Misrdagi yo‘l-transport hodisalari g‘amxo‘rlikning yo‘qligi va kapitalistik tuzum buzuqligining yaqqol isbotidir

23
0

Matbuot bayonoti
Misrdagi yo‘l-transport hodisalari g‘amxo‘rlikning yo‘qligi va kapitalistik tuzum buzuqligining yaqqol isbotidir

Kun sayin takrorlanayotgan va fojiali odatga aylangan manzara yana takrorlandi: bir necha kun oldin odamlar Manufiya viloyatidagi mintaqaviy trassada sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida to‘qqiz begunoh insonning halok bo‘lgani haqidagi dahshatli xabar bilan uyg‘ondi. Bu falokat yuraklarni yig‘latib, o‘n sakkiz nafar yosh qizlarni hayotdan olib ketgan boshqa bir fojiadan bir hafta o‘tmay sodir bo‘ldi. Hodisa avvalgilaridan faqat qurbonlar soni bilan farq qildi, xolos. Misr rejimi bu mintaqaviy trassani «milliy yutuq» deb ta’riflab keladi. Ammo aslida trassa hukmdorlarning yolg‘on shiorlar ortiga yashirinib, xalqning eng oddiy huquqi bo‘lmish xavfsiz hayotni ham poymol qilishayotganining jonli guvohiga aylandi. Uni aslida, odamlarning jonlarini tortib olayotgan halokat yo‘li deyish mumkin!
Bu halokatlar tasodifiy hodisalar yoki taqdir va omadsizlik bilan oqlanadigan voqealar emas. Balki bu – xalq ishlariga haqiqiy g‘amxo‘rlik yo‘qligi va davlat idoralarida ildiz otgan doimiy korrupsiyaning tabiiy va bevosita oqibatidir. Bu iflos korrupsiyaning ildizi sasib-chirib ketgan kapitalistik tuzumga borib taqaladi. Chunki bu tuzum barcha ishlar va qarorlarni faqat manfaat va foyda nuqtayi nazaridan baholaydi, barcha narsani faqat daromad va zarar tarozisida o‘lchaydi. Alloh belgilagan halol va harom esa ularning nazarida hech qanday qadrga ega emas.
Associated Press agentligining 2025 yil 27 iyunda chop etilgan xabariga ko‘ra, 19 nafar inson, jumladan guldek yosh 18 nafar qizlarning hayotiga zomin bo‘lgan yuk mashinasi juda yuqori tezlikda harakatlangan. Yo‘l ham eskirib, hali ta’mirlash ishlari yakunlanmagan bo‘lgan. Shunga qaramay, rasmiy idoralar hech qanday xavfsizlik choralari yoki nazorat tizimisiz ushbu yo‘lda harakatlanishni davom ettirishga yo‘l qo‘ygan. Xuddi shu agentlikning 2025 yil 5 iyuldagi mintaqaviy trassada ikki mikroavtobus to‘qnashuvi haqidagi boshqa bir xabariga ko‘ra, ortiqcha yuk, haydovchilarning belgilangan tezlikka amal qilmasligi, yo‘lning yetarlicha yoritilmasligi va yo‘l belgilariga e’tiborsizlik ushbu qonli halokatning bevosita sabablari bo‘lgan. Yo‘llarni ta’mirlash, xavfsizlikni ta’minlash va haydovchilarni nazorat qilishdagi davlat idoralarining loqaydligi uchun ularni javobgarlikka tortish o‘rniga, rasmiylar xalq g‘azabini yumshatish uchun arzimagan tovon pullari, «chuqur qayg‘u» va «shoshilinch choralar» haqida mazmunsiz bayonotlar bilan kifoyalandi. Go‘yoki muammo haqiqiy g‘amxo‘rlikning yo‘qligida emas, odamlarga yetarlicha hamdardlik bildirilmaganida ekan! Inson hayotini asrash – Islomning eng buyuk maqsadlaridan biri bo‘lib, dinimiz hukmdorlar zimmasiga xalq manfaatlarini ta’minlash va haq-huquqlarini muhofaza qilish mas’uliyatini yuklagan. Islomda hukmdorlar xalq fikrini chalg‘itish va tashqi ko‘rinishi jozibador, aslida esa e’tiborsizlikka asoslangan soxta loyihalar bilan aldash uchun hokimiyatga olib kelinmaydi. Rosululloh ﷺ aytganlar:
