Qonunga hurmat ham, uni oyoq-osti qilish ham rahbardan boshlanadi

11
0

بسم الله الرحمن الرحيم

 Qonunga hurmat ham, uni oyoq-osti qilish ham rahbardan boshlanadi

Hamma qonunga murojaat qilishi, unga hurmat bilan qarashi uchun prezident yoki xalifa kabi eng birinchi rahbar qanunga ishonsa, qonunni hayot-mamot masalasi deb bilsa shunda insonlar – xoh o‘z fuqarolari bo‘lsin, xoh chet elliklar bo‘lsin – u davlatga ham, undagi qonunlarga ham ishonadi. Qonunlar o‘lik bo‘lmaydi, hayotda o‘z ishini qiladigan tirik bo‘ladi. Har qanday inson bu davlatga qanday muomila qilishni davlatdagi qabul qilingan qonunlarga qarab belgilaydi va hokazo.

Agar qonunni oyoq osti qilish rahbarlardan bo‘lsa, rahbarlar ish yuritishda qonunga emas, o‘zlari xohlagandek qilib, har qanday haq-huquqlarni tepalab bo‘lsa ham avvaldan reja qilgan ishlarni amalga oshirishga harakat qilsa u davlatga hech kim ishonmay qoladi, chunki rahbar ketadi, boshlagan ishini davom ettirish uchun ikkilanib, bir ishni boshlashga yoki sarmoya yotkizishga har qanday ishbilarmon cho‘chib qoladi. Hatto o‘z fuqarolari ham ega bo‘lgan mulkiga ishonch yo‘qolgani bois mulkini chet elga chiqarib ketish yo‘llarini izlay boshlaydi, oqibatda o‘lka boyliklari chetga chiqib ketadi. Odamlar qaroqchidan, o‘g‘ridan-da ko‘proq organ hodimlaridan qo‘rqishadi. Qonunlar esa faqat nufuzli insonlarni maqsadlarini amalga oshiradigan qurol bo‘lib qoladi.

Qonunlarga hurmat bo‘lish uchun qonunlar ideologiyaga asoslanishi kerak va rahbarlar qonunni buzish, ayniqsa jazo-choralarini zaiflarga ijro qilib, obro‘li insonlarning qilmishlariga ko‘z yumishni o‘limdan-da og‘irroq jinoyat ekanini his qilishlari va qonunlarni tadbiq qilishni o‘zlaridan boshlashlari kerak.

Islomning ta’limotlarida qonunni buzish o‘lim bilan ham qutila olmaydigan jinoyat deb, bu dunyodagi jazodan qutilib qolsa-da, Oxiratda o‘sha qilmishi uchun qattiq javob berishi haqida doimo eslatadi hamda Oxirat jazosi o‘ta og‘ir ekanligidan ogohlantiriladi. Qonunni buzish hech qachon qabul qilinmaydi, hatto u Ummatning xalokati ekanini Rosululloh sollalohu alayhi va sallam ta’lim berganlar. Oisha r.a. onamiz rivoyat qiladi:

O‘g‘rilik qilgan maxzumiyalik ayolning ishi Qurayshga g‘am bo‘lib qoladi. Chunki u Qurayshga qadirdon bo‘lgan oiladan edi. Endi u haqida Rosululloh – sollalohu alayhi va sallam – ning suyuklisi Usoma ibn Zayddan boshqa kim ham gaplasha oladi degan fikr bilan unga aytishdi. So‘ng Rosululloh bilan Usoma gaplashgan edi, Allohning hadlanidan bir had haqida shafoatchilik qilayapsanmi?- deb g‘azablandi. So‘ngra turib, xitob qila boshladi. So‘ng shunday dedi: albatta sizlardan avvalgilarni ulardan e’tiborli, sharafli odam o‘g‘irlik qilsa tegishmagan, (ya’ni jazo qo‘llashmagan), agar ulardan zaif odam o‘g‘irlik qilsa unga jazo qo‘llashgan, shu ishlarigina ularni halok qilgan. Allohga qasamki, agar farazan Fotima binti Muhammad o‘g‘irlik qilsa albatta qo‘lini kesaman…(muttafaqun alayh).

