Qirg‘iziston hukumati masjidlar qurilishiga yangi cheklovlar joriy etishni rejalashtirmoqda
Qirg‘izistonda namoz o‘qiyotgan musulmonlar soni ortib borayotgan bir paytda, rasmiylar mustamlakachilarning dinga qarshi rejalarini amalga oshirishda davom etmoqda. Ibodatxonalarni yopish masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Qirg‘iziston hukumati masjidlar, namozxonalar va boshqa diniy muassasalar soniga cheklov kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Hozirda hukumatning ushbu ma’noni o‘z ichiga olgan dinga qarshi qarori jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Diniy masalalarga cheklovlar kiritishda faol xizmat ko‘rsatayotgan Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyasi 2021 yildan buyon mamlakatimizda ilgari qurilgan, lekin ro‘yxatdan o‘tmagan diniy muassasalarni ro‘yxatga olish kampaniyasini boshlab yubordi.
So‘nggi yillarda masjidlar sonini qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan kampaniya natijasida 644ta muassasa yopildi. Shu bilan birga, homiylar va xayriya jamg‘armalari ro‘yxatdan o‘tish va qurilishni yakunlash bo‘yicha davlat idoralariga doimiy ravishda murojaat qilmoqda.
“2023 yilning boshida ham qurilishi tugallanmagan 200dan ortiq diniy inshootlar aniqlandi. Ayni paytda diniy inshootlar qurilishini yakunlash uchun mahalliy davlat ma’muriyatiga va o‘zini o‘zi boshqarish organlariga moddiy yordam so‘rab murojaat qilishlar kun sayin ortib bormoqda. Diniy obyektlar qurilishi xalq ehtiyojlarini xolisona hisobga olmasdan amalga oshirilmoqda. Ko‘p holatlarda bir qishloqda bir-biriga yaqin joylashgan 10tagacha diniy muassasalar faoliyat yuritayotganligini ko‘rish mumkin”, — deyiladi bayonotda.
Musulmonlar o‘z e’tiqodlaridan kelib chiqib barcha ehtiyojlarini talab qilishi u yoqda tursin, faqat birgina qurilish loyihasini yakunlash uchun ruxsat so‘rashi Din ishlari komissiyasini esdan og‘diryaptimi? Qirg‘iziston Konstitutsiyasi bunga kafolat bergani yolg‘onmi? Yoki davlat komissiyasi bu murojaatlarni musulmonlarning ehtiyoji deb tan olmaydimi? Axir musulmonlarning haq-huquqlarini ta’minlash va himoya qilish ularning bevosita burchi emasmi!?
Shuningdek, davlat komissiyasi ikkiyuzlamachilik qilib, aholi gavjum hududlardagi diniy obyektlar sonini aniqlash zarurligini tavsiya qilmoqda. Komissiya hukumatning tegishli loyihasiga tayanib, masjidlarni qisqartirish uchun “Qishloqlarda masjidlar orasidagi masofa 2 kilometrdan kam bo‘lmasligi kerak, Qishloq joylarda 3 kilometrdan, shaharlarda esa 4 kilometrdan kam bo‘lmasligi kerak”, degan kulgili va fantastik formulasini taklif qilmoqda.
Ular bunday o‘lchovlarni qayerdan olishdi? Juma namozida yoki boshqa jamoat namozlarida musulmonlar yo‘lda, ko‘chalar chetida yoki piyodalar yo‘lagida namoz o‘qishga majbur bo‘layotganini ko‘rishmayaptimi? Yoki bunday paytda ko‘r bo‘lib qolashadimi? Buni ko‘rib turib, qandaydir cheklov va qisqartirishlar haqida gapirish mumkinmi? Qolaversa, juma kunlari mashinalar ko‘pligi va to‘xtash joylarining yo‘qligi ehtiyoj hisoblanmaydimi? Prezidentning o‘zi bosh bo‘lib, shahardagi eng katta masjidda bayram namozini o‘qiganda odam sig‘may qolganini ko‘rmadimi?
