Mustamlaka xaritasi va unutilgan haqiqat

54
0

Mustamlaka xaritasi va unutilgan haqiqat

Tarixni mag‘lubiyatga uchraganlar emas, g‘oliblar yozadi. Xususan, sobiq imperiyalar o‘zlarining mustamlakachilik tarixini go‘zal ranglar bilan bo‘yab, o‘z kengayishlarini “sivilizatsion vazifa” deb, bosqinchiliklarini esa ilmiy jasorat sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. Bunday munosabatni Qirg‘izistonda haykali o‘rnatilgan va xatto pochta konvertlarida surati qo‘llanilgan Petr Semyonov-Tyan-Shanskiyning faoliyatida ham ko‘rish mumkin. Gazeta va darsliklarda u Tyan-Shan tog‘lari va Issiqko‘lni kashf etgan xolis ilmiy tadqiqotchi sifatida ko‘rsatiladi. Biroq, bu ilmiy izlanishning orqasida bosqinchilik siyosatining haqiqiy maqsadlari yashiringan bo‘lib, xaritalar yangi hududlarni bo‘ysindirishning birinchi qadami edi. Rus ofitseri Petr Semyonov-Tyan-Shanskiy shunchaki “tadqiqot” o‘tkazgan emas, balki razvedka xizmatini amalga oshirgan. U strategik jarayonlar, resurslar va aholi punktlari ustida kuzatuv ishlarini olib borgan. Uning ekspeditsiyasi mintaqani harbiy va ma’muriy bosib olishga qaratilgan tartibli tayyorgarlikning bir qismi edi. Har qanday bosqinchilik siyosati oldidan ilmiy yoki madaniy ekspeditsiya olib boriladi, so‘ngra qo‘shinlar kirgizilib, ma’muriy amaldorlar o‘rnatiladi, keyin esa bosqinchi kuchlarning qonunlari kiritiladi. So‘ng, har qanday qarshiliklar bostirilib, mahalliy aholi butunlay bo‘ysundiriladi. 19 asrdagi Turkiston tarixi olimlarga minnatdorchilik bildirish uchun ularni quchoq ochib kutib olgan “tog‘liklar” tarixi emas. Bu shiddatli qarshiliklar, qo‘zg‘olonlar va ularni kuch bilan bostirish tarixidir. Bu mahalliy hukmdorlar bilan tuzilgan vaqtinchalik yolg‘on shartnomalar va biroz o‘tib ularning qulash tarixidir. Demak, Semyonov-Tyan-Shanskiy qirg‘izlarga xaritani “tuhfa qildi” va shu orqali mintaqani global jarayonga qo‘shdi, deyish katta xatodir. Bu tashqi dushmanning agressiv siyosatidan ko‘z yumish hisoblanadi. Aslida, bu “Biz sizga xaritani beramiz, siz bizga yeringizni topshirasiz”, degan ma’noni anglatadi. Shundan so‘ng general Kaufman, Chernyayev va Skobelevlarning ekspeditsiyalari mintaqada Rossiya imperiyasining hokimiyatini mustahkam o‘rnatdi. Shu bilan birga, harbiy harakatlar imperiya tarixida qayd etilgani kabi “qaroqchilar”ga qarshi emas, balki o‘z ozodligini saqlab qolishga harakat qilgan mahalliy harakatlarga (bosmachilarga) qarshi olib borildi. Bosqinlar o‘z bosqinchiliklarini “qirg‘izlarni Qo‘qon xonligidan ozod qilish zarur”, deya oqlagan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay, ularning maqsadi rus hukmronligini o‘rnatish ekanligi ma’lum bo‘ldi. Xalq bu harakatlar ozodlik uchun emas, balki Rossiya bosqinchiligiga bo‘ysundirish uchun bo‘lganini tushunganligi hatto qirg‘iz maktab darsliklarida ham qayd etilgan. Tarixiy haqiqat obyektiv nuqtayi nazarni talab qiladi. Semenov-Tyan-Shanskiy Qirg‘izistonni Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shish jarayonining bir qismi bo‘lgan. Uning faoliyatini mustamlakachilik kontekstidan ajratib bo‘lmaydi. Uning ekspeditsiyalari rus bosqinchilarining manfaatlariga xizmat qilgan. Bu faktni uning geograf sifatida olib borgan ishlari yo‘qqa chiqara olmaydi. Sankt-Peterburg muzeylarida uning bu yerlardan to‘plagan kolleksiyalari bugungi kungacha saqlanib kelmoqda. U yerdan olinib, xususiylashtirilgan osori-atiqalar, ilmiy qadriyatlar, madaniy yodgorliklar ishg‘ol timsoli sifatida saqlanmoqda. Hozirda Baliqchi shahridagi Semyonov haykali taqdiri jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan bir paytda, bir narsani esdan chiqarmaslik kerak: gap bitta shaxs haqida emas, butun boshli bir xalqning o‘z tarixini adolatli talqin etish huquqi haqida ketmoqda. Tarix o‘nglab, tuzatib qo‘yiladigan gulzor emas, u haqiqiy voqealar ko‘zgusidir. Agar bu ko‘zguda mustamlakachilik zo‘ravonligi aks etsa, uni pochta markalaridagi rasmlar bilan yashirib bo‘lmaydi. Ertak to‘qimasdan, haqiqatni yozish lozim.

Latiful Rasix

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.