Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida yana tirbandliklar yuzaga keldi

159
0

Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida yana tirbandliklar yuzaga keldi

Qardoshlik munosabatlari, strategik sheriklik, iqtisodiy struktura haqida qancha gapirilmasin, Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida yana har doimgi vaziyat takrorlanmoqda. Bu holat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi faqat manfaatga asoslanganini va bu ittifoqning naqadar yaroqsiz ekanligini yana bir bor isbotlamoqda. Yuzlab yuk mashinalarining navbatda turishlari, kunlab ushlanib qolishlari, nazorat-o‘tkazish punktlarida logistik tanglikning kuchayishi yuk tashuvchilar uchun odatiy holga aylanib qolgan. Bu muammodan qirg‘iz tadbirkorlari ko‘proq aziyat chekmoqda. Masalan, eng keskin vaziyat “Ak-Tilek” avtomagistralida kuzatilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning avgust oyida 370 dan ortiq yuk mashinasi navbatda turib qolgan. Qirg‘iziston chegara xizmati bu masalada Qozog‘iston tomonini, ataylab avtotransport vositalarini o‘tkazmaganlikda aybladi. Qozog‘iston esa kontrabandaga qarshi kurashni kuchaytirish va texnik reglamentlarga rioya qilish zarurligini qayd etdi. Biroq, bu izohlar ortida ancha chuqurroq va xavfliroq muammo yotadi. YEOII ichida ishonchsizlik inqirozi kuchaymoqda.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston rasman a’zosi bo‘lgan ushbu ittifoqning missiyasi tovar va xizmatlarning erkin harakatlanishini ta’minlashdan iborat. Biroq, amalda bu tamoyillar davomli ravishda buzilmoqda. Bunday ko‘rinish faqat qirg‘iz-qozoq chegarasida yuz berayotgani yo‘q. Garchi qonunchilik bazasi va imzolangan kelishuvlar mavjud bo‘lsa-da, YEOII doirasida majburiyatlarni bajarishga majbur qiladigan samarali arbitraj va sanksiya mexanizmlari mavjud emas. Shungdek, umumiy qoidalar buzilgan taqdirda jazolash choralari ham yo‘q.

Shu sabablarga ko‘ra, bu ittifoq institutsional kuchini yo‘qotgan deklaratsiyalar to‘plamiga aylanib qoldi.

Shunisi aniqki, bu davlatlarning diplomatlari va siyosatchilari tez-tez uchrashib, o‘zaro do‘stona munosabat haqida so‘z bo‘lib tursa-da, chegara masalasida hech qanday o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Yuk mashinalarining navbatda turishlari kamayishi o‘rniga, da’volar ortib, muammo keyingi bosqichga surilib ketaveradi. Bunday masalalar yuqori darajadagi siyosatchilarning uchrashuvlarida ham hal etilmay qolaveradi. Shuningdek, ijro hokimiyati, bojxona xizmatlari va texnik qo‘mitalar tizimli yechim taklif qilmayapti. “Kamera oldidagi birodarlik” YEOIIning institutsional zaifligini yashirish uchun foydalaniladigan parda kabi bo‘lib qoldi.

Qirg‘izistonning pozitsiyasi bu ahvolni yana-da og‘irlashtirmoqda. U YEOII doirasida obyektiv ravishda zaifroq hisoblanadi. Chunki uning ishlab chiqarish ko‘lami oz, tashqi savdoga qaramligi yuqori va o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun resurslari yetarsizdir. Qozog‘iston va Rossiya Qirg‘iziston orqali olib kelinadigan “import” tovarlari uchun uni muammoli a’zo deb biladi. Biroq ittifoqning o‘zi bu muammoni hal qilishning samarali mexanizmlarini taklif etmaydi. Hamkorlar ham qo‘shma nazorat va tartibga solish mexanizmlarini o‘rnatish o‘rniga, chegarani bir tomonlama yopishni afzal ko‘rishadi. Bu bilan ular kichik va o‘rta biznesni xavf ostiga qo‘ymoqda.

Chegaradagi tirbandlik bu yerda katta muammolar borligidan dalolat beradi. YEOIIda ishonch, siyosiy iroda va institutsional salohiyatning yo‘qligi yaqqol ko‘rinib turibdi. O‘zining asosiy tamoyillarini tartibga sola olmagan va ularni amalda bajara olmagan ittifoq o‘z a’zolari nazarida qadrini yo‘qotadi. Bu holat ayniqsa Qirg‘izistonda aniq kuzatilmoqda. Ishbilarmon doiralardagi kayfiyat tobora pessimistik bo‘lib boryapti. Agar ittifoq o‘z a’zolarini himoya qilmasa va aksincha ularga qo‘shimcha to‘siqlar yaratsa, unda bunday ittifoqning nima keragi bor?

Hukumat strategik sheriklik va Yevroosiyo ittifoqi haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirar ekan, oddiy savdogarlar bundan jabr ko‘rmoqda. Haydovchilar, tadbirkorlar, logistika xodimlari – chegarada soatlab, hatto kunlab navbatda turishadi. Real iqtisodiyotni harakatlantirayotganlar siyosiy kelishmovchiliklar qurboniga aylanmoqda. Bu zulm va adolatsizlikning ko‘rinishidir. YEOII kabi ittifoqlar qog‘ozda “Barchaning manfaatlarini ko‘zlab” tuzilgan bo‘lsa-da, biroq aslida faqat kuchlilarning manfaatiga xizmat qiladi.

Mana bugun “qardosh xalqlar” uning oqibatlari bilan yuzlashmoqda.

Abdu Shukur

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.