Qirg‘iziston “taraqqiyoti” haqida
So‘nggi yillarda davlat rahbarlari tarafidan Qirg‘iziston taraqqiyoti haqida ko‘p gaplar tilga olina boshlandi. Darhaqiqat, shu paytgacha Qirg‘iziston hokimiyatini egallagan barcha rejimlar mamlakat taraqqiyoti haqida gapirib keldi. Ammo hozirgi rejimning ahvoli avvalgilardan biroz farq qiladi. Chunki, xalq avvalgi rejimlarga dastlab ishongan bo‘lsa-da, biroq so‘zlari amaliga to‘g‘ri kelmaganligi va ko‘pincha xalqni aldaganligi sababli ularga bo‘lgan ishonch so‘nib qoldi. Hozirgi rejim o‘z gaplariga mos keladigan ishlarni ham qilayotgani uchun xalqning ularga bo‘lgan ishonchi o‘tmishdagi rejimlarda bo‘lganidek tez so‘nmayapti. Shuning uchun ham xalqning ishonchini qozonishga ishtiyoqmand bo‘lgan bu rahbarlar o‘zlarining ba’zi xom xayollari haqida ham qo‘rqmasdan va’dalar berishmoqda. Masalan, Qirg‘iziston vazirlar mahkamasining sobiq raisi Akilbek Japarov iqtisodda “Osiyo yo‘lbarslari”dan ham o‘tib, “Leopardning sakrashi”ni vujudga keltirishini aytgan edi (u bu gapni aytar ekan, o‘zi mansabdan “sakrab ketishini” xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak). Prezident Sadir Japarov esa, Qirg‘iziston tez orada dunyoning eng kuchli o‘nta davlati qatoriga kirishini aytdi. (Ammo, bu boradagi so‘nggi bayonotida u “kuchli 30 ta davlat qatoriga kirishi” deb, orqaga qadam tashlagandek bo‘ldi). Bu taraqqiyot haqidagi gaplarga diqqat bilan qarasak, gap asosan iqtisodiy taraqqiyot haqida ketayotganini ko‘ramiz. Shunday ekan, avval ushbu sohadan boshlaylik.
Bugungi kunda kapitalizm butun dunyoda hukm surmoqda. Garchi butun jahon tuzumining hozirgi boshqaruv nizomi demokratiya deb nomlanib, dunyo u orqali boshqarilayotgan bo‘lsa-da, aslida kapitalistik iqtisodiy nizom hayotda eng hukmron jabha hisoblanadi. Shuning uchun ham bu tuzum kapitalizm tuzumi deb ataladi. Chunki bu tuzumda kapital, ya’ni boylik birinchi o‘rinda turadi.
Mana shundan kelib chiqib, dunyo davlatlari “rivojlangan davlatlar”, “rivojlanib kelayotgan davlatlar” va “kam rivojlangan davlatlar” deb tasniflanadi. Shuningdek, iqtisodiy rivojlanish har bir davlatning asosiy maqsadi hisoblanadi. Chunki xalqlar ham o‘z hukumatlarining muvaffaqiyatini ana shu iqtisodiy rivojlanishlar bilan o‘lchaydilar.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, har bir tuzum (ya’ni mabda) o‘ziga xos iqtisodiy nizomga ega bo‘lib, bu iqtisodiy nizomlarni tatbiq qilish natijalari bir-biridan tubdan farq qiladi. Masalan, Islomning iqtisod nizomi hayotga tatbiq etilsa, uning natijalari kapitalistik iqtisod nizomining natijalaridan umuman boshqacha bo‘ladi. Shuningdek, kapitalistik iqtisodiyotning natijalari sotsialistik iqtisodiyot natijalaridan farq qiladi va ularning farqi jamiyat hayotida ko‘rinib turadi.
Iqtisodiy nizomlar o‘zaro bir-biridan farq qilar ekan, tabiiy ravishda ularning iqtisodiy rivojlanishga qarashlari va rivojlanishni o‘lchash me’yorlari ham bir-biridan farq qiladi. Qirg‘izistonda iqtisodiy rivojlanish haqida gap ketganda, mana shu kapitalistik iqtisodiy rivojlanish o‘lchovlariga tayanilanadi, chunki Qirg‘izistonda ham kapitalizm hukm surmoqda.
Rivojlanish haqida so‘z yuritilar ekan, birinchi navbatda, davlatning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) ko‘rsatkichi oshganligi haqida gapiriladi. Misol uchun, 2023 yilda Yevropadagi ba’zi xalqaro tahliliy institutlar Qirg‘izistonda YAIM 2050 yilda zo‘rg‘a 20 milliard dollarga yetib, Markaziy Osiyoda qoloq davlatga aylanishini bashorat qilgan edi. Bunga javoban, 2024 yilning yanvarida Vazirlar Mahkamasining o‘sha paytdagi raisi Akilbek Japarov 2030 yilgacha YAIM hajmini 20 milliard dollarga yetkazish mumkinligini, buning uchun esa, yiliga 10-11,5 foiz o‘sish sur’atini saqlab qolish zarurligini aytgan edi. Shuningdek, u 2050 yilga borib YAIM hajmini 200 milliard dollarga yetkazish ehtimolini tilga olib, buning uchun o‘sish sur’ati 10,3 foizdan kam bo‘lmasligi kerakligini ham ta’kidlagan edi. Yana bir misol, Milliy statistika qo‘mitasi 2023 yilda YAIMning o‘sishi 7 foizni tashkil etganini bildirgan bo‘lsa, 2024 yilda YAIM 1,5 trillion somdan oshib, yillik o‘sish sur’ati 9 foizni tashkil etganini ma’lum qildi. Hukumat bunday o‘sishni “katta sakrash” sifatida talqin qilmoqda. Biroq, shu bilan birga, pandemiya yilida, ya’ni 2020 yilda YAIM 8,5 foizga tushib ketganini hisobga olsak, buni “katta sakrash” emas, balki tiklanishdan keyingi biroz o‘sish deb hisoblash mumkin. Shuningdek bunda inflyatsiya kabi salbiy hodisalarning real ko‘rsatkichlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Yana bir misol, 2025 yil 11 iyun kuni prezident Sadir Japarov o‘z sahifasida “2030 yilgacha Qirg‘izistonni rivojlantirish milliy dasturi” haqidagi farmon yuzasidan bayonot berdi. Dasturda 2030 yilga borib YAIM hajmini kamida 30 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga YAIM hajmini 4,5 ming dollarga yetkazish va buning uchun real iqtisodiy o‘sishni kamida 8 foizdan tushurmay saqlash belgilangan. Hozir YAIMning aholi jon boshiga nisbatan ulushi qariyb 2,5 ming dollarni tashkil etadi.
