Islomda resurslarning teng taqsimlanishi
Markaziy Osiyoda o‘nlab yillardan buyon muhokama qilinib kelinayotgan suv taqchilligi muammosi bugungi kungacha hal etilmagan eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Mintaqa cheklangan suv resurslariga (Sirdaryo va Amudaryoga) ega bo‘lib, har yili yoz faslida jiddiy suv tanqisligiga duch keladi. Qishloq xo‘jaligi, energetika va aholi turmushining asosiy elementi hisoblangan suv bugungi kunda tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu masala, ayniqsa, daryolarning quyi oqimida joylashgan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston uchun dolzarbligicha qolmoqda. Chunki ular suv ta’minotida tog‘li mintaqada joylashgan qo‘shni davlatlarga qaramdir.
Vaziyat yildan-yilga og‘irlashib boryapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aslida suvning tanqisligiga loqaydlik bilan yondashilmoqda. Davlatlararo suv va qishloq xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar ko‘ngildagidek natija bermayapti. Turli darajalarda imzolangan ko‘plab kelishuvlar qog‘ozda qolib, haqiqiy taqsimot amalga oshmayapti. Misol uchun, iqlim o‘zgarishi va suv resurslarining tugashi haqida ogohlantirishlarga qaramay, hukumatlar suvga cheklangan resurs sifatida qaramaydi. Bu ortiqcha sarf-xarajatlarga va davlatlararo keskinlikka sabab bo‘lmoqda. Suv tanqisligi ekologik muammodan ko‘ra ko‘proq geosiyosiy muammoga aylanib, mintaqaning xavfsizligiga va iqtisodiy rivojlanishiga tahdid solmoqda.
Markaziy Osiyoda suv muammosini samarali hal etish uchun suvni uglevodorodlar kabi strategik resurs sifatida qabul qilish va unga insoniyat uchun buyuk ne’mat sifatida qarash zarur. Ya’ni suvga shunchaki tabiatning bitmas-tuganmas in’omi sifatida qaramaslik kerak. Vaqt o‘tishi bilan suvning qiymati ortib bormoqda, lekin u haligacha neft va tabiiy gaz kabi qadr-qiymat ko‘rgani yo‘q. Global o‘zgarishlar va suv tanqisligi sharoitida suvga bo‘lgan yondashuv, neft va gazga bo‘lgan yondashuv kabi bo‘lmog‘i zarur. Suv ham yuqorida qayd etilgan resurslar kabi hamkorlik va strategik boshqaruv omili bo‘lishi lozim. Suvga boy mamlakatlar boshqa mamlakatlarni suv bilan ta’minlash orqali elektr energiyasi yoki uglevodorodlar taqchilligini qoplab, o‘zaro bog‘liq va barqaror iqtisodiyot yarata olishi kerak.
Bu masalada shariatga amal qilish nafaqat mintaqa uchun, balki butun musulmon olami uchun muhim yo‘nalish hisoblanadi. Islom shariatida suv va boshqa tabiiy boyliklar barcha musulmonlarga tegishli ekanligi aniq belgilangan. Islom suv yoki neft kabi tabiiy boyliklarning xususiy mulkka aylantirilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Chunki bu barcha musulmonlarning xotirjam hayot kechirishiga putur yetkazadi. Suv ham uglevodorodlar kabi qadrlanib, hamma uchun ochiq bo‘lishi va undan foydalanish shariatning adolat tamoyillari bilan tartibga solinishi kerak. Rosululloh ﷺning “Odamlar uch narsada: suv, yaylov va olovda sherikdirlar”, degan hadislari suv butun xalqning mulki ekanligiga dalildir.
Biroq, Islom o‘lkalarining parokandaligi va resurslarni boshqarishda yagona tizimning yo‘qligi bu yo‘lda asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Har bir o‘lka faqat milliy manfaatlar doirasida harakat qiladi, bu esa adolatli taqsimlash mexanizmlarini yaratishga imkon bermaydi. Bunday sharoitlarda birlik va adolatga qaratilgan Islom mafkurasi resurslarni taqsimlash masalasida asosiy yo‘nalish bo‘la oladi. Islom butun ummatni axloqiy, ma’naviy va moddiy qadriyatlar asosida birlashishga chaqirib, barcha tabiiy boyliklardan foydalanishda hamjihat bo‘lishga buyuradi. Islom mafkurasiga asoslangan bir butun davlatda suv va boshqa resurslardan foydalanish samarali tartibga solinadi va milliy to‘siqlar bartaraf etilib, adolatli taqsimlash nizomi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining suvini va boshqa resurslarni yagona boshqaruv tizimi doirasida birlashtirish zarur. Bu birlik Islomiy adolat, o‘zaro g‘amxo‘rlik va muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslanishi kerak. Rosululloh ﷺ buyurganidek, bu tamoyillar mintaqadagi barcha musulmonlar manfaatlariga xizmat qilishi lozim. Resurs tanqisligi sharoitida davlatlar faqat milliy manfaatlarni ilgari surmay, butun musulmonlar manfaatlarini hisobga olishlari kerak. Islomiy qadriyatlarga asoslangan yagona iqtisodiy va siyosiy struktura yaratish nafaqat suv tanqisligini, balki boshqa strategik resurslarning yetishmasligidan kelib chiqadigan inqirozlarni ham hal qilinishiga yo‘l ochadi.
Binobarin, Markaziy Osiyoda suv tanqisligini bartaraf etish uchun suvni strategik resurs sifatida qabul qilib, uning qiymatini uglevodorodlar bilan tenglashtirish hamda barcha tabiiy resurslarni boshqarishda yagona tizim ishlab chiqish zarur. Suv shariatda ko‘rsatilganidek, adolatli taqsimlanishi mumkin bo‘lgan manba bo‘lishi shart. Mintaqa davlatlarining Islom mafkurasi va adolat tamoyillariga asoslangan birligi nafaqat resurslarni barqaror boshqarish, balki butun mintaqaning adolatli va barqaror rivojlanishi uchun ham zamin yaratadi.
Abdu Shukur