Siyosiy shaxslarni shakllantirish

19
0

Siyosiy shaxslarni shakllantirish

Islomiy jamiyatda siyosiy shaxslarni shakllantirish shunchaki mutaxassislar tayyorlash emas, balki u chuqur mafkuraviy va strategik vazifadir. Bu jarayon boshqaruvga oid tajribalarni o‘rgatish bilan bir qatorda, birinchi o‘rinda, o‘z bilimi, qarorlari va xatti-harakatlarini Islomga asoslab, siyosiy fikrlay oladigan shaxslarni tarbiyalashdan iboratdir. Bunday siyosiy shaxslar davlat manfaatlari himoyachisigina bo‘lib qolmay, balki hayoti Allohning qonun-qoidalariga asoslangan jamiyatda namunali shaxs bo‘lishi kerak. Ular shariatga muvofiq ijtimoiy-siyosiy rivojlanish rejalarini tuza olishi, Islomning maqsadlarini va uning hayot nizomi sifatidagi o‘ziga xosligini anglashi, Islomiy ahkomlarni jamiyatga targ‘ib etishi hamda Islomiy siyosiy partiyaning va kelajakdagi davlat institutlarining obro‘-e’tiborini mustahkamlay olishi kerak.

Bunday shaxslarni tayyorlash asosiy sifatlarni rivojlantirishni talab qiladi. Ulardan eng muhimi siyosiy fikrlash qobiliyatidir. Bu qobiliyat kapitalistik tuzumdagi kabi pragmatizmga emas, balki Allohdan qo‘rqishga asoslangan iymon (aqida), fikriy tamoyillar va shar’iy asoslardan iboratdir.

Bunday inson jamiyat va dunyodagi vaziyatni Islomiy dunyoqarash asosida tahlil qila olishi, hodisalarning sabablari, sharoitlari va oqibatlarini Qur’on va sunnat asosida anglashi, strategik reja tuza olishi va tizimli ravishda ish olib borishga qobiliyatli bo‘lishi kerak.

Ikkinchi zaruriy sifat – chuqur fikrlashdir. Bu shunchaki bilim emas, balki Islom yo‘lining haqqoniyligiga bo‘lgan ishonch, Islom mafkurasining maqsadlari va uni amalga oshirish usullarini anglash va uni boshqa – garchi tashqi tomondan o‘xshash bo‘lsa ham – mafkuralardan ajrata bilishdan iboratdir.

Uchinchi zaruriy sifat – shar’iy savodxonlikdir. Inson fiqhning asosi bo‘lgan usul ilmini, shariat maqsadlarini, shuningdek, Islom ahkomlarini zamonaviy sharoitlar va holatlarda qanday qo‘llash lozimligini ham bilishi kerak.

Qolaversa, siyosiy partiyalar miqyosida bo‘ladimi yoki individual faoliyat miqyosida bo‘ladimi, odamlarni birlashtirish, rivojlantirish, ularning qadr-qimmatini himoya qilish va jamiyat ichida bularni mustahkamlashga qobiliyatli bo‘lish ham juda muhimdir.

Islom tarixida Islom uchun fidoyi tajribali kadrlar tayyorlashga katta e’tibor berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ payg‘ambarlik risolasining boshidanoq sahobalarini ilm va tarbiya bilan shakllantirgan edilar. Ularning ko‘pchiligi keyinchalik mashhur voliylar, qozilar, olimlar va lashkarboshilarga aylanishdi. Muoz ibn Jabalni Yamanga yuborayotganda, unga Qur’on va Sunnatga tayanib, hukm yuritishni, agar ulardan yechim topa olmasa, o‘z ra’yi bilan ijtihod qilib hukm qilishni buyurdi. Bu individual vaziyatlarda ham mafkuraviy yetuklik, shar’iy ilm va siyosiy mas’uliyat zarurligini ko‘rsatadi.

Xalifa Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) kadrlarni tanlash va nazorat qilishga alohida ahamiyat berar edi. U hokimlarni sinchiklab tanlab olar va ularni muntazam kuzatib borar edi. Qolaversa, adolatdan chetga chiqmaydigan, xalqqa sidqidildan xizmat qiladigan shaxslarni tarbiyalash uchun maktab va muassasalar tashkil etgan edi.

Quddusni ozod qilgan buyuk sarkarda Salohiddin Ayyubiy ham odob-axloq va strategik donolik namunasi edi. Shuningdek davlat va armiyani boshqarishda qobiliyatli dindor kishilarga tayanar edi.

Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ shunday marhamat qildilar: “Agar ish noloyiq kimsa qo‘liga o‘tib qolsa, qiyomatni kutavering”. (Sahih Buxoriy, 59-hadis).

Bu hadisi sharifda har bir ishni yetarli bilim, tajriba va taqvoga ega bo‘lgan kishilarga topshirish maqsadga muvofiq ekanligi ta’kidlangan. Aksincha jamiyatning qulashi turgan gap. Yana U zot shunday dedilar: “Alloh o‘z ishini puxta bajargan bandasini yaxshi ko‘radi”. (Al-Bayhaqiy, Shu’ab al-Imon).