Demak, yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, kapitalizmda iqtisodiy rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichi YAIM hisoblanadi. Nima uchun?! Keling, bu haqda bir oz to‘xtalib o‘tamiz. Kapitalizmda “odamlarning doimo yangilanib turuvchi turli-tuman ehtiyojlari qarshisida tovar va xizmatlarning yetishmasligi” iqtisodiy muammo hisoblanadi. Misol uchun, bugunga kelib dunyodagi eng boy odamlarda oyga sayohat qilish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Demak, bu ham iqtisodiy muammo bo‘lib, endi bu muammoni hal qilish uchun Oyga sayohat qilish vositalari ishlab chiqarilishi va kerakli xizmatlar ko‘rsatilishi kerak. Shuning uchun ham kapitalizmda iqtisodiy taraqqiyot quyidagicha ta’riflanadi: “Farovonlikning eng yuqori darajasiga erishish maqsadida jamiyatning barcha ehtiyojlarini qondirish uchun ortib qoladigan darajaga xizmat ko‘rsatish va mahsulot ishlab chiqarish darajasini oshirishdir”. (Mohiyatan, farovonlikning eng yuqori darajasi boylar uchun bo‘ladi va ayni paytda jamiyatdagi eng kambag‘al qatlam esa ochlikda yashaydi). Iqtisodiy muammoni hal qilish uchun mamlakatda ishlab chiqarilgan barcha tovarlar va xizmatlar hajmi YAIM deb ataladi va bu kapitalistik iqtisodiy rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichi hisoblanadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Qirg‘izistonda ham iqtisodiy taraqqiyot ana shu kapitalistik o‘lchov bilan o‘lchanadi.
Masalan, umuman olganda, Qirg‘izistonda YAIM 2022 yilda 900 milliard somni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2023 yilda 1,3 trillion somni tashkil qilgan edi. (O‘shanda tarixda birinchi marta YAIM trillion somdan oshib ketgandigi haqida “signal” berildi.) Demak, o‘sha yilgi daromad 400 milliard somni tashkil qildi. Endi buni aholi soniga bo‘lib, “jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad shuncha” bo‘ldi, deb ko‘z bo‘yamachilik qilishadi. Masalan, 2023 yildagi 400 milliard som daromadni 7 million kishiga taqsimlansa, 57000 somdan to‘g‘ri keladi va daromad aholi jon boshiga 57000 somga oshganligi aytiladi. Biroq, har bir kishining ulushi har xil bo‘ladi. Aslida, kapitalizmda foydaning katta qismi bir hovuch boy odamlarga tegadi, keyin esa o‘rta sinfga o‘tadi, qolgan insonlar esa foydadan quruq qoladi. Buning natijasida ularning ijtimoiy ahvoli yomonlashadi, qarzga botadi, uysiz qoladi va hokazo. Bunday natijalar kapitalizmning tabiatidir, ya’ni kapitalistik iqtisodiy nizom tatbiq etilsa mana shunday natijalar yuzaga keladi, boyning boyligi ortib, kambag‘al qashshoqlashib boraveradi. Endi buni Qirg‘iziston Statistika qo‘mitasi raqamlari misolda ko‘rib chiqamiz.
Statistika qo‘mitasi aholi daromadi bo‘yicha 20%dan besh guruhga bo‘lib, ularning ulushini o‘rganib chiqdi. Shunda eng boy qatlam 20%, eng kambag‘al qatlam ham 20% va ular orasida 20%dan iborat yana 3ta qatlam mavjud. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilda eng boy qatlamdagi odamlar eng kambag‘al qatlamdagi odamlarga nisbatan 6 barobar ko‘proq foyda ko‘rgan. Yuqorida aytib o‘tilgan YAIM 400 milliard somdan oshib(!) mamlakat 400 milliard som daromad olgan 2023 yilda eng badavlat qatlam daromadi eng kambag‘al qatlam daromadidan 10 barobarga ko‘p bo‘ldi. Ya’ni, avvalgidan 4 barobar o‘sdi. Shunda 400 milliard som daromadning 200 milliard somi eng badavlat kishilar ulushiga to‘g‘ri kelsa, eng kambag‘al qatlam ulushi esa 20 milliard somni tashkil qiladi. Qolgan 180 milliard som boy va kambag‘al orasidagi 3ta qatlam o‘rtasida taqsimlanadi. Aslida, bu davlat statistikasidir. Albatta, bu yerda siyosat aralashadi. Chunki davlat kapitalizmni tatbiq etar ekan, imkon qadar uning buzg‘unchiliklarini yashirishga harakat qiladi. Biroq shunday bo‘lsa ham, xalqning ishonchini butkul yo‘qotmaslik uchun ba’zi haqiqatlar (buzib ko‘rsatishlar va aldovlar bilan) chiqib turadi. Masalan, Statistika qo‘mitasi: “Qirg‘izistonda eng yuqori daromad oluvchi 20 foizni ham, eng past daromad oluvchi 20 foizni ham daromadi ortib bormoqda”, deb e’lon qildi va bu bilan kambag‘allar boyib borayotgandek ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Aslida, kambag‘allar faqat rivojlangan mamlakatlarda ko‘proq foyda ko‘rishlari mumkin. Asosan, ularning boyib ketishi biz kabi uchinchi dunyo davlatlarining boyliklarini talon-taroj qilishdan kelib chiqadi. Bizniki kabi “rivojlanib kelayotgan” mamlakatlarda kambag‘allarning gullab-yashnashi kamdan-kam uchraydi. Agar ular gullab-yashnasa, bu o‘sha xalqning ezilgan mehnati orqali bo‘ladi, lekin bu ham doimiy bo‘lmaydi, navbatdagi inqiroz uni supurib ketadi.
