Rossiya prezidenti Vladimir Putin Saudiya Arabistonining ikkinchi valiahd shaxzodasi va mudofaa vaziri Muhammad ibn Salmon ibn Abdulaziz as-Saudiy bilan Sochida uchrashdi. Uchrashuv chog’ida Suriya masalasida harbiy va razvedka sohalarda hamkorlik qilishga kelishib olindi. Bu haqida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashuv ortidan tashkil qilingan matbuot anjumanida aytib o’tdi.
“Rossiya kuchlari Suriyada hujumga tutgan nuqtalar borasida Saudiya Arabistonining xavotirlari o’rinlidir. Bu sohada o’zaro tushunmovchilik yuzaga kelmasligi uchun ular bilan harbiy va razvedka sohalarida imkoniyat boricha yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanligimizni bildirdik”, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri.
Rossiya Suriya masalasida Saudiya Arabistoni bilan shu vaqtgacha ham hamkorlik qilib kelayotganini aytib o’tgan Lavrov “Suriyadagi terrorchilar (mujohidlar) maqsadiga erishmasligi va mamlakatda milliy kelishuvni vujudga keltirish borasida hamfikrmiz”, “Bugungi uchrashuv ortidan siyosiy echimga qanday erishish borasida bir-birimizni yana ham yaxshiroq tushunib boryapmiz”, deya qayd etdi.
Saudiya Arabistoniga qarashli “SPA” axborot agentligi tarqatgan xabarga ko’ra, uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro o’zgarishlar bilan bir qatorda Suriya masalasi ham muhoqama qilingan. Ibn Salmonga ko’ra, Suriya masalasi Jeneva-1 bitimiga binoan hal qilinishi lozim.
“Saudiya Arabistoni Suriya xalqining talablari ro’yobga chiqarilishi va Suriya inqirozi Jeneva-1 tamoyillariga muvofiq hal qilinib, xalq inqilobiga yakun yasash tarafdoridir”, dedi ibn Salmon.