Afg‘onlar: Pokiston siyosati bolg‘asi bilan mintaqaviy kun tartibi bosqoni o‘rtasida

39
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Afg‘onlar: Pokiston siyosati bolg‘asi bilan mintaqaviy kun tartibi bosqoni o‘rtasida

2023 yildan buyon Pokiston afg‘on qochqinlarini majburiy ravishda qaytarish amaliyotlarini kuchaytirdi. Bu chora asosan Tolibon hukumatini to‘liq Amerika irodasiga bo‘ysundirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Afg‘onlarning Pokistonga qochishi esa chuqur tarixiy ildizlarga ega: 1980-yillardagi Sovet Ittifoqiga qarshi jihod, undan keyingi fuqarolik urushi va 2001–2021 yillardagi Amerika ishg‘oli shu jarayonni yuzaga keltirgan. Tarixiy jihatdan Pokiston Afg‘oniston musulmonlari uchun strategik chuqurlik vazifasini bajarib kelgan. Bu esa «Dyurand chizig‘i» deb ataluvchi chegara bo‘ylab cho‘zilgan mustahkam qabilaviy bog‘liqliklar tufayli ta’minlangan.

BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissariati ma’lumotlariga ko‘ra, 2002 yilda Pokistonda afg‘on qochqinlarining soni qariyb uch million nafarga yetgan. Shulardan taxminan 1,35 million kishi rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Keyingi yigirma yil mobaynida Pokiston turli bosqichlarda ularni majburiy qaytarish jarayonlarini amalga oshirib keldi. Xalqaro inqirozlar guruhi hisobotlarida ta’kidlanishicha, Pokistondagi afg‘on qochqinlari uch toifaga bo‘linadi.

BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissariati tomonidan berilgan «PoR – ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasi» egalari;

Pokiston hukumati tomonidan berilgan «ACC – Afg‘on fuqarosi guvohnomasi» egalari;

Hech qanday rasmiy hujjatsiz katta sondagi afg‘on qochqinlari.

Pokistonning afg‘on qochqinlariga nisbatan siyosati uch asosiy bosqichdan o‘tgan.

Birinchi bosqich: Sovet Ittifoqiga qarshi afg‘onlarning jihod davri (1980-yillar va undan keyin). Sovet Ittifoqi Afg‘onistonni bosib olgan paytda, Pokiston afg‘on qochqinlari uchun chegaralarini ochib berdi. Bu qadam Amerika strategiyasiga to‘liq mos edi, chunki AQSH Afg‘onistonni Sovet Ittifoqining «Vetnami»ga aylantirishga intilardi. Qochqinlardan jangchi bo‘linmalar tuzilib, ular «afg‘on mujohidlari» nomi ostida Sovet qo‘shinlariga qarshi harbiy amaliyotlarda ishtirok etish uchun tayyorlandi. 1989 yilda Sovet qo‘shinlari chiqib ketganidan so‘ng ham chegaralar ochiq qoldi, Afg‘oniston bilan to‘qnashuv yuz bermasligi uchun esa minimal darajada nazorat o‘rnatildi.

Ikkinchi bosqich: 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyingi davr. Amerikaning vafodor ittifoqchisi Pervez Musharraf hokimiyatga kelishi bilan Pokistonning afg‘on qochqinlariga nisbatan siyosati keskin o‘zgardi. Avval qadrlanib kelgan mujohidlar endilikda «terroristlar» sifatida ta’riflandi. Pokiston AQSHning Afg‘onistonga harbiy bosqinini qo‘llab-quvvatlashga va pushtun qabilalarini Tolibonga yordam berishdan to‘sishga majbur etildi. Chegaralar qisman yopildi, qochqinlarni jinoyatchilik va giyohvandlik bilan bog‘laydigan axborot kampaniyalari yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, qonunchilik islohotlari orqali qabilaviy hududlarning maxsus maqomi bekor qilindi va ular Xaybar Paxtunxva viloyatiga qo‘shib yuborildi. Bu siyosat ikki maqsadni ko‘zlagan: avvalo, qochqinlar orasida yashiringan mujohidlar yetakchilarini ta’qib qilib yo‘qotish; shuningdek, chegaraning ikki tomonidagi musulmonlar orasida doimiy bo‘linishni yuzaga keltirish orqali, ayniqsa, nomiyoq G‘arb va uning ittifoqchilarini qo‘rquvga soladigan Xalifalik soyasi ostidagi Islomiy birlik loyihasini yo‘qqa chiqarish.

Uchinchi bosqich – Amerika qo‘shinlari chiqib ketgandan keyingi davr. 2021 yil avgust oyida AQSHning Afg‘onistondan chiqib ketishi chegaraning har ikki tomonidagi pushtun qabilalari orasida taranglikni kuchaytirdi. Ular 2002 yildan buyon olib borilgan harbiy operatsiyalar tufayli hududlarida vujudga kelgan keng ko‘lamli vayronagarchilikda Pokistonni aybladilar. Shu bilan birga, Pokiston Toliboni o‘z hududlariga qilingan harbiy ta’qib va kamsitishlarga javoban armiyaga qarshi hujumlarni qayta boshladi. Bunga javoban hukumat xavfsizlik choralarini kuchaytirib, qochqinlar masalasini Afg‘oniston Toliboniga nisbatan bosim vositasiga aylantirdi. Bu esa ikki xalq orasidagi bo‘linishni yanada mustahkamladi.

