بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Amerika tomonidan Suriyaga joriy etilgan sanksiyalarning bekor qilinishi va siyosiy hamda aqidaviy haqiqatlar ustidan sakrab o‘tish
Ustoz Nosir shayx Abdulhay
Hizb ut-Tahrirning Suriya viloyatidagi
matbuot bo‘limi a’zosi
Amerika prezidenti Donald Tramp 2025 yil 13 may, seshanba kuni o‘z mamlakati Suriyaga joriy etgan sanksiyalarni bekor qilish niyatida ekanini bildirdi. Bu bayonotdan so‘ng, 14 may, chorshanba kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Riyozda bo‘lib o‘tgan Amerika-Ko‘rfaz sammiti doirasida Tramp Suriya prezidenti Ahmad Shara bilan uchrashdi. Uchrashuv 30 daqiqadan ortiq davom etdi.
Ushbu uchrashuvda Saudiya valiahdi Muhammad bin Salmon shaxsan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogan esa videokonferensiya orqali qatnashdi.
Oq uy matbuot kotibasi va prezident yordamchisi Karolin Levit «X» platformasida uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilishicha, prezident Tramp Suriya prezidenti Ahmad Sharaga beshta asosiy masala bo‘yicha takliflarini bildirgan:
Isroil bilan «Ibrohim kelishuvlari»ni imzolash;
Barcha «terrorist» deb ataluvchi chet elliklarni Suriyadan chiqarib yuborish;
Falastinlik «terroristlar»ni ham Suriyadan chiqarish;
ISHID tashkiloti qayta tiklanishini oldini olishda AQSHga yordam berish;
Shimoliy-Sharqiy Suriyadagi ISHID a’zolari saqlanayotgan qamoqxonalar uchun mas’uliyatni zimmasiga olish.
Prezident Tramp jurnalistlar bilan suhbatida: «Men ularga «umid qilamanki, barcha narsa o‘z yo‘liga tushgach, sizlar ham qo‘shilasizlar», dedim. U esa «Ha» deb javob berdi. Lekin ularning bajarishi kerak bo‘lgan ishlari juda ko‘p», dedi.
Amerika-Ko‘rfaz sammitidagi nutqida esa Tramp «Suriya bilan munosabatlarni normallashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqdamiz. Shara bilan uchrashuvdan keyin bu yo‘nalishda ish olib boramiz», dedi. U, shuningdek, Suriyaga joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish qarori mamlakatga «yangi imkoniyat berish» maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdogan Turkiya Suriyaning «barqaror va gullab-yashnayotgan davlatga aylanishini, mintaqadagi davlatlar bilan hamkorlik qilishini va qo‘shnilariga tahdid solmasligini» istashini ta’kidladi. Suriya tashqi ishlar vazirligi esa uchrashuvda «Suriyaga joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish, tiklanish va qayta qurish jarayonini qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati» muhokama qilinganini ma’lum qildi. Muzokaralar chog‘ida «terrorizmga qarshi kurash sohasida Suriya va AQSH o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, shuningdek, mamlakatda barqarorlikka to‘sqinlik qilayotgan davlatga qarashli bo‘lmagan kuchlar va qurolli guruhlar ta’sirini, shu jumladan, ISHID tashkiloti va boshqa tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha hamkorlik qilish yo‘llari ham muhokama qilingan. Bunga javoban, prezident Ahmad Shara Trampga AQSH kompaniyalarini Suriyadagi neft va gaz sektoriga investitsiya kiritishga taklif etishini ma’lum qildi.
Har qanday sanksiya va cheklovlarning bekor qilinishi, shuningdek, Allohning fazli va tavfiqi ila rejimni qulatishga erishgunlariga qadar jarohatlar qiynab kelgan Shom ahlining yelkasidan og‘ir iqtisodiy yuklarning olib tashlanishi ularni va har bir sofdil kishini xursand qilishi tabiiy. Biroq, sanksiyalarni bekor qilish masalasi, uning sabablari va ortida nima turgani, shuningdek, Amerika va G‘arbning bundan ko‘zlagan maqsadi haqida biroz to‘xtalish lozim:
Birinchi: Sobiq rejim qulaganiga qaramay, sanksiyalarning davom etishi o‘ziga xos katta jinoyat va murakkab zulmdir. Shuning uchun sanksiyalarning bekor qilinishi Islom dushmanlari Shom ahliga ko‘rsatgan saxovat emas.
