Ramazon oyining oxirgi kechalari ibodat qiluvchilarni kutmoqda!
Ramazon oyi avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri jahanamdan qutulish oyidir. Bu oyda Jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari esa yopiladi, shaytonlar zanjirband qilinadi. Ramazon taqvodorlar va ixlos egalarining oyidir. Bu oyni to‘g‘ri o‘tkazganlarga katta ajrlar va’da qilingan. Ramazon cheksiz hikmat va rahmat keltiruvchi oydir. Bu oyda Qur’onning nozil bo‘lishi, ro‘zaning farz qilinishi va ming oydan afzal bo‘lgan Qadr kechasining bo‘lishi musulmonlarning gunohlardan forig‘ bo‘lishi uchun yetarli imkoniyatdir. Bu Allohning rahm-shafqati va avfu-mag‘firatini anglatuvchi xushxabardir.
Bu muborak oyda musulmonlarning hayotida ko‘p narsalar o‘zgaradi. Chunki, yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu oyda ro‘za tutilib, namozlar o‘qiladi, Qur’on tilovat qilinadi. Bu esa nafsni tarbiyalaydi va musulmonlarni Alloh Taoloning roziligi va mag‘firati sari yetaklaydi.
Bu oy Allohga yaqinlashish, ulug‘ amallarni bajarish va gunohlardan poklanish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bu oyda barcha sohalarda ezgulik eshiklari ochilib, yomonlik kamayadi, musulmonlar uyg‘onadi, taqvo va toat kuchayadi, shariat qonunlariga amal qilishga ishtiyoq ortadi va musulmonlar faollashadi.
Bularning barchasini anglagan holda, ushbu muqaddas Ramazon oyidan unumli foydalanishimiz kerak. Bu oyda musulmonlar gunohlariga tavba qilib, o‘tgan hayotlarini tahlil qiladilar, xato va kamchiliklarini anglab yetish bilan birga o‘z nafsini va turmush tarzini yaxshilash uchun yaxshi niyat qiladilar. Shuningdek fikrlar ham charxlanadi va musulmon uchun aniq maqsad va rejalardan iborat ustun holatlarni anglash paydo bo‘ladi. Ramazon oyi tog‘ cho‘qqisiga chiqishga o‘xshaydi, u ma’naviy yuksaklikni va kundalik tashvishlardan yiroq holda, atrof muhitga nisbatan nuqtayi nazarni kengaytiradi. Odatda, cho‘qqiga chiqqan kishi o‘zini yengil his qiladi va uni pastga tashlanadigan yengil qadamlar kutadi. Oldinga intilish yangi vazifalarni bajarishni va yangi maqsadlarga erishishni talab qiladi. Buning uchun musulmonlar ushbu muborak oyda tayyorgarlik ko‘rishlari, reja tuzishlari va o‘z oldiga maqsadlar qo‘yishlari lozim. Chunki maqsadsiz kemaga hech qanday shamol yordam bermaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalarining bu oydagi hayotlari Alloh Taoloning yo‘liga xizmat qilish va bu oydan unumli foydalanib qolishga harakat qilish bilan o‘tdi. Ular namunali hayot kechirishlariga qaramay, Ramazon oyida ham ibodat va ixlosda sobit turardilar.
Odam farzandining har bir amaliga beriladigan ajr o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib beriladi. Alloh Taolo aytganki: Ro‘za bundan mustasno. Bas, u mening uchundir. Uni o‘zim mukofotlayman. Ro‘zador shahvatini ham, taomini ham Meni deb tark qiladi”.
Yana shunday degan: “Ro‘zadorning ikki quvonchi bor. Bir quvonchi og‘iz ochgan paytida. Yana bir quvonchi esa Robbisiga yo‘liqqan paytdadir. Qasamki, ro‘zador og‘zining hidi Alloh nazdida mushkning hididan ko‘ra xushbo‘yroqdir!”
