Norin viloyat qoziyoti matbuot xizmatining “Turmush” nashriga bergan xabariga ko’ra, viloyatga qarashli Otboshi tumanining Birlik qishlog’i ahli savobli ishga qo’l urdi.
Qishloqda yashovchi ko’pchilik, qishloq oqsoqoli, xususan yoshlar tashabbus bilan chiqib, qishloqda ishlab turgan 4ta savdo shahobcha egalariga ular sotib kelayotgan spirtli ichimliklarni qishloq ahliga, yoshlarga, kelajak avlodga foydasi yo’q ekanligini to’g’risida tushintirish ishlari olib borishdi va bundan buyon spirtli ichimliklar sotishni taqiqlashdi.
Shu bilan birga savdo shahobchalarida va toy-ma’rakalarda ham ichkilik ichishga taqiq qo’yshlishi aytildi, qishloq ahli tomonidan bu taklif qo’llab-quvvatlandi.
“Albatta, bu Birlik qishlog’i axli uchun ham, qirg’iz xalqi kelajagi uchun ham yaxshi yangilik. Qolgan qishloqlar ham ibrat olsa bo’ladi. Birlik qishlog’i imomi Risbek domla va qishloq oqsoqolining taklifi bilan Norin viloyati qozisi Mambetasan Ibraev atayin Birlik qishlog’iga borib, yaxshi tashabbusni boshlagan qishloq ahliga minnatdorchilik bildirish bilan birga spirtli ichimliklar sotishni umuman to’xtatgan do’kon egalariga qoziyot nomidan “Tashakkurnoma yorlig’i”ni topshirdi. Buni boshqa qishloqlarga ham yoyilishini tiladi”, – deyiladi xabarda.
Turkiston:
Birlik qishloq ahli boshlagan bu ezgu ish tez sur’atlar bilan Qirg’izistonning boshqa shahar va qishloqlariga tarqalishini biz ham tilab qolgan bo’lar edik. Chunki bu illat nafaqat foydasi yo’q bo’lgan, balki Alloh tomonidan harom qilingandir.
Alloh Taolo aytadi:
“Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho’plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo’ling. Shoyadki, najot topsangiz. Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko’rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to’sishni xohlaydi. Endi to’xtarsizlar?!”. (Moida- 90-91)
Bundan tashqari Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda payg’ambarimiz Muhammad sallollahu alayhi vasallam:
“Xamr yomonliklarning onasidir. Kimiki uni ichsa Alloh qirq kun namozini qabul qilmaydi. Agar xamr uning ichida ekanligida o’lsa, johiliyat o’limida o’lgan bo’ladi” dedilar. (Dorimiy rivoyati).
Mana shunday tashabbus va intilishlar orqali bizlar o’zimizni o’zgartirib borsak, Alloh Taolo bizlarning ongimiz, fikrimiz va yashash tarzimizni o’zgartirib, O’zi rozi bo’ladiga yo’lga yo’llab qo’yadi.
“Aniqki, to biron qavm o’zlarini o’zgartirmagunlaricha Alloh ularning ahvolini o’zgartirmas” (Ra’d: 11).