Demak, kapitalizmda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut tabiiy ravishda kengayishda davom etaveradi. Global tendensiyaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2024 yilda dunyodagi eng boy 1 foizi kishilar dunyo boyligining 50 foiziga, eng badavlat 10 foiz kishi esa dunyo boyligining 80 foiziga egalik qilishi, ulardan qolgan 20 foiz boylik esa dunyoning qolgan 90 foiz aholisining ulushiga to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Agar ushbu tendensiyadan kelib chiqib, Qirg‘izistondagi real vaziyatni kuzatadigan bo‘lsak, hayotdagi real vaziyat statistika qo‘mitasi bo‘yab ko‘rsatmoqchi bo‘lgan manzaradan boshqacha ekani ayon bo‘ladi. Har bir svetoforda tilanchilik qilayotganlar soni kundan-kunga ortib borayotgani va ijtimoiy tarmoqlarda yordam so‘rab murojaat qilayotganlarning ko‘payib borayotgani buning yorqin dalilidir. Shuningdek qarzini to‘lay olmaganli sababli uy-joylari tortib olinib, kambag‘allar safiga qo‘shilayotganlar soni ham ortib bormoqda. Bu borada yana bir misol keltirsak, hozirda uy-joy taqchilligi muammosiga yechim sifatida hukumat ipoteka uylarini taklif qilyapti. Albatta, bu uylar kambag‘allarning oxirgi 4-5 toifasi uchun mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Xuddi shu Ipoteka orqali 3-toifadagi ayrim kishilar boyliklaridan mahrum bo‘lib, oxirgi toifa safiga qo‘shilishi kutilmoqda. Chunki ipoteka shartnomasiga ko‘ra, agar fuqaro yakuniy to‘lovlarni amalga oshirmasa, u holda unga uy berilmaydi va avvalgi to‘lovlari ham kuyib ketadi. Mana shunday tarzda, YAIM yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgan bo‘lsa ham, 5-toifadagi kambag‘allar soni ortib boraveradi.
Yuqorida hukumatning 2030 yilgacha YAIM hajmini 30 milliard dollarga yetkazish maqsadi haqida aytib o‘tgan edik. Bugungi kunda hukumat “xorijiy sarmoyani jalb qilish”ni bunga erishishning asosiy yo‘li sifatida ko‘rsatmoqda. Ayni paytda Qirg‘iziston YAIMida xorijiy sarmoyaning ulushi 3,5 foizni tashkil etadi. Hozirda rasmiylar buni 13 foizga oshirishga harakat qilmoqda. Yuqorida qayd etilgan dasturda rivojlanishi zarur bo‘lgan 4ta soha belgilandi: 1) sanoatlashtirish; 2) logistika markazi; 3) qishloq xo‘jaligi va turizm; 4) yashil energiya. Davlat siyosati bo‘yicha, hukumat ushbu tarmoqlarda o‘z maqsadlarini, albatta, xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshirish niyatida. (Buning asl sababi shundaki, Qirg‘izistonda kapitalizm tatbiq qilinayotganidan tashqari, Qirg‘iziston shu kapitalizmning egalari bo‘lgan imperialistik davlatlarning mustamlakachilik changalida turibdi. Mustamlakachi davlatlarning mustamlakachiligi turli yo‘llar bilan amalga oshirilmoqda. Bu yo‘llardan biri “sarmoya”dir. Bu esa, mustamlakachilar qo‘l ostidagi mustamlaka mamlakatlar aholisidan arzon ishchi kuchi sifatida foydalanib, ularning boyliklarini talon-taroj qilishini anglatadi. Ammo mustamlakachilarning bu harakatlari usti yaltiroq qavat-qavat parda bilan o‘ralgani sababli sodda odamlar ularni payqashi qiyin. Masalan, 2024 yilda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Qirg‘izistonga kelganida: “Men Qirg‘izistonda bir necha bor bo‘lganman va hech qachon bunday dinamik rivojlanishni ko‘rmaganman. Shuning uchun avval men “Qirg‘iziston bu – uyqudagi malika” deb aytgan edim. Endi esa, sizning o‘lkangiz “yugurayotgan chempion” ekanligiga ishonchim komil”, degan edi. Bu mastamlakachi tashkilotning rahbari buni Qirg‘iziston chindan ham rivojlanib borayotgani uchun aytgan emas, balki Qirg‘iziston hukumati sarmoya bahonasida mustamlakachilarning yana ham ko‘proq mamlakatga kirib kelishiga sharoit yaratayotganini maqtash uchun aytgan edi).
Darhaqiqat, hozirgi hukumat rahbarlari hokimiyatga kelguniga qadar bu sarmoyador-mustamlakachini fosh qilib, uning uchun fidoyilik ko‘rsatib, xalq orasida obro‘-e’tibor qozonishgan edi. Bu bilan biz Qumtor oltin konini nazarda tutyapmiz. Hokimiyatga kelgandan keyin ham bu ishni davom ettirdilar, o‘sha sarmoyadorlarni mamlakatdan chiqarib yuborib, konni davlat nazoratiga oldilar. Bunda xalqaro jihatdan Rossiya-AQSH munosabatlarining yomonlashishi Qirg‘iziston uchun qulay sharoit yaratdi. Bir so‘z bilan aytganda, ular Rossiya ko‘magida konni davlat nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lishdi. (Akayevning kelib ko‘rsatma berishi ham shu doirada bo‘ldi. Biroq, ayni paytda, hukumat vakillari investorga qarshi asosiy da’volaridan voz kechishdi.) To‘g‘ri, “Qumtor” davlat nazoratiga olindi. Biroq hozirgi investorlarga berilayotgan va yana beriladigan konlar xuddi avvalgi “Qumtor”dan farq qilmayapti. Misol uchun, agar siz Jeruy konlari bo‘yicha kelishuvni diqqat bilan o‘rganib chiqsangiz va uning natijalarini kuzatsangiz, bunga aniq guvoh bo‘lasiz.
Qirg‘izistonning hozirgi xorijiy sarmoya tizimi quyidagicha: 1. Xitoy 24%; 2. Rossiya 22-26% orasida; 3. Turkiya 10% (xalqaro siyosat buyicha bu munosabatlar ortida asosan AQSH turganini unutmaslik kerak); 4. Bulardan keyin Yevropa davlatlari turadi. Bu hozirda resurslarimizni asosan Xitoy va Rossiya talon-taroj qilayotganligini anglatadi. Shu bilan birga, boshqa kuchlar ham o‘z ulushini oshirish uchun kurash olib bormoqda. Buni Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha “5+” sammitlarining o‘zi isbotlab turibdi. Hozircha Xitoy sarmoyasi kuchli kelmoqda. G‘arb davlatlari esa mintaqadagi hukumatlarni Xitoyning “ipak bilan so‘yish” ekspansiyasi bilan qo‘rqitib, ularni “diversifikasiya”ga undamoqda. Ya’ni, ular hamma narsani Xitoyga berib yubormay, o‘z investorlarini ham kirgizishga astoydil harakat qilmoqda. Bunga Qambarota-1 GESini misol qilib keltirish mumkin. (Ya’ni, buning uchun G‘arbdan investorlar qidirilmoqda).
