Uyg‘onish ruxsatni kutib turmaydi, tushkunlik va o‘zni ojiz sanash hech qachon g‘alaba keltirmaydi

40
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Uyg‘onish ruxsatni kutib turmaydi, tushkunlik va o‘zni ojiz sanash hech qachon g‘alaba keltirmaydi

Ustoz Mahmud Bakriy

Buyuk o‘zgarishlar davrida xalqlarni kishanlab qo‘yadigan eng xavfli omil harbiy ustunlik emas, balki ularni «biz ojizmiz» degan ishonchga tushirib, aqlan va ruhan taslim bo‘lishga majburlashdir. Bu esa o‘zgarish go‘yo dushmanning roziligi yoki donor davlatning ma’qullashi bilangina amalga oshishi mumkin degan hisni paydo qiladi. Natijada, bu holat energiyani susaytiradi, irodani falajlaydi va Ummatda ustun bo‘lishga tayyorlanish o‘rniga ojizlikni mustahkamlaydi.

Aynan shunday maqsad bugun Shom o‘lkasida amalga oshirilmoqchi. Chunki yaqinda bu yerda tog‘ut qudrati sindi, tuzum poydevori quladi va qo‘zg‘olon poytaxtgacha yetib bordi. Biroq kutilmaganda yana «Biz kambag‘al davlatmiz, bizga tashqi yordam kerak, o‘zimizni boshqara olmaymiz, biz ojizmiz, realist bo‘laylik, holatni qabul qilaylik…» degan eski ma’ruzalar yangradi!

Biroq o‘zini ojiz his etishdan ham xavfliroq narsa ayni shu hisni qasddan uyg‘otish va jamoatchilik ongiga uni izchil siyosat sifatida singdirishdir. Bu esa o‘zgarish va uyg‘onish irodasini falajlashga xizmat qiladi.

Guvoh bo‘layotganimiz bu kabi ma’ruzalar albatta bekorga aytilmayapti. Ular ham ichki, ham tashqi kuchlar tomonidan targ‘ib qilinmoqda. Chunki ular Ummatning ongidan, ozodlikka erishishidan va o‘zgarishga bo‘lgan ishonchidan qo‘rqishmoqda. Ummat o‘z taqdirini o‘zi hal qilishga yaqinlashib, uyg‘onish vositalarini qo‘lga kirita borgan sari, ular shoshilinch tarzda «sen bunga hali tayyor emassan», «realist bo‘lish uchun yon berishing kerak», «dunyo hozir o‘zgarishga ruxsat bermaydi» kabi yolg‘on ogohlantirishlarni tarqatmoqda. Go‘yo dunyo bugun ruxsat bermasa, ertaga ruxsat beradigandek yoki go‘yo Ummatni aldash mumkin deb o‘ylashayotgandek!

Shu tariqa, «o‘tish davri» shunday soxta siyosiy ishonchga aylandiki, unda hech qanday loyihaga o‘rin berilmadi, yurt boyliklari muzlatildi, rahbariyat esa «muhtojmiz va ojizmiz» degan illyuziya bilan kishanlanmoqda. Shu orqali xalq qalbiga ichki xorlik va qo‘rqoqlik tuyg‘usi singdirilmoqda.

Rosululloh ﷺ Madinaga kirganlarida Qurayshdan ruxsat so‘ramadilar, Rum bizlarni tan oladimi, deb kutmadilar. Aksincha, davlat barpo etdilar, dastur ishlab chiqdilar, davlat arboblarini yetishtirdilar va xalqlarga murojaat qildilar. Negaki, ul zotning qo‘llarida vahiydan balqib chiqqan olamshumul mabdaiy loyiha bor edi. Shu sababli ham Allohning nusratiga loyiq bo‘ldilar.

Bugun esa, bizning muammolarimiz haqiqiy ojizlikda emas, balki sun’iy illyuziyada ekanini qachon anglaymiz?!