Bu oyda, ayniqsa oxirgi 10 kunida va kechalarida Parvardigorimizga yuzlanib, tavba qilishimiz, o‘zimiz va barcha musulmonlar uchun ko‘p-ko‘p duolar qilishimiz, Alloh Taoloning ismini zikr qilishimiz kerak. Qolgan 10 kunu va kechasida imkon qadar bizni Alloh Taologa yaqinlashtiruvchi amallarni ko‘paytirishimiz lozim.
Alloh Taolo dedi:
وَقَالَ رَبُّكُمْ ادْعُونِي أَسْتَجِبْ لَكُمْ إِنَّ الَّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِي سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ
“Parvardigorlaringiz: «Menga duo-iltijo qilinglar, Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman», dedi. Albatta Menga ibodat qilishdan kibr-havo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar”. (40:60).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
والله إني لأستغفر الله وأتوب إليه في اليوم أكثر من سبعين مرة
“Allohga qasamki, men har kuni yetmish martadan ortiq Allohdan mag‘firat so‘rab, U Zotga tavba qilaman”.
Nafsni tarbiyalab, shaxsni shakllantiradigan namoz Allohga yaqinlashish yo‘llaridan biridir. Bu oyda farz va nafl ibodatlar orqali nafsiyamizni mustahtahkamlashimiz kerak. Bu bizning darajamizni yuksaltiradi, ko‘zimizning nuri va hayotimizning manbai bo‘ladi. Namoz – bu hatto jang maydonida ham tark etish joiz bo‘lmagan mas’uliyatdir. Namozni ado qilish uchun hayotning barcha ishlarini to‘xtatamiz. U bizni har qanday yomonlik va fasoddan tiyib, Alloh bilan aloqamizni mustahkamlaydi. Namoz o‘qir ekanmiz, kunlik rasmiyatchilik yoki oddiy harakat sifatida emas, balki haqiqiy Allohga bog‘lanib, xushu’ va xuzu’ bilan o‘qishimiz kerak. Biz namozning mohiyati haqida ma’ruzalar tinglashimiz va shu mavzu bo‘yicha kitoblar o‘qishimiz kerak. Nafaqat farz namozlarni, balki nafl namozlarni ham imkoni boricha ko‘proq o‘qishimiz kerak. Ramazon oyida, ayniqsa oxirgi kechalarda saharlikka uyg‘onganimizda tahajjud namozlarini kanda qilmasligimiz kerak. Tarovih namozini masjidda yoki uyda o‘qib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobalari kabi kechalardan unumli foydalanishimiz kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Sizlarga kechalari turish (namoz o‘qish) buyurildi. “Albatta, bu sizlardan oldin o‘tgan taqvodorlarning urf-odati bo‘lib, sizlarni Allohga yaqinlashtiradi, gunohlardan saqlaydi, nuqsonlarni ketkazadi, tanani kasalliklardan aritadi”. (Imom Tirmiziy).
As-Soib ibn Yazid aytadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida odamlar Ramazon oyida tarovih namozini yigirma rakat o‘qir edilar”. Yana aytadi: “Ular yuzdan ortiq oyatdan iborat suralarni tilovat qilib namoz o‘qir edilar. Usmon roziyallohu anhu davrida namozning uzoqligi sababli tayoqqa suyanib turar edilar”. (Bayhaqiy).
Bu oyda, xususan, oxirgi kechalarda –musulmonlar orasida unutilgan sunnat – e’tikofga o‘tirishdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har yili Ramazon oyining oxirgi 10 kunida ayollaridan uzlat qilib, e’tikofga o‘tirardilar. Ibodatlarini kuchaytirib, muntazam ravishda Qur’on tilovat qilardilar. Jabroil (alayhissalom) kelar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga o‘sha paytda nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlar edilar. E’tikof Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muakkada sunnatlaridandir. Afsuski, Ramazon oyida e’tikofga o‘tirish ham unutilgan sunnatga aylandi. Biz har doim dunyo bilan band bo‘lganimiz uchun o‘z hayotimiz haqida teran fikr yuritish, tashqi omillardan uzilib, o‘zimizni muhosaba qilish, yangi qarorlar qabul qilish, rejalar tuzish, yangi maqsadlar bilan hayotni qayta boshlash borasida katta kamchilikka tushib qolganmiz. Shunday ekan, Ramazon oyida, ayniqsa, uning oxirgi kunlarida e’tiqof o‘tiriladigan katta masjidlarda e’tiqofga kirishga harakat qilishimiz va musulmonlar bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘lib, nafsiyamizni mustahkamlashimiz kerak. Biz taqvo va ixlos bilan xatoga yo‘l qo‘yishdan saqlanib, o‘zimizni muhosaba qilib turishga harakat qilishimiz kerak.