Hukumatni shoshilinch ravishda investorlarni jalb qilishga undagan yana bir sabab bor. Bunga ham to‘xtalib o‘tamiz. Ya’ni shu o‘rinda bizga “rivojlanish” bo‘lib tuyulgan narsaga to‘xtalib o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Hozir nafaqat hukumatning o‘zi, balki ayrim kishilar ham rivojlanish bo‘lganini aytib, hukumatga ishonchi ortib bormoqda. Albatta, bizga rivojlanishdek tuyulgan narsalar avvalgi hukumatlar davridagi vaziyat bilan solishtirilib, aytilmoqda. Avvalgi hukumatlarning loqaydligi va beparvoligi xalqni yashash qulayliklaridan va ko‘plab ne’matlardan mahrum qildi. Shuning uchun ham xalq u hukumatlarni og‘darib tashladi. Endi xalq avvalgilaridan farq qiladigan, biroz bo‘lsa-da xalq uchun qayg‘uradigan va yashash uchun qulayliklar yaratadigan hukumatni orzu qilmoqda. Hozirgi rahbarlar xalqning ana shu ishonchini oqlash va’dasi bilan hokimiyatga kelishdi. Shu bois, ular o‘z kuchlarini saqlab qolish uchun xalqqa tasalli beradigan ishlarni qilishlari kerak bo‘lyapti. Shuning uchun maktablar qurilmoqda, yo‘llar ta’mirlanmoqda va hokazo… Ha, hozir shunday ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin bu ishlar qanday amalga oshirilyapti, qayerdan moliyalashtirilyapti?
Qamchibek Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, “qusturizatsiya” (qustirish siyosati)dan jami 100 milliard som daromad olingan. Buning 40 milliard somi naqd puldir. Bu mablag‘lar qayerga sarflangani haqida hatto “sun’iy intellekt” ham aniq ma’lumot topa olmadi. Aslida, bu pul davlat budjetiga yoki barqarorlashtirish fondiga tushadi. Qurilayotgan yo‘llarga kelsak, ularning yirik xalqaro loyihalari to‘liq tashqi kreditlar hisobidan moliyalashtirilmoqda. Masalan, Shimol-Janub muqobil yo‘li, Balbay-Qorako‘l yo‘li, Kuntuu-Suusamir yo‘lining texnik-iqtisodiy asosi shular jumlasidan. Shuning uchun, bularning budjetga aloqasi yo‘q. Ammo, respublika budjetidan moliyalashtiriladigan loyihalarni oladigan bo‘lsak, masalan, O‘sh-Batken-Razzoqov yo‘li va Bishkek-O‘sh (Suusamir) yo‘lini ta’mirlash va hokazo, bular Yo‘l jamg‘armasi orqali budjet hisobidan moliyalashtiriladi va ularga ajratilayotgan mablag‘lar 2025 yilda 4,4 milliard som qilib belgilangan. Yana bir misol Orokda qurilayotgan yangi stadionning sof xarajati 5 mlrd som hisoblangan. Agar yuqorida keltirilgan raqamlarga solishtiradigan bo‘lsak, yirik obyektlar va inshootlar qurilishini hamda yo‘l ishlarini bu mablag‘lar bemalol qoplaydi. (Chunki bu mablag‘lar miqdori 100 milliard somni tashkil qiladi!). Mana, “Intimak Ordo” qanday qurilganini hamma yaxshi biladi. Aslida, hukumat bunday imoratlar qurayotganidan faxrlansa-da, lekin, majozan aytganda, hukumat ular bilan “bechora onasining yolg‘iz uyini sotib, yangi moda shim kiyib olgan” deya ta’riflangan ayyor, ko‘pni ko‘rgan yigitning ishini qildi. Xalq uysiz yurgan bir paytda, o‘ziga saroy qurib, xalqni ipoteka bilan aldagan hukumat qanday hukumat bo‘ladi? Xalqi kredit sababli uyini oldirib qo‘yib, muhojirlikda sarson-sargardon bo‘lib yurgan paytda stadion qurish qanday hukumatning ishi o‘zi? Binobarin, biz uchun iqtisodiy taraqqiyot natijasi bo‘lib ko‘ringan ishlarning asl haqiqati umuman boshqacha. Birinchidan, bular iqtisodiy ishlab chiqarish foydasidan moliyalashtirilmagan; ikkinchidan, ular davlatning rivojlanishiga hissa qo‘shsa ham, fuqarolarning ahvolini yaxshilashga aloqasi yo‘q. Aslida, iqtisodiy o‘sish bo‘ldi deganda, uning samarasini odamlar hayotida ko‘rishimiz kerak. Ya’ni, har bir fuqaroning ahvoli yaxshilanishi kerak. Biroq, biz buni ko‘rmayapmiz. Buni hatto prezidentning o‘zi ham zimdan tan olmoqda. Shu bois “Milliy taraqqiyot dasturi” to‘g‘risidagi bayonotida: “Davlat resurslarini real, xalq uchun foydali aniq natijalarga yo‘naltiramiz. Davlat ishlarining samarasi qog‘ozda emas, xalqning kundalik hayotidagi o‘zgarishlarda ko‘rinishi kerak”, deb yozdi u.