Hozirgi siyosat: 2023 yil noyabrda majburiy qaytarish bo‘yicha yangi rejaning birinchi bosqichi boshlanib, unda hech qanday qonuniy hujjatga ega bo‘lmagan taxminan 1,3 million afg‘on nishonga olindi. 2025 yil fevralga kelib, Pokiston ulardan 800 mingdan ortiq shaxsni majburiy ravishda chiqarib yubordi. 2025 yil yanvar oyida Islomobod va Ravalpindida istiqomat qiluvchi afg‘onlar 31 martga qadar mamlakatni tark etishga majbur qilindi. Shu bilan birga, ulardan amalga oshirilishi deyarli imkonsiz bo‘lgan «qarshilik yo‘qligi to‘g‘risidagi guvohnoma»ni olish shart qilib qo‘yildi. Mart oyida Ichki ishlar vazirligi ACC iqomat kartochkalarini bekor qilib, egalariga oy yakuniga qadar mamlakatdan chiqib ketish buyrug‘ini berdi. Shuningdek, 30 iyundan keyin PoR kartochkalarini yangilash to‘xtatildi. Bu esa yana 1,6 million qochqinning chiqarib yuborilishi xavfini yuzaga keltirdi. Amnesti Interneshnl ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil noyabrdan 2025 yil fevralgacha Pokiston kamida 844 499 afg‘onni majburiy ravishda qaytargan va qolganlar uchun chiqarib yuborish muddatini 2025 yil 1 sentyabrgacha uzaytirgan.

Shu tariqa, aslida Hind yarimorolidagi musulmonlarni birlashtirish va musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi davlat sifatida barpo etilgan Pokiston bugun Afg‘oniston va uning ahliga qarshi Sovet Ittifoqi va keyinchalik AQSH tomonidan olib borilgan urush ofatlaridan qochgan musulmonlarni majburiy ravishda qaytarmoqda. Bu esa musulmonlar bir Ummat ekanini chetga surib, afg‘on bilan pokistonlik o‘rtasida hech qanday farq yo‘qligini va farq faqat taqvo bilan bo‘lishini e’tiborsiz qoldirmoqda. Rosululloh ﷺ aytdilar:

«يَا أَيُّهَا النَّاسُ: أَلَا إِنَّ رَبَّكُمْ وَاحِدٌ، وَإِنَّ أَبَاكُمْ وَاحِدٌ، أَلَا لَا فَضْلَ لِعَرَبِيٍّ عَلَى أَعْجَمِيٍّ، وَلَا لِعَجَمِيٍّ عَلَى عَرَبِيٍّ، وَلَا لِأَحْمَرَ عَلَى أَسْوَدَ، وَلَا أَسْوَدَ عَلَى أَحْمَرَ، إِلَّا بِالتَّقْوَى»

«Ey odamlar! Albatta, Robbingiz birdir, otangiz ham birdir. Ogoh bo‘ling, arabning ajamdan, ajamning arabdan, qizil tanlining qora tanlidan, qora tanlining qizil tanlidan hech qanday afzalligi yo‘q. Afzallik faqat taqvo bilandir». (Ahmad rivoyat qilgan).

G‘arb mustamlakachilari tomonidan joriy etilgan milliy davlatchilik tuzumi islomiy diyorlarda chegara nizolarini keltirib chiqarish hamda boyliklarni jihod yo‘liga yo‘naltirmasdan, aksincha, chegaralarni qo‘riqlashga behuda sarflash maqsadida vujudga keltirilgan. Masalan, Pokiston Dyurand chizig‘i bo‘ylab chegara to‘sig‘i qurish uchun 500 million dollar ajratdi, ammo ushbu mablag‘ni Kashmirni ozod qilish yo‘lida mujohidlarni tayyorlashga yo‘naltirmadi. Shuningdek, chegara va qochqinlar siyosatidagi keskinlik Afg‘onistonda Pokiston va uning ahliga nisbatan nafrat tuyg‘usini kuchaytirdi, ikki mamlakat va Markaziy Osiyo bilan savdo munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shu tariqa, majburiy qaytarish jarayonlaridan kelib chiqqan ixtiloflar Ummat dushmanlarining – avvalo Amerika va Hindistonning – manfaatlariga xizmat qilib, Pokiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida har qanday yaqinlashuv yoki birlikka to‘siq bo‘lmoqda.

Nihoyat, ta’kidlab o‘tish lozimki, Islomda «qochqin» degan tushuncha yo‘q. Chunki musulmonlar bir Ummatdir. Musulmon inson islomiy mamlakatlar orasida xuddi o‘z uyining xonalari orasida yurganidek erkin harakatlanishi lozim. Tinchlik va barqarorlik esa Ummatni mustamlakachilar chizib bergan sun’iy siyosiy chegaralar bilan mayda davlatlarga bo‘lib tashlash orqali emas, balki islomiy aqida va shar’iy majburiyatlarga amal qilish orqali ta’minlanadi. Ummatni birlashtiradigan aqidaviy-siyosiy davlatning yo‘qligi Pokiston va boshqa islomiy diyorlardagi beqarorlik va tartibsizlikning asosiy sababidir. Shuning uchun Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalikni barpo etish yo‘lida ish olib borish xavfsizlik uchun zarurat bo‘lishi bilan birga, shar’iy farz hamdir.

﴿إِنَّ هَٰذِهِۦٓ أُمَّتُكُمۡ أُمَّةٗ وَٰحِدَةٗ وَأَنَا۠ رَبُّكُمۡ فَٱعۡبُدُونِ﴾

«(Ey insonlar), sizlarning ummatingiz haqiqatda bir ummatdir. Men esa (barchalaringizning) Parvardigoringizdirman. Bas, Mengagina ibodat qilinglar!»                                                                                  [Anbiyo 92]

Roya gazetasining 2025 yil 27 avgust, chorshanba kungi 562-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.