Balki ular hukumatning hayit namozini maydonda o‘qishni taqiqlashiga musulmonlarning jim turishini ularning hokimiyatga bo‘ysunishi belgisi sifatida qabul qilishayotgandir? Endi ular namoz o‘qiladigan va diniy ta’lim beriladigan joylarini qisqartirishga qaror qilishdi. Ular qonunni jamoatchilik muhokamasiga nomigagina qo‘yib, “ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashi olindi”, qilib ko‘rsatish orqali eskicha usulda o‘z jinoyatlarini qonuniylashtirmoqchi. Bu kabi loyihalar va qonunlar mustamlakachilarning buyrug‘i bo‘lib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgani aniq. Bu holat xuddi bo‘rilar o‘rtasidagi “qo‘zining faqat go‘shtini yeyish kerakmi yoki terisi bilan qo‘shib yeyish kerakmi” degan bahsga o‘xshaydi.
Bosqichma-bosqich kirgizilgan ushbu cheklovlar “Overton derazasi” usuliga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ya’ni bu – jamiyat zaiflashib, o‘zining kundalik muammolari bilan chalg‘igan sari asta-sekin taslim bo‘lib boraverishini anglatadi. Bu kurashning qurbonlari faqat musulmonlardir, boshqa hech kim zarar ko‘rmaydi. Shuningdek bu kurash bugun boshlangani yo‘q. O‘tgan yili ham Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi ko‘plab masjid va madrasalar faoliyatini to‘xtatgan edi. Bunday ishlar sanitariya me’yorlari va yong‘in xavfsizligi talablariga javob bermaydi, degan bahonada amalga oshirilmoqda.
Qirg‘iziston hukumati va ularning qo‘g‘irchog‘i bo‘lgan Din ishlari bo‘yicha davlat komissiyaning harakatlarini qanday baholash mumkin? Ular Islomga dushmanmi yoki shunchaki ikkiyuzlamachilik qilyaptimi? Jamoat namozlariga kelib, duolar qilib, keyin masjid va madrasalarni yopib tashlashini qanday izohlash mumkin? Yoki ular xo‘jako‘rsinga ibodat qilishadimi? Musulmon xalq o‘z rahbaridan diniga yordam berishini kutayotgan bir paytda, rahbar o‘z fuqarolarining ehtiyojlarini himoya qilishi shunday bo‘ladimi?! Hukumatning o‘zi madrasalar ochib, yoshlarni Islomni o‘rganishga targ‘ib qilishga boshchilik qilishi kerak emasmi!
Shunday ekan, musulmon birodarlar, bu qonun loyihasini qat’iyan rad etish va Qirg‘iziston hukumatidan musulmonlarni va Islomni tinch qo‘yishni talab qilish zarurdir! Alloh taolo aytadi:
أَرَأَيْتَ الَّذِي يَنْهَى -9, عَبْدًا إِذَا صَلَّى -10, أَرَأَيْتَ إِنْ كَانَ عَلَى الْهُدَى -11, أَوْ أَمَرَ بِالتَّقْوَى -12, أَرَأَيْتَ إِنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى -13, أَلَمْ يَعْلَمْ بِأَنَّ اللَّهَ يَرَى -14, كَلَّا لَئِنْ لَمْ يَنْتَهِ لَنَسْفَعَ بِالنَّاصِيَةِ -14, نَاصِيَةٍ كَاذِبَةٍ خَاطِئَةٍ -16,
“… (Ey inson), bir bandani namoz o‘qigan vaqtida (namozidan) to‘sadigan kimsani ko‘rdingmi?! Xabar bergin-chi, agar u (namoz o‘qiguvchi) o‘zi To‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, yoki (o‘zgalarni) taqvoga (Allohdan qo‘rqishga) buyursa (uni namozdan va taqvodan to‘sgan kimsa halok bo‘lmasmi)? Xabar bergin-chi, agar u (namozdan to‘sguvchi kimsa Allohning kitobini) yolg‘on, desa va (u Kitobga iymon keltirishdan) yuz o‘girsa, albatta Alloh (uning barcha qilmishlarini) ko‘rib turishini bilmasmi?! Yo‘q! Qasamki, agar u (bunday gumrohlikdan) to‘xtamasa, albatta Biz uning peshona sochidan — o‘sha yolg‘onchi, adashgan peshona sochidan tutarmiz-da, (jahannamga oturmiz)!! (Al-Alak: 9-16).
Latiful Rasix