Aslida qusturizatsiya siyosiy masala bo‘lib, uning iqtisodiy rivojlanishga hech qanday aloqasi yo‘q. Ertaga “qusadiganlar” ham tugaydi. (Agar chinakam qustirish bo‘lsa, birinchi bo‘lib Akayev qustirilgan bo‘lardi, lekin buyog‘i tanish-bilishchilik bo‘lib ketdi). Bugungi kunga kelib, parlament saylovlariga tayyorgarlik jarayonida korrupsiyaga qarshi kurash va qustirish ishlaridan foydalanila boshlandi. Chunki saylovgacha qishloq hokimliklaridan tortib, vazirlar mahkamasigacha sadoqat bilan xizmat qiladigan odamlarni tayinlash kerak. Keyin parlamentga ham itoat bilan ishlaydigan yangi kishilarni olib kelishadi. Prezidentlik sayloviga kelsak, – Putin usuli bo‘yicha – “birinchi shaxs”ni o‘z holicha qoldirish siyosati olib borilmoqda. (Hozircha bu borada jamoa ichida hech qanday kelishmovchilik bo‘lmadi). Bularning barchasi tugagach, budjet og‘ir ahvolda qoladi. Aslida, bu holatning oldini olish maqsadida Akilbek Japarov rahbarligida soliq islohotlari boshlangan edi. Biroq, xalq buni ko‘tara olmagach, islohotlar to‘xtab qoldi. (Ushbu islohotlar natijasida yetkazilgan talofatlar uchun hech kim javobgarlikka tortilmadi. Soliq xodimlari qurbon qilindi – albatta, biz ularni oqlamaymiz – vazirlar mahkamasi “suvdan quruq chiqdi”. Hamma narsaga shaxsan javobgar bo‘lgan prezident hech kimga javob bermadi). Ko‘p soliq yig‘ish bu kapitalistik davlatning asosiy vazifalaridan biridir. Bunda davlat faqat xalqning noroziligi tufayli chekingan bo‘lsa-da, bari-bir yana soliq siyosatiga qaytadi. Shuning uchun har bir amaldorning “Soliqlar bu – budjet demakdir, budjet esa o‘qituvchi va shifokorlar kabi davlat xizmatchilarining maoshi, pensiya va nafaqalardir”, deya soliqlarni oqlab, himoya qilayotganini eshitasiz. Akilbek Japarov davlat taraqqiyoti haqida gapirar ekan, u faqat mana shu soliqlarning ko‘p undirilishini nazarda tutgan edi. “Biz avvallari faqat “Qumtor”ga qaram edik, hozir esa “Qumtor”siz ham iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanayotganini ko‘rib turibmiz. Bu korxona uni qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlamoqda”, degan edi u.
(Xalq o‘zining kapitalizm zulmi ostida ezilayotganini “Kusturizatsiya” voqeasidan ham bilib olsa bo‘adi. Masalan, qancha-qancha korxonalar va mol-mulklar tortib olindi. Ularni davlat boylardan tortib oldi. Endi davlat ularni kimoshdi savdosiga qo‘yib, sotyapti. Ya’ni davlat ularni bir boydan tortib olib, boshqa boyga sotmoqda. Aniqrog‘i ular yana kapitalistni boyitadi. Bundan tashqari budjetga tushgan qismi, “epchil” korrupsioner amaldorlar tomonidan o‘zlashtirib olinadi.)
Demak, hukumat qusturizatsiya tugashidan oldin budjetni soliqlar bilan boyitishni xohladi, ammo bu amalga oshmay qoldi. Soliq sohasida chekinganidan so‘ng, davlat xorijlik investorlarning tez va keng ko‘lamli kirib kelishiga e’tibor qaratmoqda.
(Shu o‘rinda, investorlar haqidagi yana bir adashtiruvchi ma’lumotlarga to‘xtalib o‘taylik. Investor kelganidan so‘ng, u mahsulotni Qirg‘izistonda ishlab chiqarganligi sababli, bu ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi Qirg‘iziston YAIMiga yoziladi. Bu bilan bizning YAIM o‘sgandek ko‘rinadi va investor esa iqtisodiyotimizga qo‘shgan hissasi uchun olqishlanadi. Aslida, davlatimiz u ishlab chiqargan mahsulotdan faqat shartnomada ko‘rsatilgan qismini oladi va yana solig‘i ham qoladi, aksiyalardan dividend olishi ham mumkin. Demak, bular investordan bizga qoladigan narsalardir, foydaning asosiy qismi esa xorijga ketadi).
Esingizda bo‘lsa, prezident Qirg‘izistonning tashqi qarzi haqida gapirar ekan, “qarz masalasidan har kim o‘z siyosiy maqsadlari uchun foydalanadi, shuning uchun hukumat bundan buyon tashqi qarzlar uchun javob bermaydi”, deb xalqning muhosaba qilishini rad etgan edi. Xuddi shunday, xorijiy sarmoyadorlar faoliyatidan muhosabaga yo‘liqmasligi uchun hukumat boshidanoq harakat qilmoqda. Masalan, yetim bolalar masalasida faollarning hibsga olinishi kabi.
Shu o‘rinda davlatning nodavlat tashkilotlari, jamoatchilik faollari, ommaviy axborot vositalariga munosabati haqida ham alohida to‘xtalib o‘tish lozimdir. Darhaqiqat, jamoat faollari bo‘ladimi yoki ommaviy axborot vositalari bo‘ladimi – ulardan AQSH va Yevropaga tayanadiganlari davlat ichida faol ish olib borishayotgan edi. Biroq hozirgi hukumat ularga qarshi faol kurash boshladi. Dastlab G‘arbning g‘azabiga duchor bo‘lmaslik uchun jimgina kurashgan bo‘lsalar, hozir ochiq va qo‘rqmasdan harakat qila boshladi. Xususan, Trampning AQSH hokimiyatini egallashi bu harakatlar uchun yanada qulay sharoit yaratdi. Masalan, Tramp USAID va USAGM tashkilotlarini qisqartirish haqidagi farmonni imzoladi. Ilgari AQSH boshqa mamlakatlarning ishlariga aralashishga sharoit yaratish uchun bu tashkilotlardan foydalanib kelardi. Qirg‘izistonda ham shunday bo‘lgan. Shu bois Qirg‘iziston prezidenti shu va boshqa tashkilotlar bilan ishlayotgan Qirg‘izistondagi tashkilotlarni “Qirg‘izistonda beqarorlik yaratish uchun xorijiy davlatlar tomonidan moliyalashtirilayotganlikda” ayblab, ularga qarshi qonunlar qabul qildi. Shu bois u Trampning qisqartirishlaridan xursandligini yashira olmay: “Hatto bu tashkilotlarga egalik qiluvchi yirik davlatlarning o‘zlari ham bu tashkilotlarga qarshi bo‘lmoqda” dedi.