Ikkinchi: Amerika o‘nlab yillar davomida Asad rejimini, o‘lib ketgan Hofiz Asad davridan boshlab qochqin Bashar davrigacha, parda ortidan qo‘llab-quvvatlab kelgan. Qo‘zg‘olon ahliga zulm qilish uchun Asad rejimiga yashil chiroq yoqqan ham, qo‘zg‘olonga barham berish uchun o‘z vositachilari orqali rejimga barcha turdagi hayot manbalari va qo‘llab-quvvatlash vositalarini yetkazib turgan ham aynan Amerikadir.
Uchinchi: Qur’ondagi abadiy siyosiy haqiqatni eslatish lozim:
﴿مَّا يَوَدُّ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ مِنۡ أَهۡلِ ٱلۡكِتَٰبِ وَلَا ٱلۡمُشۡرِكِينَ أَن يُنَزَّلَ عَلَيۡكُم مِّنۡ خَيۡرٖ مِّن رَّبِّكُمۡۚ﴾
«Na ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar)dan bo‘lgan kofirlar va na mushriklar sizga Parvardigoringiz tarafidan bir yaxshilik (ya’ni vahiy) tushishini istamaydilar. Alloh esa rahmat-marhamatini o‘zi xohlagan kishilarga xos qilib beradi. Alloh buyuk fazlu karam sohibidir» [Baqara 105]
Albatta, Amerika va G‘arb hech narsani evazsiz bermaydi. Sanksiyalarning bekor qilinishi Suriya hukmdorlari tomonidan qabul qilingan majburiyatlar bilan bog‘liqligi haqida ular bergan bayonotlar ham buni tasdiqladi. Shuning uchun sanksiyalarning bekor qilinishi shartli va vaqtinchalik bo‘lib, ular istagan paytda uni qayta tiklash bilan tahdid qiladilar. Buni G‘arb yumshoq bosim vositasi sifatida qo‘llab, suverenitetga daxl qiluvchi masalalar orqali to‘liq nazorat o‘rnatishga harakat qilmoqda. Suverenitetga daxl qiluvchi masalalar:
Xavfsizlik masalasida, iqtisodiy va siyosiy masalalarda imtiyozlardan voz kechishga majburlash.
Siyosiy qaramlikni mustahkamlash.
«Ibrohim kelishuvlari» orqali yahudiylar bilan munosabatlarni normallashtirishga majburlash.
Islomga qarshi kurash.
Sekulyar konstitutsiyani qabul qildirish.
«Investitsiya» va «rivojlanish» degan niqob ostida mamlakat boyliklarini adolatsiz shartnomalar asosida o‘z manfaatlariga xizmat qildirish.
Hammamiz eslaymizki, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok sanksiyalarning bekor qilinishini «bo‘sh chek emas» deb ta’riflagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra: «Yevropa Ittifoqi radikal, terroristik yoki yangi islomiy tuzilmalarni moliyalashtiruvchiga aylanmaydi».
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mas’uli Kaya Kallas ham shunday degan edi:
«Biz sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha tezkor harakat qilishni maqsad qilyapmiz. Lekin agar noto‘g‘ri qadamlar qo‘yilsa, bu qarordan voz kechishimiz mumkin».
To‘rtinchi: Trampning da’vo qilinayotgan “imkoniyati” na ozodlikka, na suverenitetga olib boradigan yo‘ldir. Balki buni Amerika o‘z itoatiga qaytishga, inqilobning o‘zak qoidalari va maqsadlaridan yuz o‘girib, yana uning qanoti ostiga kirishga chaqiriq deb biladi. Shu bois, bu hech qanday sovg‘a emas, balki avvaldan yoki keyindan to‘lanishi shart bo‘lgan suverenitet bahosi bilan shartlangan bitimdir.