Shunday tarbiyani olgan Ummatga xazrati Umar r.a. minbarda turib:

– Men Allox va Uning Rasuliga itoat etsam, sizning da menga ergashishingiz vojib bo‘ladi. Mabodo, men Allox va Rosuliga itoatda bo‘lmasam…

Shu payt bir yigit o‘rnidan turdi:

– Unda biz sizni qilichlarimiz bilan to‘g‘ri yo‘lga boshlashni ham bilamiz. Xazrati Umar yigitning gaplaridan xursand bo‘lib, ko‘llarini yuqori ko‘tardilar:

Allohim, Senga hamdu sano aytaman, shukr qilaman. Senga qarshi borsam, meni qilich bilan bo‘lsa-da, to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan bandalaring bor, deya Alloxga iltijo qildilar…

Yana bir tarixiy misol:

Madinadagi Payg‘ambarimiz sollallohu alayxi va sallamning masjidlari ham kichiklik qilib koldi. Chunki jamoat kundan-kunga ortib borardi. Bu yerda ham muammoning yechimi masjid atrofidagi uylarni sotib olib, masjidga qo‘shib yuborish edi. O‘sha uylardan biri Payg‘ambarimiz – sollallohu alayhi va sallam-ning amakilari Abbos r.a.niki edi. U kishiga belgilanganidan qo‘proq pul taklif qilinsa-da, sotishni hech istamadilar.

Oxiri ish qoziga havola qilindi. Xazrati Umar odatlaridan chekinmagan holda hakam tanlashni ishga qarshi bo‘lgan odamga qoldirdilar. Abbos roziyallohu anhu Ubay ibn Ka’b r.a.ni tanladilar. Ikkovlon borib, Ubayga voqeani aytib berishdi. Ubay har ikki tarafni ham tinglab bo‘lgach, hukm chiqardilar:

Abbosni rozi qilishingiz kerak. Payg‘ambarimiz – sollalohu alayhi va sallam – masjidlariga bo‘lsa ham, egasining roziligisiz hech bir uyni qo‘shib ololmaysiz.

Ikkovlari ham tashqariga chiqishdi. Abbos Xazrati Umar r.a.ga o‘girildilar: o‘sha uyni men Alloh rizosi uchun baxsh etdim, evaziga hech narsa kerakmas.

Abbosning bu xatti-harakati tushunarsiz edi. Uyni Alloh rizosi uchun baxsh etadigan bo‘lsa, Xazrati Umarni ovora qilishdan maksadi nima edi? Yoki u kishi baxsh etmoqchi bo‘ldi-yu Xazrati Umar unamadilarmi? Yoxud Xazrati Umar uyni arzon-garovga sotib olmokchimidilar? Yo‘q, albatta. Abbos r.a. shaxsiy mulkni hech kim egasini rizosi bo‘lmasdan turib olib qo‘yish Islomda yo‘q ekanini ommaga bildirib qo‘yish uchun shu shov-shuni qilgan edi, Allohu a’lam.

Ibni Hishom, ibni Kasir va boshqalar rivoyat qiladi:

Rosululloh sollalohu alayhi va sallam Badr kuni as’hoblarining saflarini to‘g‘riladi va qo‘lida bir nayza bor edi, o‘sha bilan to‘g‘rilardi. Adiy ibn Najjor qabilasining ittifoqchisi Suvod ibn G‘azyani oldidan o‘tayotib, qorniga nayza bilan turtdi, holbuki u safdan oldinga chiqib turgan edi: ey, Suvod safingni to‘g‘rila dedi. Shunda Suvod: yo Rosululloh! Meni og‘ritdingiz, darhaqiqat Alloh sizni haqiqat va adolat bilan payg‘anbar qilganku, sizdan o‘ch olaman dedi. Rosululloh qornini ochib berib, o‘chingni ol dedi. Shunda uni quchoqlab olib, qornidan o‘pdi. Seni bunga nima majburladi, ey Suvod – deb Rosululloh so‘radilar. Yo Rosululloh! Ko‘rib turganingizdek, urishda turibmiz, (shahid bo‘lishni niyat qilganidan) siz bilan bo‘lgan davrlarimning oxirida badanim badaningizga tegishini xohladim dedi. Shunda Rosululloh sollalohu alayhi va sallam uni haqqiga yaxshiliklar so‘rab duo qildilar.

