YEOIIning foydasi yo‘q, zarari ko‘p
27 iyun kuni Belarusiya poytaxti Minsk shahrida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining yuqori darajali yig‘ilishi yakuniga yetdi. Yig‘ilish natijasida YEOII faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan bir qancha hujjatlar imzolandi.
Prezident Sadir Japarov o‘z nutqida Qirg‘iziston so‘nggi yillarda YEOII doirasida sanoat kooperatsiyasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar kooperativ loyihalar bo‘yicha arizalarni to‘ldirish va talablarni bajarishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ayni paytda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ittifoqdan manfaatdor bo‘lgan barcha xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, YEOIIda iqtisodiy o‘sish sur’ati jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoridir. Global o‘sish 3,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, YEOIIda bu ko‘rsatkich 4 foizdan oshadi.
Izoh:
Putin sanksiyalarga qaramay, Rossiyaning zaiflashmaganini ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Aslida esa, tashkilotning kuchi va ta’siri ushbu tashkilotdagi yetakchi davlatning xalqaro ta’siriga bog‘liqdir. Xalqaro maydonda Rossiyaning ta’siri zaiflashib bormoqda. Xususan, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi mojaroda Rossiyaning betaraf pozitsiyasi Armanistonning G‘arbga moyil bo‘lishiga turtki bo‘ldi.
Putinning YEOIIni tuzishdan ko‘zlagan asosiy maqsadi tashkilotga a’zo davlatlarni Rossiyaga mahkam bog‘lab olish va ulardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanish edi. Chunki tashkilotning qonun va normalarini Rossiya belgilaydi. Masalan, YEOII Shartnomasi barcha a’zo davlatlar o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi ayirboshlash erkinligini ta’minlaydi. Shuningdek Savdo, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi va transport sohalarida muvofiqlashgan holda siyosat olib borish kafolatlanadi. Biroq Qirg‘iziston kabi davlatlardan eksport qilingan tovarlar har doim turli to‘siqlarga duch kelmoqda. Shuningdek kelishuvda ko‘rsatilgan “Ishchi kuchining kasaba uyushmalari doirasida erkin harakatlanishi va mehnat muhojirlariga beriladigan imtiyozlar” faqat qog‘ozda qoldi. Hattoki, Rossiya Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazish uchun arzimas bahonalar bilan har yili muhojirlarga nisbatan bosimni kuchaytirib bormoqda.
Bundan ko‘rinib turibdiki, mustamlakachi davlatlar hech qachon o‘z mustamlakalari bilan shartnoma tuzmaydi. Balki “kelishuv” nomi ostida ular ustidan hukmronlik qiladi. Ularning yagona maqsadi mustamlaka davlatlarning boyliklarini tortib olish, ularning xalqidan arzon ishchi kuchi sifatida foydalanish va moddiy foyda olishdir.
Shu sababli Rossiya YEOII orqali o‘zining kasodga uchragan tovarlarini sotish uchun yangi bozor ochdi. Shu bilan birga, a’zo davlatlarning Rossiyaga iqtisodiy qaramligini ham kuchaytirmoqda. Chunki Rossiya hukumati hech qachon Qirg‘iziston yoki YEOIIdagi boshqa davlatlarning rivojlanishini xohlamaydi. Hukmdorlarimiz esa bu tashkilotning hech qanday foydasi yo‘qligini yaxshi bilsa ham, o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun mamlakatni tashkilotga a’zo qildi, natijada uning zararidan xalqimiz aziyat chekmoqda.
Nurdin Asanaliyev