Beshinchi: Amerikaga xizmat ko‘rsatish va uni rozi qilish uchun Ummat boyliklaridan yuzlab milliard dollarlarni «investitsiya» niqobi ostida sarflayotgan Islom yurtlaridagi sekulyar rejimlar hukmdorlari aslo bizning manfaatlarimiz uchun qayg‘urishmaydi.
Oltinchi: Trampning takabburlik bilan olib borayotgan siyosati musulmon yurtlarning haddan tashqari itoatkor hukmdorlari kabi itoatkorlik bilan qarshi olinmasligi kerak. Aksincha, uning qarshisida Sharqdan yoki G‘arbdan qo‘rqmay, aqidamiz, dinimiz ahkomlari va Islom g‘ururi tomonidan bizga yuklangan mabdaiy pozitsiyani egallash talab qilinadi. Chunki qo‘rqishimiz uchun loyiq bo‘lgan zot yolg‘iz Allohdir va U mulk egasi bo‘lib, uni istagan bandasiga beradi, istaganidan tortib oladi.
Yettinchi: Yahudiy vujudi bilan aloqa o‘rnatish haqida shunchaki o‘ylashning o‘zi, qanday bahona bilan bo‘lmasin, ulkan jinoyatdir. Qo‘shnilar bilan hamjihatlikda yashash va fojirlar bilan hamkorlik qilishga ochilish-intilish haqida berilayotgan bayonotlar munosabatlarni normallashtirish va «jasurlar tinchligi» (kelishuv nomi) sari tashlangan qadamdir. Bu katta xavfdan darak beradi. Muqaddas joylarimizni bosib olgan, Aqsoni bulg‘agan, G‘azodagi ahlimizni bombardimon qilib, bolalarni o‘ldirgan yahudiy vujudi bilan munosabatlarni normallashtirish kelishuvlarini, shuningdek, dinimiz va aqidamiz uchun haqorat sanalgan «Ibrohim kelishuvlari»ni joriy etishga harakat qilayotgan Amerikaning istaklariga bo‘ysunish xavfli toyilish va muqarrar yomonlik bo‘lib, undan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki Falastin masalasi har bir musulmon uchun aqida va din masalasidir. Shuning uchun undan voz kechish, qanday sharoitda bo‘lmasin, hech qachon qabul qilinishi mumkin emas. Bosqinchi vujud bilan sulh tuzish, unga xushomadgo‘ylik qilish va undan tinchlik so‘rash foydasizdir. Shuning uchun bu muammoning Qur’onda aniq va ravshan bayon etilgan faqat bitta yechimi bor:
﴿فَإِذَا جَآءَ وَعۡدُ ٱلۡأٓخِرَةِ لِيَسُؤُواْ وُجُوهَكُمۡ وَلِيَدۡخُلُواْ ٱلۡمَسۡجِدَ كَمَا دَخَلُوهُ أَوَّلَ مَرَّةٖ وَلِيُتَبِّرُواْ مَا عَلَوۡاْ تَتۡبِيرً﴾
«Bas, qachon keyingi (buzg‘unchilikning) vaqti-soati kelganida, (ular yana) yuzlaringizni qaro qilishlari, avvalgi safar kirganlari kabi Masjidul (Aqso)ga kirishlari hamda o‘zlari egallab olgan (barcha) yerlarni vayron etishlari uchun (yana dushmanlaringizni sizlarning ustingizga yuborurmiz)» [Isro 7]
Xulosa shuki, qarorlarimizni dushmanlar qo‘liga topshirish va Ummat muammolarini ularga havola qilish siyosiy jihatdan o‘z joniga qasd qilishdir. Najotimiz bizga qarshi payt poylayotgan dushmanlar qo‘lida emas, balki o‘z qo‘limizda. Dinimizning mustahkam asoslarida belgilangan mabdaiy va aqidaviy pozitsiyalar har bir ish va siyosiy pozitsiyaning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lmog‘i lozim. Pragmatik pozitsiyalarni dinimiz rad etadi va o‘g‘lonlarimiz g‘ururi unga rozi bo‘lmaydi.
Siyosiy va iqtisodiy illyuziyalardan va aldamchi umidlardan yiroq bo‘lishni xohlaganlar uchun kuch-qudrat yo‘li faqat mana shudir.
Roya gazetasining 2025 yil 28 may, chorshanba kungi 549-sonidan