بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ
Ro‘zani boshlash va tamomlashda oy chiqishidagi birlik – saflarni birlashtirish uchun rabboniy talabdir!
Ey musulmonlar!
Alloh Taolo bizga ro‘zani buyuk g‘oya uchun farz qilib, bunday dedi:
﴿أَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ كُتِبَ عَلَيۡكُمُ ٱلصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ﴾
«Ey mo‘minlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan ilgari o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi» [Baqara 183]
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan Rosululloh ﷺning bunday deganlari rivoyat qilingan:
«الشَّهْرُ تِسْعٌ وَعِشْرُونَ، فَإِذَا رَأَيْتُمُ الْهِلاَلَ فَصُومُوا وَإِذَا رَأَيْتُمُوهُ فَأَفْطِرُوا، فَإِنْ غُمَّ عَلَيْكُمْ فَاقْدِرُوا لَهُ»
«(Ey mo‘minlar) oy(larning sanog‘i) yigirma to‘qqizdir. Qachon Hilolni ko‘rganingizdagina ro‘zani boshlanglar, qachon uni ko‘rganingizda ro‘zani tamomlanglar. Agar havo bulut bo‘lsa, oyning sanog‘ini o‘ttiz kun qilib belgilanglar». (Imom Muslim rivoyati).
Ro‘za Alloh uchun tavqifiy ibodatdir (ya’ni Alloh tomonidan belgilab qo‘yilgan). Maqsad, shaxs va jamiyatda taqvoni ro‘yobga chiqarmoqdir. Payg‘ambarimizning sahih hadislari ro‘zani qanday tutish kerakligini, so‘zlari, amallari va tasdig‘i bilan aniq bayon qilgan. Ro‘za ham xuddi namoz, zakot va haj kabi yakka tartibda va birgalikda bajariladigan ibodatdir. Butun Ummat ro‘za atrofida xuddi tutash binolar kabi birlashadi. Bas, nega biz Rosululloh ﷺning shunday yo‘llanmasiga amal qilmayapmiz?!
Mustamlakachi, shubhasiz, musulmonlarni ularni amallari va ibodatlarida birlashtiradigan barcha narsadan, jumladan, namoz, ro‘za, haj, zakot, Alloh yo‘lida jihod va ribot qilish, yerni, nomusni va muqaddas dargohlarni mudofaa qilish, Allohga qilinadigan da’vat, adolat va rahmat ulashish kabilardan uzoqlashtirishga harakat qildi. Millatchilik, vatanparvarlik, soxta chegaralar va shaxsiy manfaatlar orqali bo‘linishni targ‘ib qildi va buni amalga oshirish uchun ayrim fiqhiy ixtiloflardan foydalandi. Go‘yo musulmon kishi Allohga U zotni rozi qilish uchun sahih dalil asosida emas, balki o‘zining shaxsiy manfaatlariga ko‘ra ibodat qilishga buyurilgandek! Holbuki, Alloh Taolo aytadi:
﴿فَٱسۡتَقِمۡ كَمَآ أُمِرۡتَ وَمَن تَابَ مَعَكَ وَلَا تَطۡغَوۡاْۚ إِنَّهُۥ بِمَا تَعۡمَلُونَ بَصِيرٞ﴾
«Bas, (ey Muhammad), siz va siz bilan birga tavba qilgan zotlar o‘zingizga buyurilgandek To‘g‘ri yo‘lda bo‘lingiz! Tug‘yonga tushmangiz! Albatta, U zot qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir» [Hud 112]
Ey musulmonlar!
Oyni ko‘rish masalasi faqatgina fiqhiy masala emas, balki Ummatni bo‘lib tashlash rejalariga qarshi kurashning bir bo‘lagi hamdir. Makka osmonidan ko‘ringan Hilol Quddus, Istanbul, Rabot va Jakartada ko‘ringan Hilolning aynan o‘zidir! Shunday ekan, nega bizni mustamlakachi chizgan chegaralar bilan bo‘lib tashlashlariga rozi bo‘lyapmiz?! Darvoqe, 1966 yil Qohiradagi Islom tadqiqot markazi chiqargan qarorda bunday deyilgan: «Oyning chiqishidagi farq e’tiborga olinmaydi, regionlar bir-biridan uzoq bo‘lsa ham, bir kechada hamkor bo‘lishlari shart».