Suvod r.a. qasos olaman deb haqqini talab qilganda – holbuki, Rosululloh ozor berishni, azoblashni maqsad qilmagan edi, lekin o‘zini oqlash o‘rniga – Rosululloh sollalohu alayhi va sallam hech ikkilanmasdan haqqini berishligi bilan adolat va qasos uchun ajoyib bir namuna ko‘rsatdilar.

Bunday ta’limot bizlarga ertakka o‘hshab qoldi, chunki sotsialistik ideologiyaga asosida davlatga qullik, so‘ngra foyda uchun vahshiylarcha muomila qilish, har qanday razilliklarni hech ikkilanmasdan hukumron qilish bilan inson qadr-qiymati, haq-huquqlari uchun hech qanday e’tibor qolmadi. Bu bilan eng oliy rahbar-prezidentga ham oyoq qo‘ygan bo‘lmoqda, chunki prezident konstitutsiyani, qonunlarni kafolati, lekin buni ma’naviyati yuksak insonlar tushunadi. Begunoh insonni har hil qiynoqlar, tok bilan azoblab, qilmagan ishini bo‘yniga qo‘yish orqali jinoyatchiga chiqarish odatiy holga aylandi. Azoblarga chiday olmasdan og‘ir jinoyatlarni ham bo‘yniga olish ma’qul ish bo‘lib qoldi. Konstitutsiyani, qonunlarni, inson haq-huquqlarni oyoq osti qilish, kerakli darajada e’tibor bermaslik, balki ularga tupurish bilan qonunlarga bo‘lgan ishonch qolmadi. “Qizil kitob”i borlar ham meni mulkim “qizil chiziq”qa tushub qolmasmikin degan xavotirda. Kompensatsiya to‘lamasdan shaxsiy mulklarni tortib olish bilan umuman davlatga, qonunlarga ishonch yo‘qoladi. 10-15 yillik mehnat bilan erishgan mulkini tortib olishni faqat shu ish boshiga tushganlargagina emas, hammaga ham zulm ekani ma’lum, lekin bizda zolim, mustabid tuzumlar natijasida inson qadr-qiymatini ahamiyati qolmagan.

Bir kuni Himsning voliysi Umayr ibn Sa’d Hims minbarida turib, shunday degan ekan: «Modomiki, sulton qattiq turar ekan, Islom mustahkam turaveradi. Sultonning qattiq turishi qilich bilan o‘ldirish yoki qamchi bilan savalash emas, haqiqat bilan hukm chiqarish va adolatni mahkam ushlash bilan bo‘ladi». Bu xabarni eshitgan Umar: «Qaniydi, Umayr ibn Sa’dga o‘xshagan odam bo‘lsayu, uni musulmonlarga voliy qilsam», degan ekan.

