Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasida navbatdagi diplomatik mojaro yuzaga keldi
Yaqinda Qirg‘izistonning O‘sh shahrida Rossiya hamkorlik agentligi (Rossotrudnichestvo)ning filiali hisoblangan “Russkiy dom” markazining xodimasi Natalya Sekirina qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. U Ukraina urushiga qatnashish uchun yollanma askarlar yollaganlikda gumonlanib, Bishkekning Birinchi may tuman sudi tomonidan hibsga olingan. Sekirina Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lib, jurnalist va nodavlat tashkilot xodimasi sifatida tanilgan. U 2024 yil iyul oyidan buyon O‘shdagi “Russkiy dom”da ishlab, mahalliy axborot agentliklari bilan aloqa o‘rnatish bilan shug‘ullanib kelgani aytiladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sekirina boshqa shaxslar bilan birgalikda qirg‘iz fuqarolarini urushga qatnashish uchun yollash ishlarini uyushtirgan.
2025 yil 25 aprel kuni Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi (UKMK)ning raisi Qamchibek Tashiyev ushbu holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasining Qirg‘izistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashdi. Uchrashuv chog‘ida elchi gumonlanuvchiga nisbatan qamoq jazosini uy qamog‘i bilan almashtirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘radi.
Hozirda “Rossotrudnichestvo”ning aybdor sanalgan xodimlari UKMKning vaqtinchalik saqlash hibsxonasida saqlanmoqda. Ularga qo‘yilgan ayblovlar 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosini o‘z ichiga oladi. Gumonlanuvchilar orasida O‘sh shahar meriyasining matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin va yana shaxsi noma’lum ikki kishi bor.
Huquq tartibot idorasiga ko‘ra, ular ham urushga odam yollash bilan shug‘ullanganlikda gumon qilinmoqda. Rossiya vakillari ayblovlar haqida to‘liq ma’lumotga ega emasliklarini ta’kidlab, Sekirinani ishonchli xodim sifatida ta’riflamoqda. Ularning ta’kidlashicha, “Russkiy dom” faqat hukumatlararo kelishuvlar doirasida ish olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, “Rossotrudnichestvo” — bu Rossiya Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi federal agentlik bo‘lib, rasmiy ravishda rus tili va madaniyatini targ‘ib qilish, xorijdagi Rossiya fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya va yoshlar dasturlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Biroq so‘nggi xabarlarga qaraganda, bu agentlik ko‘pincha insonparvarlik ishlari doirasidan chiqib, provokatsion va harbiy harakatlar bilan shug‘ullanib kelgan.
“Russkiy dom” brendi ostida faoliyat yuritayotgan “Rossotrudnichestvo” AQSHning USAID dasturi kabi dunyoning 71 davlatida o‘z filiallariga ega. U Markaziy Osiyo mamlakatlariga alohida e’tibor qaratadi. “Russkiy dom”ning markazlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda faoliyat yuritib keladi.
Rasmiy ravishda ushbu markazlar Rossiya universitetlariga talabalarni jalb qilish hamda rus tili kurslarini ochish, ko‘rgazmalar, festivallar va yoshlar dasturlarini o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Ammo amalda esa, bu markazlar Rossiya elchixonalarining siyosiy, harbiy va axborot dasturlarini ilgari suruvchi haqiqiy “ijroiy organlar” sifatida ish olib boradi. Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sergey Vakunov ham Kremlning siyosiy ko‘rsatmalarining muvofiqlashtiruvchisi sifatida ko‘riladi.
Siyosiy nuqtayi nazardan qaralganda, Rossiya diplomatik vakolatxonalari orqali odamlarning urushga jalb qilinishi Markaziy Osiyo davlatlarining suverenitetiga bevosita tahdid sifatida qabul qilinadi. Qirg‘izistonda chet el urushlarida qatnashish qonunan taqiqlangan ekan, mojaro nega bunchalik yuqori darajaga yetdi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bu voqea mintaqada shu paytgacha hech uchramagan diplomatik darajadagi birinchi hodisadir. Biroq bu, maxsus xizmatlar ilgari bunday holatlar haqida ma’lumot olmagan, degani emas. Ma’lumki, Qirg‘iziston fuqarolari avval ham Rossiya tomonida turib urushda qatnashgan. Ular orasida mehnat muhojirligi davrida Rossiya fuqaroligini olib, urushga jalb qilinganlar ham bor. Biroq, hukumat bu holatlarda ogohlantirishlar bilan cheklanadi. Sekirina bilan bog‘liq bu mojaroni davlat suverenitetiga urg‘u berishga jur’at etgan birinchi ochiq bayonot sifatida baholash mumkin.
Qirg‘izistonning bu pozitsiyasi strategik siyosatning boshlanishimi yoki bir martalik qadammi, buni vaqt ko‘rsatadi. Bu Moskvaning qanday javob qaytarishi va diplomatik munosabatlar qanday kayfiyatda davom etishiga bog‘liq. Rossiya tashqi siyosatining avtoritar xarakterini hisobga olganda, Kreml bunday mustaqil qadamlarni “xiyonat” sifatida qabul qilishi mumkin. Shuningdek, Putinning qasoskor tabiatini inobatga olsak, keskinliklar yanada kuchayishi aniq.
Ushbu holatlardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Qirg‘iziston hukumatining hozirgi qadamlari muammoning fundamental yechimi emas, balki faqat taktik qadam bo‘lishi mumkin. Shuningdek buni yaqinda Moskvadagi hammomda qirg‘iz muhojirlariga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonliklar ortidan xalqning noroziligini bostirishga urinish sifatida baholash ham mumkin. Biroq shuni alohida ta’kidlash lozimki, Rossiya diplomatik protokollar va sherikchilik tamoyillarini qo‘pol ravishda buzmoqda. Vaholangki, muhojirlar tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qonun buzarliklar bilan Rossiyaning boshqa davlatlar fuqarolarini urushga jalb qilish harakatlarini solishtirib bo‘lmaydi.
Bunday sharoitda Qirg‘iziston hukumati Kreml bilan munosabatlarida ikki tomonlama standartlarga chek qo‘yib, xalqning manfaatlarini o‘zining shaxsiy manfaatlaridan ustun qo‘yishi hamda shaffof va izchil siyosat olib borishi lozim. Rossiyaning mintaqaga nisbatan imperialistik yondashuvi hammaga ma’lum, ammo qirg‘iz xalqi manfaatlarini shaxsiy manfaatlar bilan almashtirish siyosati davom etaversa, bu mamlakat obro‘siga putur yetkazadi va qaramlikni yana-da kuchaytiradi. Shunday ekan, Markaziy Osiyo xalqlari, shu jumladan qirg‘iz fuqarolari o‘zgalar o‘rtasidagi janglarda qurolga aylanib qolmasligi kerak. Fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va ularni himoya qilish davlatning bevosita burchidir.
Latif Rasix