Xalqning qo‘llab-quvvatlovi eng haqiqiy va eng real kuch ekanini qachon tushunamiz?!

Suriyada qo‘zg‘olonni qo‘llab-quvvatlagan xalq mag‘lub bo‘lgani yo‘q, u hanuz saxovatli va fidokordir. Axir, ular qo‘zg‘olon yo‘lida farzandlarini va mol-mulkini fido qildilar, eng og‘ir sharoitlarda ham qo‘zg‘olonni qo‘llab keldilar. Biroq eski tuzum qulaganidan so‘ng, bu xalqqa shunchaki nazorat ostidagi «omma» sifatida munosabatda bo‘lishdi: zarurat tug‘ilganda undan foydalanildi, muammo yuzaga kelganda esa chetga surildi. Yangi boshqaruv bu xalqning qalbidan qo‘zg‘olon va jihod ruhini o‘chirishga urinib kelmoqda.

Davlatning xalqqa qarshi emas, balki uning qo‘llovi bilan, oddiy taktikalarga tayanib emas, balki aniq loyiha asosida qurilishi kerakligini; mansab va «o‘tish davri» hisob-kitoblarini o‘ylaydigan rahbariyat emas, balki Islom mabdaiga tayanadigan rostgo‘y yetakchilar orqali barpo etilishi zarurligini qachon anglab yetamiz?!

Haqiqiy uyg‘onishni yo‘qqa chiqaradigan eng katta ofat xalqning sukut saqlab, kutish bilan cheklanib qolishi, rahbariyatning roli esa shunchaki koordinatsiya va taktikaga aylanib qolishidir. Natijada, loyiha yo‘qoladi, «biz ojizmiz» degan asosda tuzilgan vaqtinchalik chora esa doimiy siyosatga aylanib ketadi.

Uyg‘onish xalqaro konferensiyalarni kutmaydi, siyosiy qarorlar mehmonxona zallarida qabul qilinmaydi, or-nomus esa G‘arb poytaxtlaridan yalinib so‘ralmaydi. Chunki uyg‘onish mustaqil qarordir, shijoatli qadam iymon va sabotdir, g‘alaba esa Allohdan mukofotdir. U faqat xolis, rostgo‘y va sobitqadam zotlarga beriladi.

Shu o‘rinda bir haqiqatni farqlab olishimiz zarur: agar kimdir voqelik bosimida yo‘lidan adashgan bo‘lsa, uni ochiq muloqot va bahs orqali tuzatish mumkin. Biroq kimdir «realist bo‘lishimiz kerak» degan bahona orqali mabdadan qaytgan bo‘lsa, undaylarga yetakchilikdan o‘rin berilmaydi va ular siyosatdan chetlatiladi.

Kim Allohning g‘olib qilish va’dasiga yetishmoqchi bo‘lsa, bas, unga hozirlik ko‘rsin. Bunday hozirlik esa mabdaiy loyiha, ongli yetakchilik va jangovar Ummat bilan amalga oshadi. Ko‘zlar Vashington, Anqara yoki Riyozga emas, balki Allohga qaratilishi lozim; ichki mag‘lubiyatga emas, balki o‘z kuchiga ishonish zarur.

Zotan, Suriya ojiz ham emas, kambag‘al ham emas. U boylik, moddiy va insoniy zaxiralarga to‘la. Nefti, gazi, qishloq xo‘jaligi, noyob geografik joylashuvi va saxovatli xalqi bor. Biroq Suriyani falokatga uchragan hudud sifatida ko‘rsatishmoqda, go‘yo qo‘zg‘olon kambag‘allikni keltirib chiqargandek talqin qilinmoqda! Holbuki, kambag‘allik Asad rejimining o‘nlab yillar davomida amalga oshirgan sistematik talon-toroji oqibatida yuzaga kelgan. Demak, masalani yumshatib ko‘rsatish yoki aylanib o‘tish bilan emas, balki sabablari bilan birga tubdan bartaraf etish zarur.

