan qoʻllab-quvvatlash”. U hamkor davlatlar mudofaa vazirlarining “Iroqning Mosul va Suriyaning Raqqa shaharlaridagi IShID nazoratiga yakun yasash”ni oʻz ichiga olgan kelishuvga qoʻshilishlarini taʼkidladi. Ayni maqsadni amalga oshirish uchun ishlab chiqilgan strategiyadan maqsad, tashkilotning “Iroqning Mosul va Suriyaning Raqqa shaharlarida mavjud qalʼalaridagi toʻdalarini qamal qilishga qaratilgani”ni izohladi. Keyin koalitsiya Iroq va Suriyada bitta qoʻmondonlik ostida harbiy hujumlar olib borish rejasini bir yil muqaddam ishlab chiqqan boʻlib, amaliyotlar uchun qoʻmondon sifatida general Shon Makfarlandni vakil qilganini, endi shu rejani qoʻllab-quvvatlash vaqti kelganini bildirdi.
Jon Kerri ham koalitsiya aʼzolarini oʻzaro maʼlumotlar almashishni kuchaytirishga targʻib etib, “oʻzaro saʼy-harakatlarni mustahkamlash va ayni tahdidlar haqida oʻzaro maʼlumotlar almashishni kuchaytirish uchun tashkiliy cheklovlarni olib tashlash” zarurligini taʼkidladi. Keyin “Vashington koalitsiyaga aʼzo davlatlar oʻrtasida razvedka maʼlumotlari almashilishini yengillatish uchun byurokratik toʻsiqlarni oshib oʻtishga harakat qilishi”ni qoʻshimcha qildi. Sammit ishtirokchilarini Davlat tashkilotini hatto qalʼasidan quvib tashlangandan keyin ham xavfli ekani bilan choʻchitib, bunday dedi: “IShID tashkiloti moslashuvchan va yetarlicha real ish tutadi, u oʻzini soxta bir davlatdan xalqaro tarmoq darajasigacha oʻzgartirishga yana harakat qiladi, uning birdan-bir va asl maqsadi joylarda mumkin qadar koʻproq insonlarni oʻldirishdir”.
IShID tashkilotiga qarshi kurashni moliyalashtirish masalasida AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer donor davlatlarga darhol oʻzlarining moliyaviy hissalarini qoʻshishni kuchaytirishni yetkazar ekan, jumladan, bunday dedi: “Bugun uzib qoʻyilgan moliyaviy toʻlovlarga tezroq va mukammal tarzda vafo qilish vaqti keldi, chunki soʻnggi paytlarda barcha gumanitar kampaniyalarda biz donor davlatlarni vaʼdalarda mubolagʻa qilishayotganini, amalda esa paysalga solishayotganiga koʻp guvoh boʻldik”.
Demak, sammitdagi amerikalik masʼullar bergan bayonotlardan yaqqol koʻrinib turibdiki, AQSh arabiy va islomiy yurtlar rahbarlarini barcha sohalarda maksimal darajada oʻzi bilan hamkorlik qilishga shantaj qilmoqda. Misol uchun, harbiy jihatdan olsak, Karter arab masʼullariga oʻz davlatlari va taxtlarini himoya qilish uchun harbiy, xavfsizlik va razvedka buyicha AQSh bilan hamkorlik qilishga majbur ekanliklarini ochiqladi. Kerri ham oʻzaro maʼlumotlar almashishni kuchaytirish orqali tashkiliy cheklovlarni olib tashlash zarurligini, birorta ham maʼlumot, kichik boʻlsa ham, Amerika razvedkasidan maxfiy qolmasligini alohida urgʻuladi. Yigʻilganlarni agar AQSh bilan hamkorlik qilishmaydigan boʻlsa, kelajakda Davlat tashkiloti ularning davlatlariga xavf solajagi bilan poʻpisa qildi. AQShning BMTdagi elchisi bu davlatlar bilan AQSh oʻrtasidagi moliyaviy munosabatni hal etib, uning yurti ayni tashkilotga qarshi yetkakchilik qilayotgan kampaniyani moliyalashtirish uchun ulardan tezroq, bevosita mablagʻ berishni talab qildi, mablagʻ berishni paysalga solish va kechiktirish oqibatlaridan ogohlantirdi.
Amerika itoatgoʻy hukmdorlarni oʻz xalqlari oldida shantaj qilish borasida ularga yanada ishonch hosil qilish uchun Davlat tashkilotiga qarshi maʼlum turda yutuqlarga erishishni istamoqda. Biroq bu yutuq Davlat tashkilotini butunlay yoʻq qilinishini anglatmaydi, chunki AQSh undan koʻp foydalanishda, uning borligini hujjat qilib, koalitsiyaga yetakchilik qilishda hanuz davom etmoqda. Shuning uchun uni butunlay yoʻq qilishi amri mahol ish. Agar buni istasaydi, allaqachon uni butunlay yoʻq qilgan boʻlar edi. Biroq u bu tashkilotni magʻlubiyatga uchratishda sezilarli yutuqlarni qoʻlga kiritmoqchi.
