Bryusselning falastinliklar jasadlari ustiga qurilgan “terrorizm” hikoyasi
Dushanbeda “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari terrorizmga qarshi muloqot” o‘tkazdi. Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari bilan Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotda terrorchilik tahdidlariga qarshi kurash, jumladan radikallashuvga qarshi kurash, ekstremistlarni jinoiy javobgarlikka tortish, internetdagi tashviqotlarga qarshi kurash va qaytganlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Yevropa Ittifoqi, odatdagidek, yana bir bor inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash muhimligini ta’kidlab, o‘zini “qadriyatlar” va “axloqiy namuna” sohibi sifatida ko‘rsatdi. Keyingi uchrashuv Bryusselda o‘tkazilishi kutilmoqda.
Biroq, Yevropa Ittifoqining bunday pozitsiyasi, uning ikkiyuzlamachi siyosatini hisobga olganda, ko‘plab savollar tug‘diradi. U ko‘p yillar davomida Osiyo, Afrika yoki Yaqin Sharq mamlakatlaridagi siyosiy Islomning turli ko‘rinishlariga alohida ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘lib, ularni radikallashuv tahdidi bilan bog‘lab keldi. Shu bilan birga, ittifoqdoshlarining repressiv harakatlaridan ko‘z yumib, kerak bo‘lsa, ularni oqlab keldi.
Bu, ayniqsa, Yevropa Ittifoqining (Isroil)ga nisbatan siyosatida yaqqol namoyon bo‘ladi. G‘azoga uyushtirilgan hujumlar natijasida yuzlab tinch aholi halok bo‘ldi, uylar, maktablar va shifoxonalar vayron bo‘ldi, o‘nlab yillardan buyon davom etib kelayotgan umumiy jazo blokadasi davom etmoqda. Biroq bu hodisalarni Bryussel qoralamaydi, sanksiyalar ham qo‘llamaydi. Aksincha, aholiga nisbatan ommaviy zo‘ravonliklar sodir etilayotganiga qaramay, Yevropa rasmiylari bu qirg‘inlarni “(Isroil)ning o‘zini himoya qilish huquqi” deb atamoqda. Agar musulmonlar qarshilik ko‘rsatsa, bu darhol “ekstremizm” deb baholanadi. Qisqacha qilib aytganda, Yevropa nazarida, zamonaviy raketa va yadro arsenaliga ega bo‘lgan davlat zaif hamda qamal qilingan xalqqa qarshi urush olib borsa ham, bu shunchaki “xavfsizlik chorasi” hisoblanadi.
“Radikalizm” atamasi bosim o‘tkazish vositasi sifatida qo‘llanmoqda. Ya’ni bu hamkor davlatlarni o‘ziga bo‘ysundirish uchun, ayniqsa Islomga moyil yoki G‘arb siyosatiga qarshi bo‘lganlarni ayblash uchun qulay vositaga aylandi. Biroq, (Isroil) tomonidan ochiqchasiga amalga oshirilgan “diniy ayirmachilik” yoki “siyosiy ekstremizm” holatlari hatto tanqid ham qilinmaydi. Uy-joylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan tinch aholining ommaviy qirg‘in qilinishi, jurnalistlarning o‘ldirilishi, o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar va voyaga yetmagan go‘daklarning qamoqqa olinishi – bularning hech biri Yevropa inson huquqlari muloqotida umuman muhokama qilingan emas.
Mana shularni inobatga olganda, Yevropaning Markaziy Osiyo mamlakatlariga “aql o‘rgatishi”, yumshoq qilib aytganda, hech qanday ishonch paydo qilmaydi. O‘zi qabul qilgan intellektual me’yorlarni buza turib, huquq va qonun haqida gapirish – bu yetakchilik emas, quruq tashviqotdir. Ajablanarlisi shundaki, Markaziy Osiyo mintaqasining vakillari bu qarama-qarshiliklarni ko‘rsatish imkoniyatidan foydalanmadi. Ehtimol, bunga siyosiy yoki iqtisodiy vaziyat sabab bo‘lgandir. Ammo ikkiyuzlamachilikni bilib turib sukut qilish jinoyatga sheriklikdir.
Markaziy Osiyo davlatlarining Falastindagi musulmonlar qirg‘iniga va G‘arbning Islomga qarshi ochiq siyosatiga butunlay ko‘z yumishi, qolaversa, bunday tashabbuslarda ishtirok etishi shunchaki diplomatik konformizm emas, balki bu o‘z xalqining manfaatlariga qilingan xiyonatning bir ko‘rinishidir. Zero, mintaqa davlatlari aholisining asosiy qismi musulmonlardir. Bunday nomussiz, iflos tashqi siyosat ularning obro‘siga dog‘ tushirmoqda. Islomiy qadriyatlarni doimiy ravishda oyoq osti qilayotganlarga va musulmonlarni qiynayotganlarga bo‘yin eggan holda, ular bilan muzokaralarda qatnashish azobda qolgan musulmonlardan voz kechish va tarixiy mas’uliyatdan bosh tortish sifatida baholanishi lozim.
Latiful Rasix