Muhojirlarga nisbatan hammomdagi shafqatsizlik diplomatik zaiflikni fosh qildi
10 aprel kuni Moskva hammomida yuz bergan voqea Qirg‘izistonda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Moskvadagi hammomlarning birida muhojirlarning kaltaklangani, qiynoqqa solingani va masxara qilingani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video Qirg‘iziston parlamentining asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Videoda Rossiya xavfsizlik kuchlari Qirg‘izistondan kelgan muhojirlarga hammomda vahshiylarcha muomala qilgani aks etgan.
Rossiyadagi muhojirlarning ushbu voqea yuzasidan ko‘plab shikoyat va so‘rovlariga javoban deputatlar Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirini vaziyatga aniqlik kiritish uchun chaqirdi. Rossiyaga qarshi deputatlar vaziyatdan foydalanib, jamoatchilikni voqea haqida xabardor qilish va aybdorlarni jazolash zarurligini bildirishdi. Bu masala yuzasidan shov-shuv ko‘tarilgach, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sergey Vakunovni chaqirib, unga diplomatik nota topshirdi.
Qirg‘iziston mazkur voqeaga huquqiy baho berish va fuqarolariga nisbatan kuch ishlatish sabablarini tushuntirish, shuningdek agar qonun buzilgan bo‘lsa, Moskvadagi huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan chora ko‘rishni so‘rab, Rossiyaga rasmiy nota taqdim etdi.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri savollarga javob berar ekan, Rossiya bilan munosabatlarni saqlab qolish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya tomoni Moskvadagi huquq-tartibot idoralari tomonidan qonun buzilgan yoki buzilmaganligini aniqlash choralarini ko‘rmoqda. Shuningdek, u Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham ayrim xodimlarni ogohlantirgani haqida xabardor qilganini qo‘shimcha qildi.
Afsuski, Qirg‘iziston vazirining so‘zlari Rossiyaning rasmiy manbalari tomonidan tasdiqlanmadi. Aksincha, Rossiya Ichki ishlar vazirligi Moskvadagi hammomda o‘tkazilgan reyd davomida politsiya xodimlari muhojirlarga nisbatan hech qanday noqonuniy xatti-harakatlar qilinmaganini rasman ma’lum qildi.
Rossiyadagi muhojirlarga nisbatan amalga oshirilib kelinayotgan noinsoniy munosabatlar hech kimga sir emas. Hammomdagi voqea esa xalqning noroziligini kuchaytirganligi uchun deputatlar bu masalani ko‘tarishga majbur bo‘ldi.
Rossiya hukumatining muhojirlarni ta’qib qilish va nazoratni kuchaytirish siyosati har doim huquqni muhofaza qilish organlarining qonunni buzishi va kuchaytirilgan cheklovlar haqida qonunlar qabul qilinishi bilan birga yuradi. Chegarani kesib o‘tish, ro‘yxatda turish, bolalarni maktabga yuborish va ishga joylashish bo‘yicha so‘nggi qonunlar majmuasi joriy yilning aprel oyida kuchga kiradi.
Nafaqat Rossiya hukumati, balki Kreml siyosati bilan tarbiyalangan rus xalqi ham muhojirlarga qattiqqo‘l munosabatda bo‘ladi. Ba’zilar muhojirlarni uchinchi darajali odamlar deb biladi. Chunki Rossiyada rus xalqiga xizmat ko‘rsatadigan qatlam uchinchi darajali hisoblanadi. Ular qadimdan qul kayfiyatida tarbiyalangan. Kreml rahbariyati musulmonlarni umuman inson deb hisoblamaydi, balki ularni hayvonlarga tenglashtiradi. Vladimir Putin intervyularidan birida o‘ziga berilgan: “(Qodirovni nazarda tutib), nima uchun savodsiz va shafqatsiz odamlarni rahbarlikka tayinlaysiz?”, degan savolga, “Birinchi marta uchrashganimizda – kerak bo‘lsa – gapira olmagan, itdek hurgan…” deb javob bergan edi. So‘ng “O‘rmonda bunaqa hayvonlar qanchasi yuribdi? deya kinoya bilan qo‘shib qo‘ydi (chechen jihodchilarni nazarda tutib). Shu bois, Rossiya hukumati Islomiy o‘lkalardan kelgan muhojirlarni uchinchi emas, o‘ninchi darajali deb ham hisoblamaydi.
Muhojirlarga nisbatan murakkab vaziyat nafaqat Rossiyada, balki AQSHda ham keskinlashmoqda. Donald Trampning yangi farmonlari muhojirlarga nisbatan cheklovlar joriy etmoqda. Qirg‘iziston fuqarolarining AQSHdan huquqiy va diplomatik yordam so‘rab qilgan murojaatlari kelib tushmoqda.
