Qirg‘izistonda hayit namozini maydonda o‘qish taqiqlandi

24
0

Qirg‘izistonda hayit namozini maydonda o‘qish taqiqlandi

Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi hayit bayram dasturini e’lon qilar ekan, hayit namozi 30 mart kuni masjidlarda o‘qilishini ma’lum qildi. Shuningdek Muftiy Ramazon oyining tugashini ham oldindan 30 mart kuniga belgilab qo‘ydi.
Bundan avval muftiy ramazonning boshlanishini yoki hayit kunini belgilagan bayonotlarida bir kunga o‘zgarish bo‘lishi mumkinligini rasman ta’kidlab kelgan bo‘lsada, bu gal bunday qilmadi.
Aslida Ramazon oyining boshlanish kuni hamda hayit kunini oldindan belgilash shariatga ziddir. Shariat faqat oyni ko‘rib ro‘za tutishni va oyni ko‘rib ro‘zani tugatishni talab qiladi.
Alloh taolo aytadi:
فَمَن شَهِدَ مِنكُمُ ٱلشَّهۡرَ فَلۡيَصُمۡهُۖ
“Bas, sizlardan kim bu oyga hozir bo‘lsa, ro‘za tutsin”. (2:185)
Shuningdek Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
صُومُوا لِرُؤْيَتِهِ وَأَفْطِرُوا لِرُؤْيَتِهِ، فَإِنْ غُبِّيَ عَلَيْكُمْ فَأَكْمِلُوا عِدَّةَ شَعْبَانَ ثَلاَثِينَ
“(Oy)ni ko‘rib ro‘za tutinglar, Uni ko‘rib ro‘zani tamomlanglar. Agar (osmon) bulutli bo‘lsa, sanoqni o‘ttiz kun deb hisoblang” (ya’ni, Sha’bonni o‘ttiz kun deb hisoblang)”, dedilar.
Qur’on va Sunnat ro‘za tutish masalasida oyni ko‘rib ro‘za tutishni talab qiladi. Agar (osmon) bulutli bo‘lib, oy ko‘rinmasa, ro‘za tutmaslikka buyuradi. Shuning uchun musulmon kishi ro‘zani boshlashda yoki tugatishda faqat oyni ko‘rib amal qilishi vojibdir. Bu yerda astronomik hisoblar e’tiborga olinmaydi. Chunki shariat yangi oyni ko‘z bilan ko‘rib, belgilashni buyurgan. Qolaversa, – Allohning hikmati bilan – astronomik hisob-kitoblar yangi hilolning chiqishiga to‘g‘ri kelmagan paytlar ham bo‘lgan. Misol uchun, astronomik hisob-kitoblar bo‘yicha, “oy ko‘rinmaydi”, deyilgan kunda yangi oy ko‘ringan holatlar kuzatilgan. Shuning uchun musulmonlar bu masalada shariatga amal qilib, ramazon hilolini ko‘rish bilan ro‘za tutishni boshlashlari va tugatishlari lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
لا تصوموا حتى تروا الهلال ، ولا تفطروا حتى تروه ، فإن غم عليكم فاقدروا له.
“Yangi oyni ko‘rmay turib, ro‘zani boshlamanglar va yana yangi oyni ko‘rmay turib, ro‘zani tugatmanglar, Agar (osmon) bulutli bo‘lsa, sanoqni to‘liq qiling (o‘ttiz kun deb hisoblang)”. (Buxoriy rivoyati).


Ammo oy ko‘rinmasa yoki osmon bulutlar bilan qoplangan bo‘lsa-yu, bir musulmon kelib, oyni ko‘rganligi to‘g‘risida sahih xabar keltirsa, musulmon kishi unga ergashishi vojib bo‘ladi. Chunki bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan sobit bo‘lgan: Ansorlardan bir jamoat quyidagi hadisni rivoyat qildi:
“أُغْمِيَ علينا هِلالُ شوَّالٍ، فأصبَحْنا صِيامًا، فجاء ركْبٌ مِن آخرِ النَّهارِ، فشهِدُوا عند النَّبيِّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ أنَّهم رأَوُا الهِلالَ بالأمسِ، فأمَرَهم رسولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ أنْ يُفْطِروا مِن يومِهم، وأنْ يَخرُجوا إلى عيدِهم مِن الغَدِ”.
“Bizga Shavvol oyi ko‘rinmay qoldi, shuning uchun biz ro‘za tutishni davom ettirdik. Kun oxirida bir karvon kelib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida oyni ko‘rganliklariga guvohlik berishdi. Shundan so‘ng, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ro‘zamizni ochib, ertasi kuni hayitga chiqishni buyurdilar”. (Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida musulmonlar – har xil mintaqalarda yashashlariga qaramay, bir kunda ro‘za tutib, bir kunda og‘iz ochishgan. Aloqa vositasi tuyalar va otlar bo‘lgan davrda shunday bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kundagi internet davri haqida nima deyish mumkin? Bugungi kunda aloqa vositasi bo‘lmish internet rivojlangan davrda, Amerikada turgan kishi bir necha soniyada hech qanday to‘siqsiz yoki qiyinchiliklarsiz Indoneziyadagi kishi bilan aloqa qilishi mumkin. Shuning uchun musulmonlar – dunyoning qayerida bo‘lishidan qat’i nazar, bir kunda ro‘za tutib, bir kunda ro‘zani ochish hukmiga amal qilishlari kerak. Bu amal shariat talabi bo‘lishidan tashqari, butun dunyo musulmonlari o‘rtasida hamjihatlikni ro‘yobga chiqaradi va musulmonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat va birodarlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Qirg‘iziston rasmiylarining hayit namozini maydonda o‘qishni taqiqlashiga kelsak – bu musulmonlarni ibodatdan to‘sish va ularni nazorat ostiga olish usullaridan biridir. Chunki, so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda hayit namoziga qatnashayotgan musulmonlar soni umumiy aholi soniga nisbatan sezilarli darajada ortib bormoqda. Poytaxtning o‘zida yuz minglab odamlarning namozga kelishi, hukumatdagi Islomga qarshi mulozimlarni g‘azabini qo‘zg‘amoqda. Bu ko‘rsatkich nafaqat Qirg‘iziston hukumatini, balki ularning mustamlakachi xo‘jayinlari va ularning qo‘l-oyog‘iga aylangan xalqaro tashkilotlarni ham tashvishga solayotgani shubhasiz. Shuning uchun bu tashkilotlar Qirg‘iziston hukumatiga Islomiylashuv jarayonining oldini olish uchun millionlab dollarlar ajratib kelmoqda.


Xulosa qilib aytganda, ehtiyotkor bo‘lish farzdan voz kechish degani emas. Ayniqsa, ko‘ngilochar tadbirlar, kufr va shirk bayramlariga o‘n minglab odamlar hech qanday to‘siqlarsiz yig‘iladigan maydonda namoz o‘qishni man qilish, ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas. Namozni markaziy maydonlarda o‘qishdan to‘sib, masjidlarda o‘qitish bilan xavfsizlik masalasi hal bo‘lib qolmaydi. Bu esa xavfsizlik shunchaki bahona ekanligini ko‘rsatib turibdi. Shu bois davlat mutasaddilari hayit namozini o‘qishga cheklov qo‘yish bilan o‘z mas’uliyatini bajara olmay, gunohkor bo‘lishmoqda. Shunday ekan, biz musulmonlar davlat mutasaddilaridan ushbu ishlarni amalga oshirishni talab qilishimiz hamda Islomiy qadriyatlar va hukmlarning oyoq osti qilinishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim!


Harun Abdulhak

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.