(Ha, o‘sha xorijiy tashkilotlar va ularning yurtimizdagi malaylaridan hech qanday yaxshilik yo‘q. Sirtdan qaraganda yaxshi ishlar qilayotgandek ko‘rinsa-da, aslida ortida katta xiyonatlar yotadi. Lekin, davlatning o‘zi ham – BMT va shu kabi – yirik global tashkilotlarga a’zo. Hukumat mustamlakachi tashkilotlarga xizmat ko‘rsatib, xalqini ularga qul qilib bermoqda. Bu holatda hukumatning xiyonati anavi kichik tashkilotlarnikidan oshib tushadi).
Demak, hukumat o‘sha “agentlar”ga qarshi kurashayotgan bir paytda, xalq uchun qayg‘urayotgani yo‘q, balki bundan o‘z manfaati uchun foydalanib, shu orqali davlatda axborot bo‘shlig‘ini yuzaga keltirishga harakat qilmoqda. Davlat qaysi investorga nima bergani, davlatning qancha qarzi borligi, budjetdagi mablag‘ qayoqqa sarflanayotgani, insonlarning ahvoli va hokazolar haqidagi real ma’lumotlarni xalqdan yashirib, faqat hukumat bergan ma’lumotlar bilan ta’minlashga harakat qilmoqda.
Xorijiy sarmoya haqida xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, darhaqiqat bu ulka boyliklarini imperialistik mustamlakachilarga qo‘sh-qo‘llab topshirishdir. Biroq amaldagi ichki siyosatda esa qusturizatsiyadan tushadigan mablag‘lar oqimi to‘xtamaguncha budjetni ushbu tarmoq orqali to‘ldirish ko‘zda tutilmoqda.
Iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida prezident qarz masalasini ham tilga oldi, shunday ekan bu haqda ham gapirib o‘taylik. Prezident qarz haqida: “Bundan buyon tashqi qarz olishda xavotirga o‘rin yo‘q, xatarli joyi ham yo‘q”, deb, hatto qarz 15-16 milliard dollarga yetsa ham qo‘rqmaslik kerakligini aytdi. Demak, u ham avvalgi davlat rahbarlari kabi davlatni qarzga botirish yo‘lidan ketmoqda. Biroq, u oldindan o‘zini oqlab: “Avvalgi olingan qarzlar o‘zini qoplaydigan loyihalarga ishlatilmagan, qumga singib ketgan suv kabi yo‘q bo‘lib ketgan”, dedi.
(Ha, shunday bo‘lgan, aslida qarz beruvchi tomonlar ham aynan shu narsani ko‘zlab qarz beradi. Masalan, qarzlarning ko‘pchiligi yo‘l qurish kabi sanoatga oid bo‘lmagan sohalarga beriladi hamda qarz beruvchilar korrupsionerlar o‘zlashtirib olishini bilib turib, berishadi. Bu yo‘llar asosan mustamlakachilarning mollari bizning mamlakatlarga sotilishi va shu yo‘ldan olib o‘tilishi uchun quriladi. Mana shu tarzda mustamlakachilar “bir tosh bilan ikki qushni urishadi”, ya’ni qarzning foizini oladi yoki to‘lanmagan qarzi uchun yer va konlarni oladi. Qarzlar hisobiga qurilgan yo‘llar ham ularning manfaatlariga xizmat qiladi. Ammo bu yo‘llardan xalqimiz ham foydalanayotgani odamlarning ko‘zini pardalab, mustamlakachilarning makkor maqsadlarini ko‘ra olmaydigan qilib qo‘ymoqda).
Ayni paytda davlatning tashqi qarzi 4,5 milliard dollarni tashkil etadi. Rasmiylar bu qarzni 2035 yilga qadar to‘lashini aytishmoqda. Olingan qarzlarni “suvga singdirib yuborgan” avvalgi hukumat vakillari negadir qusturizatsiyaga tortilmadi. Qarz esa xalq cho‘ntagidan, ya’ni budjetdan to‘lanmoqda. Qirg‘iziston 2024 yilda tashqi qarzini to‘lash uchun 700 million dollar sarfladi. Ayni damda, “Qumtor”ning o‘sha yilgi sof foydasi 400 million dollarni tashkil etdi, shuningdek, davlatga 200 million dollarga yaqin soliq va to‘lovlar o‘tkazdi. Aniqroq aytganda, summa: 600 million dollarni tashkil qildi. Demak, Qumtorning yillik Foydasi tashqi qarzning yillik to‘lovini qoplashga yetmaydi!
Yuqorida aytganlarimizdan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, demak, hukumat “rivojlanish” deganda kapitalistik iqtisodiy taraqqiyotni nazarda tutadi. Vaholanki, bizga iqtisodiy taraqqiyot sifatida ko‘rsatilayotgan rivojlanishlar bevosita qusturizatsiyadan hamda korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashdan olingan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilmoqda. Bular ham davlatning mavqeini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, shaxslarning holati e’tiborga olinmaydi. Qolaversa, bu o‘zgarishlar hukumat nufuzini oshirishga qaratilgan bo‘lib, uning avtoritar tuzum o‘rnatishiga yo‘naltirilgan.
(Kapitalizmda davlat o‘zini shaxslarga g‘amxo‘rlik qilayotgandan ko‘rsatishga harakat qilsa ham, haqiqatda buning yolg‘on ekanligi ochilib qolaveradi. Masalan, hozir Qirg‘izistonda shunday bo‘lmoqda. Odamlarga meditsina bepul, deyishadi. Aslida meditsina xodimlari soliq hisobidan maosh oladi, soliq esa xalqdan yig‘iladi. Ular go‘yoki tekin berdik, degan dori-darmonlar yoki yotoqxonalar majburiy tibbiy sug‘urta (FOMS) polisi orqali ta’minlanadi. Bu jamg‘arma yana o‘sha xalqning sug‘urta badallaridan olinadi. Yana bir misol, davlat tashqi qarz hisobidan avtomobil yo‘li quradi. Keyin bu qarz foizi bilan budjetdan to‘lanadi. Bir kun kelib davlat o‘sha yo‘lni “pullik” yo‘lga aylantiradi va buni ham biz to‘laymiz. Bundan tashqari, o‘sha yo‘l uchun benzinga 1 somdan qo‘shib to‘laymiz. Shunday qilib, bitta yo‘l uchun to‘rt marta to‘lagan bo‘lamiz. Aslida, bu talonchilikning o‘zginasi, faqat “qonuniy qaroqchilar” buni qonuniylashtirib olishgan xolos. Yana bir misol, davlat oylik, pensiya va nafaqalarni oshirganligi haqida aytmoqda, shu bilan birga turli bahonalar orqali nafaqa oluvchilar sonini kamaytirib, budjet mablag‘larini tejashga harakat qilmoqda. Masalan, 2022 yilda “Oilaviy yordam” nafaqasi uchun budjetdan olingan mablag‘ YAIMga nisbatan 0,53 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 0,37 foizni tashkil etdi, ya’ni 230 million somga kamaydi. YAIM o‘sdi, foyda kamaydi. “Ijtimoiy shartnoma” kabi narsalar esa kapitalizmning “yirtiq”lariga majburan qo‘yilgan “yamoqlar”dir).