Aynan shu yerda hozirgi rahbariyatning abgor holati yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ular qo‘zg‘olonni qo‘llayotgan xalqqa kuch manbai sifatida emas, balki og‘ir yuk sifatida qaramoqdalar. Xalq bilan ochiq muloqot qilish o‘rniga, uni «nazorat qilishga» urinmoqdalar. Go‘yo islomiy hukmronlikni barpo etish va shu yo‘lda harakat qilish navbatdagi bir «xalqaro bayonotgacha» kechiktirilgandek, holbuki bunday bayonot hech qachon kelmaydi!

Mag‘lubiyat va ojizlik haqida so‘z yuritish xavfli, albatta. Biroq undan ham xavflisi — bu fikrlarning o‘rganilib, ilmiy konferensiyalar va tadqiqotlarda qayta-qayta takrorlanishi orqali qonuniy tus olishi va oxir-oqibat tiz cho‘kish darajasiga yetkazilishidadir. Shuning uchun oxir-oqibat buzuq voqelikni tanqid etgan har qanday ovoz jinoyat sifatida baholanadi, buzuq voqelikka rozi bo‘lish esa reallik deb ataladi, uning muqobilini taklif etish esa qoloqlik sifatida ko‘rsatiladi.

Bugun bizga shunday ma’ruza zarurki, u voqelikni muhokama qilsin, og‘irligini tan olsin, ammo unga moslashmasin. Xalqqa yangi maydon ochsin, lekin uni muzokaralar xonasiga qamamasin. Xalqni kutish va xorlikka emas, balki jasorat va qat’iyatga chorlasin, G‘arb elchilariga emas, balki Allohga bo‘lgan ishonchni mustahkamlasin.

Biz musulmonlar uchun haqiqiy kuch-qudrat BMTda emas, balki Allohga bo‘lgan iymondir. Bugun Ummat tarixi davomida kamdan-kam uchraydigan holatni boshdan kechirmoqda hamda uni zaif, xor va qul kabi fikrlaydigan rahbarning mentaliteti bilan boshqarib bo‘lmaydi.

Yerga egalik qilgan, aqllarni ozod etgan va xalqaro loyihalarning haqiqiy mohiyatini fosh etgan inson orqaga emas, oldinga intiladi. Aks holda, jihod samarasini yo‘qqa chiqaradi va eski tuzumni yangi shiorlar ostida qayta tiklagan bo‘ladi.

Shuning uchun bizning vazifamiz davlatlar tomonidan tan olinish yoki tashqi yordamga umid qilish emas, balki Islom aqidasidan balqib chiqqan loyihani istinbot etish hamda o‘z boylik va imkoniyatlarimizni qayta ochishdan iboratdir. Biz karvondan ortda qolib, «konsensusli rahbarlik»ni kutib olqishlash bilan cheklanmasligimiz lozim. Balki savdolashishsiz, qo‘lida mabdaiy loyihasi bo‘lgan rostgo‘y yetakchilikni yetishtirib chiqarishimiz shart.

Qo‘zg‘olon xalqning qalbida ildiz otgan g‘oya sifatida hanuz kuch-g‘ayratga to‘la. Xalq tomirida hamon iymon qoni jo‘sh urmoqda. Ahd-paymon qilgan zotlar oldidagi vazifa himmat yengini shimarib, ana shu qo‘llab-quvvatlovchi xalq bazasiga yetakchilik qilishdir, xolos. Chunki bugun uyg‘onish davridir, savdolashishga o‘rin yo‘q. Qaror uzoqdagi «yuqori komissar Barak»ning muzokara xonalarida emas, balki shu zaminda, Shomning o‘zida qabul qilinishi shart.

Roya gazetasining 2025 yil 13 avgust, chorshanba kungi 560-sonidan

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.