«وَالْإِمَامُ رَاعٍ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ»
«Imom-xalifa g‘amxo‘r cho‘pondir va o‘z fuqarosidan javobgardir». Bu ulkan mas’uliyat faqat hayot ishlarini bozor va foyda o‘lchovi bilan emas, balki shariat mezoni asosida tartibga soladigan boshqaruv nizomini qoim qilish bilangina ro‘yobga chiqadi.
Trassalar va jamoat infratuzilmalari omma mulki hisoblanib, ulardan butun jamoat foydalanadi. Davlat esa ularni muntazam ta’mirlash va foydalanuvchi insonlarning xavfsizligini ta’minlashdan mas’uldir. U bu borada hech qanday loqaydlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak. Biroq bugungi kunda biz bu mintaqaviy trassa va boshqa yo‘llarning har kuni o‘n minglab ishchi va kambag‘allar uchun asosiy harakat yo‘li bo‘lib xizmat qilishiga qaramay, hatto eng oddiy infratuzilmadan ham mahrum qolayotganini va bu kapitalizm tuzumida ildiz otgan korrupsiyaning tabiiy natijasi ekanini guvohi bo‘lib turibmiz. Zero, Misr rejimi qabul qilgan kapitalistik boshqaruvda insonga faqat foyda hisob-kitoblaridagi oddiy raqam sifatida qaraladi.
Sog‘liqni saqlash va aholi vazirligi hamda xalqaro matbuot ma’lumotlariga ko‘ra, Misrda har yili 7000 dan ortiq kishi yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lmoqda. Bu raqam ko‘plab qurolli mojarolarda halok bo‘lganlar sonidan ham ortiq. E’tiborga molik jihati shundaki, yo‘l-transport hodisalarining asosiy qismi mintaqaviy trassa, Janubiy trassa va Alamiyn trassasi kabi yangi qurilgan yo‘llarda sodir bo‘lyapti. Bu esa falokatlarga sabab eski yo‘llar emas, balki jamoat mol-mulkini boshqarishda inson xavfsizligini mensimaydigan boshqaruv mentaliteti ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Kapitalizm xususiylashtirish va davlat aktivlarini sotishni oqlab, infratuzilmani faqat boylik to‘plash vositasiga aylantiradi. Bunday tuzum hech qachon haqiqiy g‘amxo‘rlik ko‘rsata olmaydi. Chunki u g‘amxo‘rlikka shar’iy huquq sifatida emas, balki moliyaviy yuk sifatida qaraydi.
Islom esa insonga Alloh Taolo mukarram qilgan aziz mavjudot sifatida qaraydi. Shuningdek, insonning joni, mol-mulki va nomusini himoya qilishni eng asosiy maqsadlardan biri deb biladi va bu maqsadni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha vositalarni ta’minlash mas’uliyatini davlat zimmasiga yuklaydi. Islom davlati hukmronligi ostida yo‘llar muhofaza qilinib, xavfsizlik talablariga to‘liq muvofiq shaklda jihozlanadi: yo‘llar yetarli darajada yoritiladi, munosib tezlik chegaralari belgilanadi, yuk tashishda belgilangan me’yorlar qat’iy nazorat qilinadi, harakatlanish vaqtlari tartibga solinadi, xavfsizlik to‘siqlari o‘rnatiladi va inson hayotini mensimaganlarga nisbatan tiyib turuvchi shar’iy jazolar joriy etiladi. Islom davlati yo‘llarni ta’mirlash uchun zarur mablag‘larni ajratishni o‘z zimmasidagi vazifa deb biladi. U buni hech qachon minnat sifatida emas, balki shariat talab qilgan vazifa sifatida amalga oshiradi.