Ha, bunday tobe malay tashkilotlar sababli xalqlarimiz ne-ne balolarni boshdan kechirmadi deysiz?! Bu rahbarlar oʻz xalqlariga qarshi ne-ne jinoyatlar sodir etib, oʻzlariga qanday ahmoqona sifatlarni orttirishmadi deysiz?!
Amerika esa uzoq yillarni moʻljallab, bizdan xalqaro koalitsiya tuzmoqda, yurtlarimizda harbiy bazalar ochmoqda, armiyalarimizni Davlat talkilotiga qarshi oʻz urushiga tortmoqda, bu urush xarajatlarini bizning mablagʻ va boyliklarimiz bilan moliyalashtirmoqda, anavi yomonlik hukmdorlari – shu tashkilot sababli – Amerikaga razvedka maʼlumotlarini tekinga taqdim etishmoqda… Bu xorliklar, sharmandaliklarning barchasi bir siqim arzimas bir tashkilotga qarshi kurash, degan bahona va yolgʻon orqali sodir etilib, goʻyo yurtlarimizdagi armiyalarimiz shu tashkilotga qarshi urushishdan ojizliklarini iddio qilib, AQShdek jinoyatkor mustamlakachi davlatdan yordam soʻrashyapti. AQSh esa xalqlarimiz qoni, farzandlarimizning chor atrofga sochilgan aʼzolari, oilalarimiz nasibasi hisobiga oʻsha tashkilotga qarshi urushga yetakchilik qilyapti… xorlik va sharmandaligimiz shu darajada!
Agar bu malay hukmdorlarimiz oʻz mustaqil qarorlariga ega boʻlganlarida edi, shuncha mashaqqatlardan oʻzlarini qutqargan va boʻrttirib koʻrsatilayotgan bunday kichik muammoni – AQSh yo boshqa davlatlarga murojaat qilmasdan – allaqachon hal qilib boʻlgan boʻlar edilar. Axir, qoʻlimizda molimiz, asbob-uskunalarimiz va armiyalarimiz bor, hech narsa kerak emas, faqat keskin qaror qabul qilish kerak, xolos. Biroq masala bundanda mushkulroq. Mushkulroq masala shuki, bu hukmdorlar mustamlakachi kofirga yollangan, AQSh shu tashkilotlarning borligidan foydalanib, uni boʻrttirib koʻrsatdi, uning bahonasida mintaqamizga barcha lash-lushlari bilan kelib oldi, niyati mintaqamizni mutlaq oʻz nazoratiga olish, nufuzini majburan toʻla tiqishtirib olish, changalidan chiqib ketishiga yoʻl qoʻymay, qoʻzgʻolonlarini barbod etish, unga yuvindixoʻrlik bilan xizmat qiluvchi hukmdorlarni saqlab turish… Oddiy va moʻjaz qilib aytganda, mana shunday.
Endi, Britaniya, Frantsiya va Germaniya kabi boshqa yirik davlatlarning AQSh tarafida turishlariga kelsak, bu alohida masala. Bu davlatlar AQShning niyatlarini biladi hamda tashqi siyosatlaridan nimalarni koʻzlayotganini tushunadi. Ular koalitsiyaga AQSh bilan birga maʼlum nasibada oʻz nufuzlarini olish uchun kirishyapti. Amerika ham ularga muhtoj. Dunyoga yetakchilik qilish rolini shular yordamida bajarish va oʻzining mustamlakachilik roliga qonuniylik tusini berish uchun ularga muhtoj. Shuning uchun AQSh hali Endryus sammiti boshlanmay turib, undagi ishlarni ayni davlatlarga ochiqladi, oʻzi bilan Rossiya oʻrtasidagi ayrim yashirin bitimlardan ularni xabardor qildi. Masalan, AQSh tashqi ishlar vaziri Jon Kerri sammitdan oldin Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Italiya va Yevropa Ittifoqi bosh vazirlari bilan Londonda uchrashib, ularga AQShning mintaqadagi strategiyalaridan bir qismini maʼlum qildi. U ularning hammasiga rollarni boʻlib berdi, ularning har biri oʻz vazni va nufuziga qarab rol oldi. Odatdagidek, eng koʻp ziyon koʻrgan biz boʻldik, agar birdan-bir ziyon koʻrgan boʻlmagan boʻlsak, albatta. Bu ziyonlarga faqat bir sabab bilan duch keldik, u ham boʻlsa, hukmdorlarimizning razilligi, qoʻrqoqligi va malayligidir.
Abu Hamza Xutvoniy qalamiga mansub