Hukumat iqtisodiy taraqqiyot bilan bir qatorda boshqa sohalarda ham islohotlar olib borilayotgani va yuksalish sari qadam tashlayotgani haqida aytib keladi. Biroq, haqiqatda biz buning aksini ko‘rsatadigan “islohotlar”ga guvoh bo‘lmoqdamiz. Meditsina sohasini isloh qilish haqida aytildi, ammo biz vazirlar almashinuvi va omadsizlikdan boshqa narsani ko‘rmadik. “Kirgiz-Farm”ning “El Aman” loyihasi qanday barbod bo‘lganini hammamiz ko‘rdik. (Bu sohada qanchadan-qancha ovoragarchiklar, sarf-xarajatlar bo‘ldi, barchasi xalqning zarariga bo‘ldi, ammo bular uchun hech kim javobgarlikka tortilmagan). Davlat boshqaruvida isloh o‘tkazamiz deyishdi, vazirliklarni qisqartirishdi, boshqalarini ochishdi, ayrimlarini birlashtirishdi, yana bo‘lishdi, ba’zi birlarining nomini o‘zgartirishdi va hokazo… Qisqasi, bu ish ham ortga ketdi. (Hozir ham davlat boshqaruvini isloh qilish Strategik tashabbuslar instituti koordinatsiyasida davom etmoqda. Biroq uning ham muvaffaqiyatsizliklari yaqqol namoyon bo‘la boshladi. So‘ng maktab ta’limini 12 yil qilib qo‘yishdi. Buning muvaffaqiyatsizligini birgina misol bilan ko‘rish mumkin. SSSR davrida 10 yillik ta’lim 11 yilga o‘zgartirilgan edi. Biroq, ko‘zlangan maqsadlar ro‘yobga chiqqan emas. Bu imperiya amalga oshira olmagan islohot Qirg‘izistonda muvaffaqiyatli amalga oshmasligi aniq. Bor-yo‘g‘i xalqni qiynab, bolalarning ta’lim darajasini yanada pasaytiradi xolos. (Aslida, bunga ham kapitalistik “islohot” sifatida qarash lozim. Kapitalizmda ta’lim siyosati faqat kapitalistlarning farzandlari yaxshi ta’lim olishiga qaratiladi, qolgan oddiy xalqning bolalari esa qorong‘ulikda qolaveradi. Bu islohotning oqibati faqat kambag‘allarning farzandlariga ta’sir qiladi. Kapitalistlarning farzandlari esa xususiy maktablarda ta’lim oladi va bunday “zarbalar” ularning munosib ta’lim olishiga ta’sir qilmaydi). Shuningdek, ma’muriy-hududiy islohot amalga oshirildi va hozirgacha xalq buning ham ovoragarchiliklaridan aziyat chekmoqda, biroq foydasini hali ko‘rgani yo‘q. Demak, rasmiylar bu sohalarda o‘zgarishlar bo‘lganini da’vo qilsa-da, real voqelik buning aksini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Bulardan tashqari, xalq ishonchini oqlash maqsadida mutasaddilarning uzoq yillarga mo‘ljallangan va xalqni umidlantirib qo‘yadigan ulkan xayoliy loyihalari ham bor. Ulardan ba’zilari boshlangan, keyin yana to‘xtab qolgan, aslida xalqning ulardan ham umidi qolmadi.
Bu kabi muvaffaqiyatsizliklar, albatta, xalqning hozirgi hokimiyatga bo‘lgan ishonchini susaytirdi. Aslida Qirg‘izistonda hokimiyat bilan xalq o‘rtasida anchadan beri katta tafovut mavjud. Xalq ichida amaldor va oligarxlarga nisbatan nafrat kuchli. Shu boisdan xalq hozirgi hukumatdan ularning hammasini bartaraf etishini kutmoqda. Shuning uchun ham hokimiyatga “kredit doveriye” berilmoqda. Buning muqobilida, ushbu jarayon doirasida hukumat oddiy fuqarolarning huquqlarini poymol qildi. Ayniqsa, buni “snos” ishlarida ko‘rib turibmiz. Masalan, xalqning “snos” bo‘lgan mulkini qonuniylashtirib bergan amaldorlarga hech kim hech narsa degani yo‘q, bundan faqat oddiy xalq jabr ko‘rmoqda. Shuningdek odamlar bozorlardagi o‘rinlarini yo‘qotmoqda va hokazo… Tartib o‘rnatamiz, deb odamlarni tartibsizlikka tortmoqda.
Hokimiyat oxir-oqibat xalq ishonchini yo‘qotishini boshidan bilardi. Shu bois ular huquq-tartibot idoralari uchun binolar va xizmat uylarini qurib berib, “politsiya davlati” barpo etishni allaqachon boshlagan. Endilikda huquq-tartibot idoralari xodimlarini – korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash kabi ishlar bahonasida – talonchiga aylantirishdi.
Bu hukumat avtoritar rejim o‘rnatmoqchi, politsiya davlatini o‘rnatmoqchi, deyapmiz. Bu ham kapitalizm tatbig‘ining tabiiy natijasidir. Demokratiyaning otalari bo‘lgan yirik imperialistik davlatlar o‘zlarining buzuq kapitalistik-imperialistik qonunlarini qonuniylashtirib, o‘z mamlakatlarida ma’lum darajada bu qonunlar diktaturasini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldilar. Biroq, biz kabi uchinchi dunyo mamlakatlarida bunday narsa bo‘lmaydi. Shuning uchun, mamlakatlarimizga nazar tashlasangiz, ularning barchasi avtoritar rejimligiga guvoh bo‘lasiz. Hukumatlarimiz boshqaruvning bundan boshqa modelini bilmaydi, faqat bilgani shu. Juda bo‘lmaganda Erdo‘g‘onni kumir qilib olishadi. Xalqning ko‘z ochib ko‘rganlari Islom Karimov, Shavkat Mirziyoyev; Saparmurod Niyozov, Gurbanguli Berdimuhamedov; Imomali Rahmon; Nursulton Nazarboyev, Jomart Tokayev – faqat shular. (Endilikda, hatto AQSH kabi qonun diktaturasini o‘rnatgan davlatlar rahbarlari ham avtoritarizmga moyil bo‘lib qoldi.)