18 nafar qiz va 9 nafar inson halok bo‘lgan fojialar bu yillar davomida qon bilan bitilayotgan fojialar daftarining yana bir qora sahifasidir. Zero, bunday falokatlar inson hayotini mensimaydigan va faqat mansabdorlar manfaati hamda ularning bank hisoblarini himoya qiladigan tuzum sharoitida sodir bo‘lmoqda. Ba’zilar «bu halokatlar taqdirdan» deb aytishi mumkin. Ammo shariat bizga shuni ochiq-oydin o‘rgatganki, taqdir insonni mas’uliyatdan ozod qilmaydi! Aksincha, odamlarni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan shar’iy chora-tadbirlarni ko‘rmaslik mas’uliyatsizlik sanaladi va bu uchun hisob so‘raladi. Alloh Taolo bunday degan:
﴿وَلَا تَقۡتُلُوٓاْ أَنفُسَكُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ بِكُمۡ رَحِيمٗا﴾
«(Ey mo‘minlar), bir-birlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta Alloh sizlarga mehribon bo‘lgan zotdir» [Niso 29]
Shunday ekan, har yili yuzlab insonlarni asfalt ustida halok bo‘lishiga tashlab qo‘yadigan va faqat arzimagan tovon pullari hamda quruq ta’ziya bayonotlari bilan cheklanadigan rejimni nima deb atash mumkin?!
Bu halokatlarning yechimi har galgi odatiy norozilik bayonotlari yoki quruq isloh va’dalaridan iborat emas. Yechim – Allohning shariati asosida hukm yuritadigan va xalq ishlarini Uning ahkomlari asosida boshqaradigan tuzumni barpo qilishdir. Bunday tuzum buzg‘unchilar qo‘lini qirqib, barcha ishlarni halol-harom mezoni asosida tartibga soladi. U hech qachon «investitsiyadan keladigan daromad» yoki moliyaviy manfaatni asos qilib olmaydi. Odamlarni qashshoqlikdan, kasallikdan va yo‘l falokatlaridan qutqara olmagan mana shu kapitalistik tuzumning o‘zi korrupsiyani mustahkamlaydigan, Islomga adovat qiladigan va Xalifalikning barpo bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan tuzumdir. Inson hayoti va qadr-qimmatini quruq shior yoki reklama vositasiga aylantirmasdan, uni birinchi darajali ustuvor vazifa sifatida belgilaydigan yagona tuzum faqat Xalifalikdir.
Bugun Islom Ummati oldida ochiq va ravshan tanlov turibdi: yo kapitalistik tuzum asirligida qolib, farzandlarining yo‘llarda halok bo‘lishiga, uylarida ochlikka mahkum bo‘lishiga va soxta shiorlar bilan aldanishiga rozi bo‘ladi; yoki harakatga kelib, Allohning ahkomlarini joriy qiladigan, odamlarga xavfsiz va sharafli hayotda yashash boshqaruvini qaytaradigan Payg‘ambarlik minhoji asosidagi Xalifalikni barpo qiladi.
Misr va boshqa musulmonlar yurtlarida har kuni yo‘llarda zoye bo‘layotgan bu jonlar – Ummat faqat Islom tuzumi, Islom hukmi va Islom yetakchiligida najot topadi degan so‘zimizning haqligini tasdiqlaydigan adolatli guvohdir.
Bu pokiza qonlar, qalbida zarracha iymoni bor har bir inson uchun haq va adolat hukm suradigan davlatni barpo qilishga chaqiruvchi nidodir. Toki Ummat Alloh nozil qilgan shariat bilan hukm yuritsin hamda tobelik, buzg‘unchilik va beparvolik zanjirlarini sindirib, o‘z hukmronligini qayta tiklasin! Alloh Taolo bunday degan:
﴿ٱلَّذِينَ إِن مَّكَّنَّٰهُمۡ فِي ٱلۡأَرۡضِ أَقَامُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتَوُاْ ٱلزَّكَوٰةَ وَأَمَرُواْ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَنَهَوۡاْ عَنِ ٱلۡمُنكَرِۗ وَلِلَّهِ عَٰقِبَةُ ٱلۡأُمُورِ﴾
«Biz ularni (ya’ni musulmonlarni) agar yer yuziga g‘olib qilsak – ular namozni to‘kis ado etadilar, zakotni (haqdorlarga) ato etadilar, ma’rufga buyurib, munkardan qaytaradilar. (Barcha) ishlarning oqibati Allohning (izmidadir)» [Haj 41]

Hizb ut-Tahrirning Misr viloyatidagi
matbuot bo‘limi

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.