Qirg‘iziston – logistika va geosiyosat chorrahasida

15
0

Qirg‘iziston – logistika va geosiyosat chorrahasida

Bishkekda Butunxitoy xalq vakillari kengashining Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Letszi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi o‘zaro hamkorlikning asosiy loyihalaridan biri sifatida belgilandi.

Rasmiylar obyektni shunchaki infratuzilma loyihasi emas, balki mintaqaviy integratsiya va logistika yo‘nalishlarini yaratish yo‘lidagi qadam sifatida baholadi.

Temir yo‘lning Qirg‘iziston hududidagi qurilishi allaqachon boshlangan.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li nafaqat infratuzilma loyihasi, balki Xitoyning Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlash hamda muqobil savdo va logistika yo‘nalishlarini kengaytirishga qaratilgan uzoq muddatli geosiyosiy strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush davom etayotgan bir sharoitda va Moskva G‘arb bozorlaridan borgan sayin ko‘proq izolyatsiya qilinayotgan paytda, Rossiya hududi orqali o‘tuvchi an’anaviy tranzit yo‘llar avvalgidek ishonchli bo‘lmay qoldi.

Xitoy dunyoning eng yirik sanoat qudrati sifatida o‘z tovarlarini Yevropaga, Yaqin Sharqqa va bundan tashqari siyosiy barqaror eksport kanallari orqali Hind okeanidagi portlarga yetkazishga katta ehtiyoj sezmoqda.

Bunday sharoitda Qirg‘iziston va O‘zbekiston orqali o‘tadigan janubiy yo‘nalishning yaratilishi Pekinga sanksiya hududlarini chetlab o‘tish, logistikani diversifikatsiya qilish va Rossiyaning tranzitiga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.

Qolaversa, bu temir yo‘l “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi doirasida amalga oshiriladi. U Xitoyning nafaqat iqtisodiy loyihasi, balki mintaqada o‘z ta’sirini kengaytirish uchun siyosiy quroli sifatida ham baholanmoqda.

Qirg‘iziston uchun ushbu loyihada ishtirok etish transport infratuzilmasini yaxshilash, ish o‘rinlarini yaratish va tranzit oqimlaridan dividendlar olishga umid tug‘diradi.

Biroq, boshqa tomondan qaraganda, loyiha ma’lum xavflarni ham o‘z ichiga oladi.

Birinchidan, Xitoyga iqtisodiy qaramlikning kuchayishi Qirg‘izistonning tashqi siyosatda mustaqil qarorlar qabul qilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Uzoq muddatli istiqbolga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Xitoyning keng ko‘lamli loyihalari doirasida bergan yirik sarmoyalari siyosiy sharoitlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, har doim ham milliy manfaatlarga mos kelvermaydi.

Ikkinchidan, mintaqadagi Xitoy ta’sirining kuchayishi Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini saqlab qolishga intilayotgan Rossiya va AQSH kabi yirik o‘yinchilar bilan Xitoy orasida keskinlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Uchinchidan, temir yo‘l qurilib, ishga tushirilishi, agar standartlarga rioya etilmasa yoki shaffof bo‘lmagan shartnomalar va qarzlar bilan amalga oshirilsa, ekologik zarar va ijtimoiy tanglikka olib kelishi mumkin. Chunki bu tajriba Xitoyning boshqa mamlakatlardagi infratuzilma tashabbuslarida yuz bergani kuzatilgan.

Binobarin, bu temir yo‘l loyihasi nafaqat tog‘larni yo‘nib yo‘l ochish, balki hozirgi geosiyosiy qayta qurish timsollaridan biri hamdir.

Markaziy Osiyo borgan sari qarama-qarshi manfaatlar kurashi maydoniga aylanib, iqtisodiy loyihalar esa ta’sir o‘tkazish va nazorat qilish quroliga aylanib bormoqda.

Latif Rasix

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.