Qirg‘izistonda elektr energiyasi narxi har yili oshadi

12
0

Qirg‘izistonda elektr energiyasi narxi har yili oshadi

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan elektr energiyasining o‘rta muddatli tarif siyosatini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Qarorda ta’kidlanishicha, energetika sohasidagi mazkur chora-tadbirlar iste’molchilarni elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlash imkoniyatini saqlab qolishga qaratilgan. Endilikda elektr narxi har yili may oyida ko‘tariladi. Qarorga ko‘ra, 1 maydan boshlab elektr energiyasi 26 tiyinga oshadi, ya’ni 1 kVt/soat uchun 1 som 11 tiyin o‘rniga 1 som 37 tiyin to‘lanadi. Agar iste’mol 700 kVt/soatdan oshsa, 1 kVt/soat uchun 2 som 39 tiyin o‘rniga 2 som 60 tiyin to‘lash kerak bo‘ladi.

Mamlakatimizda energetika sohasi yirik korrupsiya o‘chog‘iga aylanib qoldi. Yaqin tariximizda olingan kreditlarning yarmidan ko‘pi shu sohaga sarflangan. Biroq, shunga qaramay, bu soha takomillashish o‘rniga xalq yelkasida og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda. Elektr energiyasi oddiy xalqqa yetarli bo‘lmagani uchun qishda doimiy ravishda o‘chiriladi, quvvati ham yetarli darajada ta’minlanmagan. Shu bilan birga, katta miqdorda elektr talab qiluvchi mayning korxonalari qishin-yozin, uzluksiz ishlamoqda. Badavlat kishilar, kerak bo‘lsa, shaxsiy transformatorlar o‘rnatib olishgan, ko‘plab xususiy kompaniyalar esa xalqqa elektr energiyasini sotish bilan ovora. Ayni paytda oddiy xalq qimmatlashib borayotgan elektr energiyasi uchun pul to‘lashga majbur bo‘lmoqda, bu sohaga ajratilayotgan kreditlarning og‘ir yukini ham xalq ko‘taradi.

Rasmiylar bu muammoni hal qilish uchun yirik GESlarga qo‘shimcha ravishda kichik GESlar qurilayotganini da’vo qilmoqda. Ushbu GESlarni qurish uchun xorijiy investorlar jalb qilingan. Biroq, bu sarmoyadorlar qo‘ygan talablar xalqqa oshkor qilinmaydi. Albatta, sarmoyador xalqning muammolarini hal qilish uchun sarmoya yotqizmaydi. Aksincha, ular ko‘proq foyda olishni ko‘zlaydi. Shuning uchun qurilayotgan bu GESlar xalqning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirmaydi. Ulardan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi o‘sha mayning fermalari va yer osti boyliklarimizni qazib olib, tashib ketish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning, ya’ni kapitalistlarning ehtiyojlariga sarflanadi. Xalqqa esa faqat ozgina qismi beriladi xolos. Natijada, ahvol o‘zgarmay qolaveradi, to‘g‘rirog‘i, xalq tobora qimmatlashib borayotgan elektr energiyasi uchun haq to‘lab, biroq yetarli darajada yetkazib berilmaganligi tufayli elektr energiyasiga zor bo‘lib qolaveradi.

Ko‘rinib turibdiki, energetika sohasidagi siyosat oddiy xalqning emas, balki kapitalistlarning manfaatlariga xizmat qilmoqda. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Chunki biz kapitalistik tuzumda va uning qoidalari ustuvor bo‘lgan jamiyatda yashayapmiz. Bu tuzumda manfaat birinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun barcha diqqat manfaat keltiradigan tomonga qaratilib, foyda keltirmaydigan tomonga e’tibor berilmaydi. Shu bois elektr energiyasi xalqqa yetarli darajada berilmasa-da, kapitalistlar elektr bilan to‘liq ta’minlanganini ko‘rish mumkin.

Buning muqobilida, Islom odamlarning ehtiyojlarini birinchi o‘ringa qo‘yadi, ya’ni xalqning ehtiyojlarini qondirishni birinchi masala, deb biladi. Shu bois xalqni elektr energiyasi bilan yetarli darajada ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. Bundan tashqari, elektr energiyasi umumiy mulklardan biri hisoblanadi. Xususiy kompaniyalar yoki jismoniy shaxslar umumiy mulkka egalik qilishi joiz emas. Umumiy mulk faqat xalq manfaati uchun ishlatilishi shart. Insonlar farovon hayot kechirishi uchun Allohning rahmati bo‘lgan shariat qonunlari odamlarni nafaqat elektr energiyasi bilan, balki uy-joy, kiyim-kechak, oziq-ovqat kabi asosiy ehtiyojlari bilan ham to‘liq ta’minlaydi.

Horun Abdulhak

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.