Diplomatiyami yoki unutilgan mehnat muhojirlari?
2025 yil 10 avgust kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi.
Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Putin va Japarov o‘rtasidagi muloqot Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha AQSH bilan bo‘lib o‘tgan so‘nggi diplomatik aloqalar haqida bo‘lgan. Sadir Japarov taqdim etilgan ma’lumotlar uchun Putinga minnatdorchilik bildirib, inqirozni hal qilishga qaratilgan siyosiy va diplomatik sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Nima uchun Putin va Japarov o‘rtasidagi muloqotda asosiy e’tibor Ukraina inqiroziga qaratildi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Mamlakatdagi mavjud ichki muammolar va geosiyosiy vaziyatni hisobga olsak, suhbat mavzusi Sadir Japarov uchun unchalik muhim emas. Qolaversa, Qirg‘iziston oxirgi paytlarda Rossiyadagi mehnat muhojirlari bilan bog‘liq keskin muammolarga duch kelmoqda.
Ukraina inqirozini muhokama qilish, albatta, bu mojaroda bevosita aloqasi bo‘lgan Rossiya uchun muhim, biroq Qirg‘iziston uchun mehnat muhojirlari masalasi asosiy muammolardan biridir. Taxminan bir millionga yaqin qirg‘izistonlik har yili Rossiyada ishlab, vataniga pul jo‘natadi. Rossiya muhojirlar uchun qoidalarni tobora murakkablashtirmoqda. Masalan, Sankt-Peterburgda ishga joylashish qoidalarining o‘zgarishi, kurerlik sohasida ishlashga cheklovlar kiritilishi kabi. Qirg‘izistonliklar Rossiya mehnat bozorida tobora kuchayib borayotgan to‘siqlar va ijtimoiy beqarorliklarga duch kelmoqda.
Suhbat chog‘ida nima uchun ushbu mavzular muhokama qilinmadi? Ehtimol, Japarov uchun diplomatik kontekstda Putinning tashqi siyosat masalalarini qo‘llab-quvvatlashi ichki iqtisodiy muammolarni hal qilishdan ko‘ra muhimroqdir. Ammo bu yerda ham yana bir savol tug‘iladi: Qirg‘iziston faqat tashqi siyosatga e’tibor qaratsa, o‘z manfaatlarini qachon samarali himoya qila oladi?
Bundan tashqari, Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning 14 avgust kuni Bishkekka tashrifi chog‘ida muhojirlar masalasi uchrashuvning muhim qismi bo‘lishi mumkin edi. Ammo, ko‘rinib turibdiki, Mishustin bilan bo‘ladigan Rossiya-Qirg‘iziston muzokaralarida asosan iqtisodiy va madaniy hamkorlik, infratuzilma va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Migratsiya mavzusi qirg‘izistonliklar hayotida muhim o‘rin tutsa-da, kun tartibiga kiritilmagan. Bu esa Qirg‘izistonning Rossiya bilan munosabatlarida Kreml manfaatlarini o‘z fuqarolaridan ustun qo‘yishga majbur ekanini ko‘rsatadi.
Qolaversa, Rossiyadagi mehnat muhojirlarining ishlash sharoitlari yomonlashib borayotgani tadbirkorlar va mutaxassislar darajasida muhokama qilinadigan jiddiy masala hisoblanadi. Muhojirlar uchun kuryerlik sohasida ishlashni taqiqlash va yana boshqa cheklovlar kiritish Rossiyada ishlayotgan qirg‘izistonliklar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi. Biroq, xabarlarga ko‘ra, bo‘lajak muzokaralarda bu masalalar umuman ko‘rib chiqilmaydi. Buning o‘rniga rasmiy iqtisodiy hamkorlikka urg‘u beriladi.
Nima uchun migratsiya mavzusi muhim ahamiyatga ega? Chunki Rossiyadagi qirg‘izistonliklarning mehnat va ijtimoiy himoya masalasi yuqori darajada muhokama qilinmagani ushbu vaziyatga jiddiy munosabat bidirilmayotganaligidan dalolat beradi. Bu ketishda Qirg‘iziston o‘zining ichki muammolarini hal etmasdan turib, tashqi iqtisodiy omillarga qaramligini kuchaytirish xavfi ostida qoladi. Rossiya iqtisodiyoti kadrlar yetishmasligi va yangi ishchi kuchiga muhtoj bo‘lgan bir paytda qirg‘izistonliklar beqaror mehnat bozori va yomonlashib borayotgan shart-sharoitdan aziyat chekmoqda.
Qirg‘iziston rasmiylari Mishustin bilan o‘tgan uchrashuvda mehnat muhojirlari muammolarini ko‘tarish o‘rniga, Rossiyaning siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini o‘z fuqarolarining himoyasidan ko‘ra, muhimroq deb hisoblayotganga o‘xshaydi.
Demak, uchrashuv va muzokaralar davomida Sadir Japarov muhokama qilgan mavzular bu muloqotlarda Qirg‘izistonning asl o‘rni qay darajada ekanini ko‘rsatadi. Rossiyadagi muhojirlar ahvoli og‘irlashib borayotgan bir paytda Ukraina inqirozi kabi faqat tashqi siyosat masalalarini muhokama qilish qirg‘iz xalqining haqiqiy manfaatlariga yetarlicha e’tibor berilmayotganidan darak beradi. Agar bu tendensiya davom etsa, Qirg‘iziston iqtisodiy imkoniyatlardan mahrum bo‘lib, qo‘shimcha ijtimoiy va iqtisodiy xavf-xatarlarga duch keladi.
Abdu Shukur