بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Zangezur yo‘lagi: geoiqtisodiyotga qarshi geosiyosat
Ustoz Latif Rosix
Zangezur yo‘lagi loyihasi muzokaralar bosqichidan texnik ijro bosqichiga o‘tmoqda. Ozarbayjon o‘z hududida, xususan Naxichevan chegaralari bo‘ylab transport infratuzilmasini jadal rivojlantirmoqda. Turkiya esa Kars orqali temir yo‘l liniyasini taqdim etishga tayyorligini rasman tasdiqladi. Shu bilan birga, Armaniston o‘z hududidagi transport yo‘nalishini to‘liq nazorat qilishni talab qilib, yo‘lak loyihasini bir tomonlama rad etdi. Bu esa mazkur loyihaning amalga oshirilishi Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy kelishuvlarga, shuningdek, mintaqadagi yangi transport tuzilmasiga aralashishni istaydigan yirik tashqi kuchlarning pozitsiyalariga bog‘liq ekanini anglatadi.
Bir qarashda bu logistika tashabbusi Ozarbayjon, Armaniston va Turkiya kabi mintaqaviy ishtirokchilar o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvidek ko‘rinadi. Aslida esa Zangezur yo‘lagi AQSH, Xitoy va Rossiya nazorat etishga intilayotgan global raqobat maydoniga aylanib bormoqda. Bu raqobat faqat tovar aylanmasi bilan cheklanib qolmay, balki transport yo‘laklari orqali ta’sir o‘tkazish, yangi bozorlarga yo‘l ochish va Yevroosiyodagi strategik muvozanatni o‘zgartirish imkoniyatini ham o‘z ichiga olmoqda.
Iqtisodiy nuqtayi nazardan olganda, Zangezur yo‘lagining ahamiyati Suvaysh va Panama kanallari bilan taqqoslanganda minimal darajada qoladi. Chunki mazkur ikki kanal orqali o‘tadigan tovar hajmi va ularning jahon savdosidagi o‘rni ancha yuqori. Masalan, Suvaysh kanali jahon savdosining taxminan 12 foizini qamrab olib, Misrga yillik 9–10 milliard dollar daromad keltiradi. Panama kanali esa Atlantika va Tinch okeanlari orasidagi asosiy yo‘lak sifatida xizmat qilib, har yili taxminan 4 milliard dollar sof daromad keltiradi.
Solishtirish uchun aytadigan bo‘lsak, Zangezur yo‘lagi orqali yiliga taxminan 10-15 million tonna tovar o‘tishi mumkin. Uning ishtirokchi davlatlar — Ozarbayjon, Turkiya, Armaniston va Qozog‘iston — uchun keltiradigan daromadi esa eng ko‘pi bilan bir necha yuz million dollar atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, quruqlikdagi infratuzilma xarajatlari murakkab logistika zanjirlari va siyosiy beqarorlik xavfi inobatga olinganda ham dengiz kanallari xarajatlariga nisbatan ancha past darajada qoladi.
Shunga qaramasdan, AQSH tashqi siyosat nuqtayi nazaridan Zangezur yo‘lagi nazorat obyekti sifatida strategik ahamiyatga ega deb baholanmoqda. Amerika tarixi shuni ko‘rsatadiki, Panama kanali iqtisodiy loyiha sifatida emas, balki dengiz savdosi va harbiy harakatlarni yo‘naltirish uchun strategik vosita sifatida yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda AQSHning Zangezur yo‘lagining muayyan qismini ijaraga olish taklifi ham uning mintaqaga kirib borish va ta’sir o‘tkazish istagidan darak beradi. Demak, Vashington bu orqali qo‘shimcha iqtisodiy daromad emas, balki siyosiy nufuzni qo‘lga kiritishni ko‘zlamoqda.
AQSH Zangezur yo‘lagining uzunligi 32 kilometr bo‘lgan asosiy qismi ustidan nazoratni Armanistonga berish va bu qismni 100 yilgacha o‘zining tashqi boshqaruvi ostiga olish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu yondashuv Panama kanali yoki harbiy bazalarda qo‘llangan strategiyalarga o‘xshaydi. Asosiy maqsad logistika emas, balki geosiyosatdir. Vashington bu orqali Rossiyani mintaqadan siqib chiqarish, Eronni zaiflashtirish va Xitoyning “o‘rta kamar” deb ataluvchi hududdagi ta’sirini cheklashni ko‘zlamoqda. Demak, Zangezur ustidan nazorat Xitoyning Amerika nazoratisiz Yevroosiyo infratuzilmasidan foydalanishini to‘sib qo‘yish vositasidir.