Hukumat shu yillarda o‘z raqiblariga qarshi kurashning birinchi “yumshoqroq” bosqichini bosib o‘tdi. AQSH agentlariga ham, Rossiya agentlariga ham, ularning ortida turganlarga ham qattiq zarba bera olmadi, faqat hammani qo‘rqitib qo‘yish uchun jinoyat olamidan ba’zilarni qurbon qildi. Endi parlament va prezidentlik saylovlaridan keyin – agar ular o‘zlari o‘ylagan natijalarga erishsa – ikkinchi “qattiq” to‘lqinni boshlaydi. Biroq, har daqiqada kutilmagan o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan bugungi xalqaro vaziyatda aniq natijalar haqida aytish qiyin. Zero, bizning ichki siyosatimiz ham o‘sha xalqaro vaziyatdan kelib chiqadigan shart-sharoitlardan bevosita ta’sirlanadi. Hozirgi holat Karimov va Rahmonov kabilar avtoritarizm o‘rnatgan davrdagi holatdan farq qiladi. Qolaversa, Qirg‘izistonda ko‘p yillardan buyon shakllangan va to‘liq avtoritarizm o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladigan alohida shart-sharoitlar mavjud. Bu shartlar hukumat va xalqni o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zaro kelishishga undaydi.
Agar hukumat to‘liq avtoritarizmni o‘rnatadigan bo‘lsa, hukumatni muhosaba qilishda hukumat bilan Hizb ut-Tahrir yuzma-yuz qoladi. Maydonda muvaffaqiyatga erishish xalqning ko‘proq qo‘llab-quvvatloviga erishishga bog‘liqdir. Agar xalq orasida Hizbni qo‘llab-quvvatlash kuchsiz bo‘lsa, xuddi Makkada Banu Hoshim daraga surgun qilinganidek, Qirg‘izistondagi Hizb yigitlari ham jamiyatdan ajratib qo‘yiladi. Keyin xalqning qo‘llab-quvvatlashini qayta qo‘lga kiritish uchun hozirgidan ko‘ra bir necha barobar mehnat va mashaqqat talab qilinadi. Agar xalqning qo‘llab-quvvatlashi kuchli bo‘lsa, yigitlar Madinadagi ansorlar kabi katta muvaffaqiyatlarga erishadilar. Xalqning qo‘llab-quvvatlashi Hizb fikrlarining xalqqa qay darajada singdirilganligi va xalqning uni qanchalik qabul qilinganligi bilan o‘lchanadi.
So‘zimizni taraqqiyot haqida boshlagan edik, bundan tashqari, so‘zimizga tegishli boshqa mavzularni ham yoritdik. Endi so‘zimiz so‘nggida yuqorida boshlagan so‘zimizga yakun yasaymiz.
Demak, taraqqiyot deganda faqat iqtisodiy rivojlanishni nazarda tutmaslik kerak. Kapitalistik iqtisodiy nuqtayi nazardan kelib chiqqan iqtisodiy rivojlanishni xalqqa tiqishtirish, xalqni kapitalizm zulmatida, ko‘r holatda ushlab turadigan mustamlakachilar saqofatidan boshqa narsa emas. Shuningdek taraqqiyot deganda faqat harbiy yoki boshqa sohalardagi o‘zgarishlar nazarda tutilmasligi kerak. Rivojlanish omillari shaxslar, partiyalar va davlatlarga nisbatan har xil ekanligini bilish ham muhimdir. Masalan, shaxslar aqida bilan, hizb siyosat bilan, davlat esa mabdani tatbiq etish bilan rivojlanadi. Tarixdan bir misol keltirsak, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotga go‘zal suratda ergashgan musulmonlar Islom aqidasi bilan rivojlandi; kommunistlar kommunizm aqidasi bilan rivojlandi; demokratlar sekulyarizm aqidasi bilan rivojlandi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari birlashib, siyosiy faoliyat olib borishdi, ya’ni rivojlangan Islomiy hizb tuzdilar; kommunistik partiya kapitalizmga qarshi siyosiy faoliyati bilan rivojlandi; demokratik partiyalar demokratik davlatlarni demokratiya asosida muhosaba qilish bilan rivojlanmoqda, masalan, respublikachilar va demokratlar AQSH hukumatini muhosaba qilgani kabi.
Davlat esa mabdani tatbiq etish bilan rivojlanadi. Tarixda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam barpo etgan davlat Islom mabdasini tatbiq etgani kabi. Shuningdek, SSSR kommunistik mabdani va hozirgi imperialistik kuchlar kapitalizmni tatbiq etgani kabi. Mabdani tatbiq etish bilan rivojlangan davlatning boshqaruv, siyosat, iqtisod, tibbiyot, ta’lim kabi boshqa tarmoqlari ham rivojlangan bo‘ladi.
Bularning barchasidan ko‘rinib turibdiki, Qirg‘iziston xalqi boshqa musulmonlar bilan birlashish orqali faqat Islom bilan rivojlanish imkoniyatiga ega. U hech qachon demokratiya bilan, ya’ni kapitalizm bilan rivojlana olmaydi. Chunki, birinchidan, bu xalq musulmon xalqdir. Ikkinchidan, bu davlat imperialistlar tomonidan mustamlaka qilingan davlatdir. Agar u o‘z Islomi bilan mustamlakachilikdan xalos bo‘lmasa, bir xo‘jayindan ikkinchi xo‘jayinga o‘tib, qul bo‘lib qolaveradi. Bu esa bizning musulmonchiligimizga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, Alloh Taolo kofirlarni bizlarga hukmronlik qilishdan qaytargan va bizning ulardan ustun bo‘lishimizga buyugan.
Saqofat bo‘limi