Yaqinda 7 nafar qirg‘izistonlik Myanmada qul bo‘lib qolganligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda deputat Chingiz Ajiboyev parlamentning Ijtimoiy siyosat qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qildi. Ajiboyev Ijtimoiy rivojlanish, mehnat va migratsiya vaziri o‘rinbosari Aliza Soltonbekovaga murojaat qilib, masalaga aniqlik kiritishni so‘radi, biroq Soltonbekova ularda bunday ma’lumot yo‘qligini bildirdi.
Myanma va Tailand hukumati uch o‘lka fuqarolarini ozod qilib, Mayesot chegara punktida O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlariga topshirgan. Ular u yerda vaqtinchalik uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlangan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Muhojirlar ahvoli bilan bog‘liq bunday dolzarb masalalarning kuchayishi Qirg‘iziston rasmiylaridan aniq va qat’iy diplomatik pozitsiyani talab qiladi. Biroq, na Tashqi ishlar vazirligi va na Qirg‘iziston hukumati fuqarolarning ko‘payib borayotgan murojaatlariga umid beruvchi javob bergani yo‘q. Boshqa davlatlarning muhojirlarga munosabati ikkinchi masala. Biroq, Markaziy Osiyodagi musulmon xalqlarning o‘z hukumati tomonidan himoya qilinishi va ularga g‘amxo‘rlik qilinishi asosiy masaladir.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirining malaka darajasi shuni ko‘rsatadiki, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z fuqarolarining xavfsizligi haqida mutlaqo qayg‘urmaydilar. Jeyenbek Kuluboev deputatlarning savollariga javob berar ekan, yoqilg‘i mahsulotlari va gaz ta’minotida Rossiyaga qaramlik hamda muqobil hamkorlarning yo‘qligi kabi savdo munosabatlarining yomonlashishi xavfi haqida gapirdi. Bundan Kreml tomonidan iqtisodiy shantajlar bo‘layotganini va shu bilan bir qatorda Qirg‘iziston fuqarolarining mavqei pastligini hamda mahalliy hukumatlar foyda evaziga ularni qullikka tark etayotganini ko‘rish mumkin. U holda, YEOII kabi ittifoqlar nima uchun kerak va ular bunday masalalarda qanday rol o‘ynaydi? Ushbu ittifoq doirasida 2014 yil 29 may kuni Ostona shahrida imzolangan iqtisodiy ittifoq to‘g‘risidagi shartnomalar mavjud bo‘lib, unda mehnat migratsiyasi va mehnat faoliyatiga oid alohida 96 va 97 moddalar mavjud. Bu kelishuvlar mehnat muhojirlarining huquqlarini tartibga solish va kafolatlashi kerak edi.
Yoqilg‘i mahsulotlarini chetdan olib kirish masalasining mehnat muhojirlariga hech qanday aloqasi bo‘lmasligi kerak. Bundan tashqari, savdo shartnomalari yoki YEOII doirasida boshqa ko‘plab shartnomalar mavjud. Masalan tashqi savdo siyosati, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, yagona iqtisodiy makon, makroiqtisodiy siyosat va raqobatning umumiy tamoyillari kabi.
O‘zingizga ma’lum bo‘lganidek, hukumat vazirni qurbon qilish orqali YEOIIdagi davlat siyosatining zaifligini oqlamoqchi bo‘lyapti. Ular bu ittifoqqa qo‘shilishning teng huquqliligi va foydasi haqida esa yolg‘on ma’lumot berib kelishmoqda. Har qanday holatda ham, rasmiy hukumatning o‘z fuqarolari xavfsizligidan ko‘ra yoqilg‘i taqdiri haqida qayg‘urishi, boshqa davlatlarning muhojirlarga bo‘lgan munosabatidan alla qancha yomonroqdir. Buni “o‘lganning ustiga tepgan”, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.
Yana bir muammo – bu prezidentning sukut saqlashidir. U konstitutsiya va fuqarolar xavfsizligining kafolati hisoblanadi. U vazirning diplomatik sa’y-harakatlarini kuzatib o‘tirish bilan, oltin vaqtini zoye ketkazmoqda. Ayniqsa prezidentning 9 may kuni Moskvadagi paradda ishtirok etishi Vladimir Putin uchun muhimdir. Aynan o‘sha paytda prezident bu masalani o‘rtaga qo‘yib, iqtisodiy va harbiy shantajlarga chek qo‘yishni talab qilishi kerak edi. Chunki Putin o‘z ittifoqchilarining siyosiy ko‘magiga juda muhtoj. 9 may, Sergey Lavrov aytganidek, G‘arbga qarshi siyosiy kurashning “juda muhim” kunidir.