Astronomik hisobga kelsak, uni Nabiy ﷺning zamonalarida arablar ham bilganlar. Ammo ibodatlarida unga tayanmaganlar, balki ko‘z bilan ko‘rishga amal qilganlar. Bunga Ibn Abbos roziyallohu anhuning ushbu hadisi dalil: «Bir badaviy Nabiy ﷺning oldilariga kelib, men Hilolni ko‘rdim dedi (Hasan rivoyat qilgan hadisda ya’ni ramazon hilolini ko‘rdim dedi). Rosululloh ﷺ undan Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga guvohlik berasanmi?! – deb so‘ragandilar, ha, deb javob berdi. Muhammad Uning Rosuli ekaniga guvohlik berasanmi?! – deb so‘ragandilar, ha deb javob berdi. Shunda ul zot ey Bilol, odamlarga azon ayting ertadan ro‘za boshlasinlar, dedilar». Shunday ekan, Allohga bo‘linish va chegaralar istaklariga ko‘ra emas, balki U zot xohlagan tarzda ibodat qilishimiz kerak emasmi?!
Ey musulmonlar!
Mana, bizga muborak ramazon kirib keldi. Bu ibodat va mag‘firat, fathu nusratlar, kuch-qudrat va birdamlik oyidir. Bu oy Ummatning bitta ro‘za tutib, bitta hayit qilib, shodliklarini birlashtirish oyidir. Bas, Robbimiz buyrug‘iga quloq solib, saflarimizni birlashtirmaymizmi, oramizdagi bechoralarga yordam bermaymizmi, shariatimizni tatbiq qilib, muqaddas dargohlarimizni ozod etib, dushmanimizni bir Ummat bo‘lib mag‘lub qilmaymizmi?! Alloh Taolo Ummatning birligini ko‘rishni va unga O‘z rizosi, barakoti, mag‘firati, nusrati va azizligini yog‘dirishni, Firdavs Jannati bilan mukofotlashni istaydi.
Ey Muhammad ﷺning Ummati!
Oddiy ibodatlarda ham bunday bo‘linish musulmonlar boshdan kechirayotgan qator muammolardan biridir. Bunga Islom hokimiyati va davlatining yo‘qligi sababdir. Chunki ushbu davlat ularning ishlarini Islom ahkomlari bilan boshqaradi va barchalarini «La ilaha illalloh Muhammadur Rosululloh» royasi ostida birlashtiradi. Shuning uchun musulmon kishi ramazonni boshlashda ham, tugatishda ham, barcha amallarida shar’iy hukmga rioya qilmog‘i shart. Rosululloh ﷺ bunday deganlar:
«لَا طَاعَةَ لِمَخْلُوقٍ فِي مَعْصِيَةِ الْخَالِقِ»
«Yaratuvchiga osiy bo‘ladigan ishlarda bandasiga itoat qilinmaydi».
Qiyomat kuni biz «nega diniy ishlarda bo‘linding?!», deb so‘ralishdan nega qo‘rqmayapmiz?! Alloh Taoloning
﴿وَٱعۡتَصِمُواْ بِحَبۡلِ ٱللَّهِ جَمِيعٗا وَلَا تَفَرَّقُواْۚ﴾
«Va barchangiz Allohning arqoniga bog‘laningiz va bo‘linmangiz!» [Oli Imron 103]
degan kalomiga musharraf bo‘lgan zotlardan bo‘lishni istamaymizmi?!
Ey musulmonlar!
Robbingiz nidosiga javob qiling, safingizni birlashtirib, Allohning shariatini barpo eting. Ana shunda bu dunyo kuch-qudratiga, oxirat rizosiga noil bo‘lasiz!
Parvardigoro, bizni ramazonga O‘zing rozi bo‘lgan holda yetkaz, Ummatimizni O‘zinga bo‘lgan itoatda birlashtir va unga dushmanlari ustidan nusrat ber. Omin!
Hizb ut-Tahrir 29 sha’bon 1446h
Amerika 28 fevral 2025m