Bank tuzog‘i orqali avtoritar nazorat o‘rnatish

18
0

Bank tuzog‘i orqali avtoritar nazorat o‘rnatish

So‘nggi yillarda bank sohasi va elektron to‘lov texnologiyalari sohasi chuqur o‘zgarishlar maydoniga aylandi. Bu o‘zgarish fuqaro va davlat o‘rtasidagi muvozanatni o‘zgartirmoqda. Xufiyona iqtisodiyotning oldini olish, soliqlarni optimallashtirish va moliyaviy shaffoflikni oshirish sifatida ko‘rsatilgan tashabbuslar aholini bosqichma-bosqich to‘laqonli nazorat qilish infratuzilmasiga aylanib bormoqda.

Qozog‘istonda Moliya vazirligi jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari va kreditlari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish majburiyatini banklarga yuklashni taklif qilmoqda. Rasmiy ravishda bu umumiy deklaratsiya tizimi doirasida soliq tengligini o‘rnatish bahonasida amalga oshirilmoqda. Biroq, amalda, bu fuqarolarning moliyaviy faoliyatini ularning roziligisiz uzoqdan, markazlashtirilgan nazorat qilish hisoblanadi. Bu bilan mulkiy xarajatlar, mablag‘lar aylanishi va hisobdagi qolgan mablag‘lar nazorat ostiga olinadi. Bu nafaqat buxgalteriya nazorati, balki xalqning yurish-turishini va turmush darajasini nazorat ostiga olishdir.

Bu tendensiya tamoman avtoritar boshqaruv strategiyasiga mos keladi. Fuqarolar va ularning faoliyati bilan bog‘liq moliyaviy oqimlar shunchaki soliq bazasini yaratish uchun qilingani yo‘q. Ular ma’muriy bosim va siyosiy tartib uchun qamchi hisoblanadi. Kapitalistik boshqaruv tizimida fuqaroning hamyonini nazorat qilgan taraf, uning hayotini ham nazorat qiladi.

Nazoratning raqamli tarmog‘i bo‘lgan bank tizimi yangi avtoritar tuzum qurishning ajralmas qismiga aylanmoqda. U “yumshoq” va zamonaviy texnologiyalardan foydalanadi va ayni paytda fuqaroning shaxsiy hayotini nazorat qilish uchun ajoyib uslub vazifasini o‘taydi. Bundan tashqari, turli soliq yengilliklari, amnistiyalar va imtiyozlar ahamiyatga ega bo‘lmay qoladi. Bu esa “Bularning barchasi fuqarolar manfaati uchun”, deb ishontirishga qaratilgan murakkab tuzumning bir qismidir. Ammo buning ortida ko‘zga ko‘rinmas raqamli Leviafan o‘sib kelayotganini ko‘pchilik payqamasligi mumkin.

Ma’lumot uchun: Leviafan – XVII asrda Tomas Gobbsning falsafiy asarida paydo bo‘lgan metaforadir. Uning mashhur “Leviafan” asarida (1651) bu so‘z davlatni sun’iy, go‘yo hamma narsaga qodir, tartibni saqlash uchun yaratilgan lekin shaxs ustidan ulkan kuchga ega bo‘lgan tana sifatida tasvirlanadi. Keyinchalik “Leviafan” tushunchasi davlatning juda ko‘p narsalarni: hayot, fikr, moliya, so‘z erkinligi, shaxsiy maxfiylikni nazorat qilish ramziga aylandi. Bugungi sharoitda, ayniqsa raqamli kuzatuv haqida gap ketar ekan, “raqamli Leviafan” – bu fuqarolarning soliqlaridan tortib to xaridlarigacha, kreditlaridan tortib bosgan-tusganigacha ma’lumotlarga ega bo‘lgan davlatdir. U bu ma’lumotlardan nafaqat tartib uchun, balki nazorat qilish va manipulyatsiya qilish uchun ham foydalanadi.

Abdu Shukur

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.