Muhojirlarning tobora kuchayib borayotgan muammosini faqat xat almashish bilan shug‘ullanadigan vazirlar hal qila olmaydi. Rossiya elchisiga topshirilgan norozilik notasida prezidentning talabi ham bo‘lishi kerak edi. Bu muammoni hal qilmasa ham, xalqning ishonchi va hurmatini mustahkamlaydi. Axir Sadir Japarov o‘tgan yili Qirg‘izistonda xorijliklarni kamsitganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi farmon chiqargan va keyinroq u qonun qabul qilingan edi-ku.
Biz xavfsizlik masalalarini hal etishda vazirlarning sa’y-harakatlari va prezidentlarning doimiy takliflarini eshitib turibmiz. Xususan, til masalasida postsovet mamlakatlari uchun yot bo‘lgan Yevropa, Amerika yoki Osiyo mamlakatlariga mehnat muhojirligiga borish kabi takliflar o‘rtaga tashlanadi. Bu davlatlarning siyosiy aloqalari strategik sheriklikdan yiroq hamda ular afrikalik yoki osiyolik muhojirlar bilan to‘lib-toshgan. Sharoit yaratmasdan takliflar kiritish vatanida munosib ish topa olmay, yaxshi hayot izlayotgan fuqarolarni boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yishdir. Shuning uchun sayohat uchun cheklovlar kiritish iqtisodiy inqirozga yechim emas. Chunki iqtisodiy sharoitning yo‘qligi fuqarolarni o‘z vatanlarini tark etishga majbur qiladi.
Albatta, vazir Qirg‘iziston fuqarolariga Rossiyaga mehnat migratsiyasi uchun bormaslikni rasman tavsiya qilsa, to‘g‘ri bo‘lardi. Nega hukumat Rossiyani fuqarolarimiz uchun xavfli davlat deb e’lon qilmaydi? Nega bu masala Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishlarida dolzarb mavzu sifatida ko‘tarilmayapti? Masalan, bizni doim Afg‘onistondagi tahdidlar bilan qo‘rqitib turishadi, lekin u yerdagi fuqarolarimiz Tashqi ishlar vazirligiga hech qanday muammo tug‘dirmagan. Nega mamlakat rahbarlari sammitlarda va doimiy maslahat uchrashuvlarida afsonaviy “terrorizm” masalasini zo‘r berib muhokama qiladi?
Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolari Rossiyaning millatchilik siyosatidan aziyat chekar ekan, demak bu davlatlarning rahbarlari Rossiya bilan sheriklik va strategik munosabatlar zarurligini ko‘rib chiqish talabini keskin va qat’iy ravishda ko‘tarishlari kerak! Hech bo‘lmaganda boshqa davlatlarning o‘z fuqarolarini himoya qilishidan o‘rnak olishlari kerak!
Qirg‘iziston va mintaqadagi boshqa davlatlar o‘z fuqarolariga chinakam g‘amxo‘rlik qilish va ularni himoya qilishda buyuk sarkarda Mo‘tasimdan o‘rnak olishlari lozim. U saroylar va son-sanoqsiz boyliklarga aldanmagan sodiq, chinakam mard hukmdor edi. Tarix isbotlaganidek, bu sarkarda Yaratganning oldidagi mas’uliyatni bajarishni eng yuqori darajadasini ko‘rsatdi. U Yevropa qirolining qamoqxonasida saqlanayotgan Islomiy davlatning oddiy musulmon fuqarosining yordam chaqiruviga javob bergan g‘amxo‘r hukmdor sifatida tanilgan.
Uning qisqacha tarixi shunday bo‘lgan edi: kofirlar tarafidan asirga olingan muslima ayol “Qayerdasan, ey Mo‘tasim, qayerdasan?!” – deya nola qilganda bu gapni eshitgan zolim podshoh uning ustidan kulib: “Ha, hozir Mo‘tasiming kelayapti”, u oq-qora ot minib, seni qutqarish uchun keladi!”. – deb masxara qildi. Bu xabar Mo‘tasimga yetib borgach, u o‘n yetti ming oq va qora ot sotib olib, o‘n yetti ming chavandoz bilan Yevropaga yurish qildi. Dushman qo‘shini tor-mor qilinib, yo‘q qilindi. Ayolni Mo‘tasim huzuriga olib kelishganida: “Zolimga, Mo‘tasim oq-qora otlar bilan meni qutqarish uchun keldi, deb ayt ”, dedi.
Abbosiylar sulolasidan Bag‘dod xalifasi bo‘lgan Mu’tasimbillah Abu Is’hoq Muhammad ibn Horun (794-842) barcha musulmon hukmdorlari uchun namuna bo‘lishi kerak.
Latif Rasix