Bu hadisi sharif Islomda kasbikorlik, mas’uliyat va yuqori sifatli ish muhimligini ko‘rsatmoqda. “أتقن” tushunchasi vazifani diqqat, mahorat va ixlos bilan eng yuqori darajada bajarishni anglatadi.

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) aytadi: “Harakatsiz bilim mevasiz daraxtga o‘xshaydi”.

Umar ibn al-Xattob ham bunday deb ogohlantirganlar: “Men sizlarga kambag‘allik yetishidan qo‘rqmayman, balki dunyoga berilib ketib, haqiqatni unutib qo‘yishingizdan qo‘rqaman”.

Bu so‘zlar kadrlar tayyorlashda bilim bilan birga samimiylik, xolis niyat va mas’uliyat muhim o‘rinni egallashini ko‘rsatadi.

Konstantinopolni fath etgan buyuk sulton Muhammad Fotih (1432–1481) Islom asosida tarbiyalangan shaxs naqadar tarixiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligiga yorqin misoldir. U nafaqat harbiy sarkarda, balki Islom mafkurasi bilan yaxshi sug‘orilgan bilimdon va mohir yetakchi ham edi. Uning obrazi Payg‘ambarimiz ﷺning hadislarida ta’riflangan: “Kelajakda Konstantinopol albatta fath qilinadi, uning amiri naqadar baxtli amirdir va uning qo‘shini qanday ham ajoyib qo‘shin”. Imom Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon).

Otasi sulton Murod II o‘g‘li Fotihga bolaligidan mana shu ulug‘ vazifani yuklab, o‘sha davrning eng yaxshi olimlari, harbiy va diniy ustozlarini unga muallim etib tayinladi. Ular orasida Shayx Shamsuddin alohida o‘ringa ega. U yosh shahzodaga fiqh, Qur’on va Islom mafkurasidan ta’lim berib, Konstantinopolni fath etish shunchaki siyosiy maqsad emas, balki Payg‘ambar bashorati ekanligini uqtirdi.

Fotih yoshligidan Islomiy ilmlar, mantiq, matematika, falsafa, astronomiya, tibbiyot va xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirdi. Arab, fors, yunon, lotin va turk tillarida bemalol so‘zlasha olardi. Bu uning keng bilimga va siyosiy yetakchilikka hamda yuksak intellektual saviyaga ega ekanligidan dalolat beradi.

Sulton diniy va harbiy ishlar bilan cheklanib qolmadi. U arxitektura va muhandislik sohasida ham chuqur bilimga ega edi. Konstantinopolni qamal qilish paytidagi hujum qurollarini uning o‘zi ishlab chiqdi. Qal’ani qo‘lga kiritgach, uni vayron qilib tashlamadi, balki poytaxtga aylantirdi va boshqa din vakillariga ham adolatli munosabatda bo‘lib, ularni Islomiy boshqaruv soyasi ostiga oldi.

Muhammad Fotih Islomiy mafkura, yetuk siyosat va chuqur bilimga ega davlat arbobining namunasi edi. Uning hayoti iymon-e’tiqod, ilm va yuksak maqsad asosidagi tarixiy bitiklar namunasidir.

Alloh Taolo Qur’onda kadr tanlash mezonlarini quyidagicha bayon qiladi:

إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُكُمْ أَنْ تُؤَدُّوا الْأَمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا وَإِذَا حَكَمْتُمْ بَيْنَ النَّاسِ أَنْ تَحْكُمُوا بِالْعَدْلِ إِنَّ اللَّهَ نِعِمَّا يَعِظُكُمْ بِهِ إِنَّ اللَّهَ كَانَ سَمِيعًا بَصِيرًا

“Albatta, Alloh sizlarni omonatlarini o‘z egalariga topshirishga va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishga buyuradi. Albatta, Alloh sizlarga eng yaxshi pand-nasihatlar qilur. Albatta, Alloh eshitguvchi, ko‘rguvchi bo‘lgan zotdir!” (Niso, 58).

Bu oyat ishonchli va ilmli bo‘lish yetakchilikka loyiq fazilatlarning asosiy sharti ekanligini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, siyosiy shaxsni tayyorlash shunchaki texnik vazifa emas, balki bu ma’naviy, mafkuraviy va siyosiy jarayondir. Bunday insonlar Islom mafkurasini chuqur o‘rganish bilan birga, unga amal qiladigan, jamiyatga yetkaza oladigan, uni o‘z xatti-harakatlariga asos qilib oladigan, davlatni shariat asosida rivojlantirib, Islom arkonlarini himoya qiladigan, Alloh uchun Ummatni taraqqiyotga erishtiradigan insonlar bo‘lishi kerak. Bunday insonlarsiz Islomiy siyosiy tuzum samarali faoliyat yurita olmaydi. Shunday ekan, Ummatni tiriltirmoqchi bo‘lgan har bir kishi ana shunday insonlarni tarbiyalashda ishtirok etishi va o‘zi ham o‘shalarlan biri bo‘lishga intilmog‘i lozim. Bu haqiqiy “roshidiyn”larning, ya’ni to‘g‘ri yo‘ldagi Xalifalarning yo‘lidir.

Turkiston

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.