Boshqa tomondan, Xitoy ushbu yo‘lni Rossiya orqali o‘tuvchi yo‘lga muqobil sifatida ko‘radi. Chunki Rossiya orqali transport yo‘laklari sanksiyalar va harbiy harakat xavfi ostida turibdi. Shu bois Pekin “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusi doirasida yo‘llarni diversifikatsiya qilishdan manfaatdor. Bu maqsadda u Kaspiy dengizi va Janubiy Kavkaz infratuzilmasiga sarmoya kiritmoqda, portlar, terminallar va temiryo‘l tarmoqlarini rivojlantirmoqda. Biroq Xitoy bu yo‘nalishda ehtiyotkor va bilvosita qadamlar tashlamoqda: to‘g‘ridan to‘g‘ri siyosiy yoki harbiy aralashuvdan ko‘ra, ko‘p tomonlama transport hamkorligi hamda multimodal logistika platformalarini amalga oshirishni afzal ko‘rmoqda.
Ozarbayjon ushbu raqobatda murakkab vaziyatga duch kelmoqda. Bir tomondan, Boku Zangezur yo‘lagidan foydalanib, o‘z nufuzini kuchaytirish, iqtisodiy o‘sishga erishish va Naxichevan bilan munosabatlarni mustahkamlashga intilmoqda. Boshqa tomondan esa, agar yo‘lak ochilishi tashqi kuchlarning harbiy yoki siyosiy aralashuvi bilan kechsa, bu mintaqani amalda «mustamlakachilik manfaatlari maydoni»ga aylantirishi mumkin. Yaqin istiqbolda Ozarbayjon tranzitdan muayyan daromadlar va Armanistondan ayrim siyosiy imtiyozlar qo‘lga kiritishi mumkin. Biroq uzoq muddatli istiqbolda ushbu yo‘lak ustidan suveren nazoratni yo‘qotish, tashqi bosimlarning kuchayishi va chegara hududlarida beqarorlik xavfi yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.
Turkiya bu jarayonda faol sherik sifatida namoyon bo‘lmoqda, ammo uning maqsadlari faqat logistika bilan cheklanmaydi. Anqara Bosfordan Kaspiyga, u yerdan esa Markaziy Osiyo orqali Pekingacha uzluksiz siyosiy-transport yo‘lini barpo etishga qat’iy intilyapti va buni «turk dunyosi» g‘oyasi bilan oqlashga urinmoqda. AQSH esa mazkur loyihada bevosita ishtirok etmasdan, Turkiyani mintaqaviy muvozanat kuchi sifatida qo‘llab-quvvatlayapti. Chunki aynan Turkiya orqali Eron, Rossiya va Xitoy ta’sirini bir vaqtning o‘zida cheklash mumkin. Shu tariqa, Vashington Turkiya va Boku bilan manfaatlar ittifoqini shakllantirib, ularni mustaqil, biroq muvofiqlashtirilgan o‘yinchiga aylantirishni maqsad qilmoqda. Biroq bu ittifoq ichki ziddiyatlardan xoli emas: Turkiya G‘arb va Sharq o‘rtasida muvozanatni saqlashga intilar ekan, Ozarbayjon G‘arb strategiyasining qurboniga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Armaniston esa kuchsiz bo‘lishiga qaramay, muhim ustunlikka ega. Zero, yo‘lak o‘tadigan hudud aynan unga tegishli. Shu bois Yerevan ushbu hududda suverenitetini saqlab qoladimi-yo‘qmi, degan savol hanuz ochiq turibdi. Bu esa yo‘lakning kelajakdagi shaklini belgilaydi: u Armaniston yurisdiksiyasidagi oddiy tranzit yo‘li bo‘ladimi yoki hududiy chegaralardan tashqarida Amerika nazoratidagi xalqaro loyihami, bu masala muzokaralar natijasida oydinlashadi.
Shunday qilib, Zangezur yo‘lagi loyihasi hozirda o‘tish bosqichida turibdi. Infratuzilma jihatidan rivojlanib borayotganiga qaramasdan, u siyosiy jihatdan hanuz barqaror emas. Va’da qilingan iqtisodiy foyda va ishonchli kafolatlar ishtirokchi davlatlarga taqdim etilmaguncha, mazkur loyiha qog‘ozdagi g‘oya sifatida qolaveradi. Shu bilan birga, musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etgan ushbu davlatlar uchun siyosiy xavflar ortib bormoqda. Ozarbayjon nazorat va daromadga ega bo‘lishga intilayotgan bir paytda, uning hududlari Amerika, Xitoy va Rossiya kabi yirik kuchlar o‘rtasidagi to‘qnashuv maydoniga aylanib qolish xavfi mavjud. Bu esa siyosiy qaramlik va uzoq muddatli beqarorlik tahdidini yuzaga keltiradi. Shuning uchun mintaqada haqiqiy ravnaq va barqarorlik faqat Payg‘ambarlik minhoji asosidagi ikkinchi roshid Xalifalik soyasidagina ro‘yobga chiqadi.
Roya gazetasining 2025 yil 20 avgust, chorshanba kungi 561-sonidan