Umar r.a.ning Shamdagi voliysi Sa’d ibn Abu Vaqqas masjidlarni kengaytirishga ihtiyoj borligi uchun masjidga qo‘shni bo‘lgan uylarni ikki-uch barobar narhiga sotib olishni boshladi. Ular uylarini masjidga qo‘shilishgiga rozi bo‘ldilar. Lekin bir uy yahudiyga qarashli edi, uyini masjidga berishga ko‘nmadi, qancha pul bersa ham uyini masjidga qo‘shilishiga rozi bo‘lmadi. Shunda Sa’d r.a. g‘azablanib, ikki barobardan ko‘proq pul berib, uyni buzdirib, yerini masjidga qo‘shib yubordi. Bu ishga yahudiy rozi bo‘lmadi, arz-dodini kimga aytsa ham hech qanday foyda bo‘lmadi. Shunda qo‘shnilaridan biri arzini xalifaga borib aytishni maslahat berdi. Yahudiy Madina tomon yo‘lga chiqib, uzoq yo‘l yurdi, ko‘p qiyinchiliklar bilan yetib borib, Umar r.a. bilan ko‘rishadi. Qarasa qo‘riqchilari yo‘q, oddiy kiyimda bog‘bonchilik ishlari bilan mashg‘ul holda topadi. Noumidlikka tushib, shuncha yo‘l yurib, shu odamdan yordam so‘rab keldimmi deb o‘zini koyib ham oladi. Bo‘lgan ish bo‘ldi, nima bo‘lganda ham arzimni aytib ketaman deb Sa’d r.a.ni qilgan ishini aytib beradi. Shunda Umar r.a. yerdan bir suyakni olib(bir rivoyatda bir parcha terini olib), unga bir qator xat yozadi-da, uni yahuniyga beradi. Shuni Sa’dga olib borib ber deb, yana ishida davom etadi. Noumid bo‘lgan yahudiy battar tushkunlikka tushadi. Nachora, shu ahvolda ortiga qaytadi. Qo‘shnilariga bo‘lgan vokeani aytgandan keyin ular: shuncha joyga borib kelding, ishni oxirigacha yetkaz, maktubni Sa’dga olib borib ber deb maslahat berishadi. Sa’dga maktubni berganda, Sa’dni rangi oqarib, qo‘li titray boshlaydi. Ozginadan keyin senga joying qaytarib beriladi va sen xohlagandek qilib uyingni ham solib, avvalgi holidan yaxshiroq holga keltirib beramiz deb javob beradi. Hech narsaga tushunmagan yahudiy: bu maktubda nima ma’no bor, ahir unda “meni adolatim Nusheravonni adolatidan kam emas” degan gapdan boshqa narsa yo‘q-ku – deb so‘raydi.

Buni tarixi uzun, biz Umar ibn Xattob bilan fors davlatining bir shaxriga sovdogarlik qilib, ikki yuzta tuyada yuk olib bordik. Bizni ikki yigit kutib oldi, tuyalarimizga yaxshi qaradi, bizni mehmonxonaga joylashtirishdi. Biz savdolarimizni qilib, olib borgan narsalarimizni sotdik, o‘sha yerdan kerakli tavarlarni olib, tuyalarga joylashtirganimizdan keyin xaligi ikki bola bizni quvib yubordi, ular qaroqchilar ekan. Tunagan uyimizga kelib, uy egasiga bo‘lgan voqeani aytib berdik. Shunda u kishi: bizning amir adolatli rahbar, arzinglarni unga aytsanglar hamma narsanglarni olib beradi dedi. Uni maslahati bilan saroyga bordik. Tarjimon orqali bo‘lgan voqeani amirga aytganimizda bizga bir kosadan oltin berib, chiqarib yubordi. Biz hayron bo‘lib mehmonxonaga qaytdik. Bizga maslahat bergan uy sohibi bo‘lgan ishni eshitib, ertaga o‘zim borib, sizlarga tarjimonlik qilaman dedi. Ertasi kuni amirga bo‘lgan ishni aytib berganimizda sizlar ozgina dam olib turinglar deb Amir chiqib ketdi. Bir oz vaqt o‘tgach Amir kelib, sizlarning karvoningiz darvoza oldida turibdi. Yuzta tuyani biringiz bu ko‘chadan, qolgan yuzta tuyani ikkinchingiz boshqa ko‘chadan OLIB chiqib ketinglar dedi-da, har birimizga yana ikki kosadan oltin berdi. Amir aytgandek qilib, ikki tomon bilan yo‘lga ravona bo‘ldik. Men o‘tayotgan ko‘chada ikki kishi osib oldirilgan holda odamlar o‘rab olgan ekan. Ulardan bo‘lgan voqeani so‘rasam, bulardan biri Amirning o‘g‘li, ikkinchisi esa vazirning o‘g‘li. Arab savdogarlarining karvonini talon-taroj qilishibdi, shunga Amir jazo tariqasida osib o‘ldirishga hukm qilibdi. Umar o‘tgan ko‘chada esa, bizlarga tarjimonlik qilgan saroy ishchisini osib qo‘ygan ekan. Odamlarda so‘rasa arab savdogarlariga Amirni oldida tarjimonlik qilayotib uni o‘g‘lini va vazirining o‘g‘lini foydasiga haqiqatlarni yashirgani uchun Amir osishga buyuribdi deb tushuntirishibdi…

Abdulloh ibn Muhammad

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.