Tariximizdagi eng og‘ir davrlardan birini boshdan kechirar ekanmiz, Ramazon oyini fursat bilib, Ummatni birlashtiruvchi buyuk kuchga aylanish uchun jiddiy va aniq qadamlar tashlashimiz kerak. Biz o‘zimizda Islomiy nafsiyani shakllantirish, musulmonlarda esa Ummatni birlashtiruvchi ongni shakllantirish orqali da’vat ishida muvaffaqiyat cho‘qqilarini zabt eta olamiz.
Bunga faqat Ramazon oyining kun va tunlarini ixlos bilan o‘tkazish va Payg‘ambarlik minhoji asosidagi roshid Xalifalik davlatini barpo etish bilan Islomiy hayotni qayta boshlash yo‘lida astoydil harakat qilish orqali erishiladi.
Xulosa qilib aytganda, sinov davom etmoqda va Ramazon oyi insonlarni sobit qadam qilish va bu kurashni kuchaytirish uchun ajoyib fursatdir. Bu oyning qadriga yetmaganlar ulug‘ ne’matlardan mahrum bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Burni yerga ishqalsin (xor bo‘lsin)! burni yerga ishqalsin! burni yerga ishqalsin!” deb uch marta takrorladilar Bu qattiq ogohlantirishdan so‘ng atrofdagilar: “Kim haqida gapiryapsiz, yo Rasululloh?” deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Men zikr qilinganimda menga salavot aytmagan kimsaning burni yerga ishqalsin (xor bo‘lsin). Unga ramazon kelib ketsa-yu mag‘firat qilinmay qolgan kimsaning burni yerga ishqalsin. Keksa yoshdagi ota-onasi bo‘lsa-yu, ularni rozi qilolmay, jannatni qo‘ldan boy bergan kimsaning burni yerga ishqalsin”. (Termiziy rivoyati).
)Ka’b ibn Ujrat roziyallohu anhu aytadi: Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga “minbarga yaqinroq kelinglar!” – dedilar. Biz minbarga yaqinlashdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oyoqlarini minbarning birinchi pog‘onasiga qo‘yganlarida: “Omin”, dedilar. Ikkinchi pog‘onasiga qo‘yganlarida ham “Omin” dedilar. Uchinchi pog‘onasiga qo‘yganlarida yana “Omin”, dedilar. Xutba o‘qib, minbardan tushganlarida: “Yo Rasululloh, bugun sizdan ilgari eshitmagan gaplarni eshitdik”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Shu paytda (birinchi pog‘onaga ko‘tarilganimda) Jabroil alayhissalom kelib: “Ramazon oyiga yetib, gunohlari kechirilmagan kishi (Allohning rahmatidan) uzoq bo‘lsin!” dedi. Men “Omin”, dedim. Ikkinchi pog‘onaga ko‘tarilganimda: “Sening isming zikr qilinganda senga salovot aytmagan kishi (Allohning rahmatidan) uzoq bo‘lsin!” dedi. Men “Omin”, dedim. Uchinchi pog‘onaga ko‘tarilganimda: “Ota-onasining biri yoki ikkalasi keksalik yoshiga yetganida ularning xizmatini qilmay, jannatga kirmagan kishi (Allohning rahmatidan) uzoq bo‘lsin!” dedi. Men “Omin”, dedim. (Bayhaqiy)
Turkiston