O‘zbekistonda namoz o‘qish ta’qiqlanmoqda

25
0

O‘zbekistonda namoz o‘qish ta’qiqlanmoqda

Ramazon oyi boshlanishi bilan O‘zbekiston masjidlarida huquq-tartibot idoralarining reydlari ko‘paydi. Yosh avlodning masjidlarga kirishi ta’qiqlanmoqda. Reydlar O‘zbekiston muftiysi Nuriddin Xoliqnazarovning “muborak oyda bolalarni tarovih namoziga olib bormaslik”ka chaqirganidan so‘ng boshlangan. “Ozodlik” radiosining xabariga ko‘ra, ayrim hududlarda o‘qituvchilar ham ushbu reydlarga jalb qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda politsiya xodimlari kattalar bilan bir safda namoz o‘qiyotgan bolalarni qo‘llaridan ushlab, tashqariga olib chiqib ketayotganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda bolalarning masjidlardan haydalish holati birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Ammo Karimov davridan beri hokimiyat va musulmonlar o‘rtasida davom etayotgan kurashda muftiyning ochiqchasiga hokimiyat tomoniga o‘tishi birinchi marta kuzatilmoqda.

“Kichik bolalarni uyda qoldirishingiz mumkin, chunki masjidda ular yugurib, o‘ynab, masjidga kelganlarga xalaqit beradi. Hozir o‘qish vaqti, bolalar erta tongdan turib maktabga borishlari kerak. Shuning uchun ularni uyda qoldirib, namozlarini oila ichida o‘qishini ta’minlash maqsadga muvofiqdir”, — dedi O‘zbekiston muftiysi.

Muftiyning bu so‘zlari O‘zbekiston musulmonlarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Chunki bolalar yoshligidan iymon muhitiga kirib, namoz o‘qishni o‘rganishlari kerak. Qolaversa, namoz o‘qishni o‘rgatish, Islomiy jamiyatni mustahkamlash imom va muftiylarning burchidir. Muftiy va imomlar o‘z burchlarini bajarish o‘rniga hukumat ta’qiqlarini oqlash va amalga oshirish uchun yo‘q yerdan sabablar o‘ylab topib, ulardan rasmiy bahona sifatida foydalanmoqda.

 “Bugun men imom-xatiblarga ham aytdim, agar bola masjidga boraman deb turib olsa, otasi unga “O‘g‘lim, darsingni qil, uxla, men masjidga borib sen uchun ham namoz o‘qiyman”, deb aytishi kerak. Agar bu holat 2-3 marta takrorlanib, otalar farzandlarini kechki namozga olib kelishda davom etsa, namozdan keyin biz imomlar o‘sha otalar va farzandlari bilan alohida gaplashamiz”, — deydi O‘zbekiston masjidlarining imom-xatiblaridan biri.

O‘zbekiston muftiysining bolalarni tarovih namoziga olib bormaslik haqidagi chaqirig‘idan so‘ng respublikaning ayrim hududlarida masjidlarga kirish nazorati kuchaytirilib, bu tadbirlarga ichki ishlar xodimlari va maktab o‘qituvchilari jalb qilindi. Farg‘ona vodiysi va O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida huquq-tartibot idoralari muftiyning so‘zlariga tayanib, bolalarning masjidga kirishiga to‘sqinlik qilmoqda.

O‘zbekiston rasmiylarining bolalarni masjidlardan va diniy tadbirlardan to‘sishga urinishi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Mirziyoyev prezidentligining dastlabki yillarida Islomga qarshi kurash siyosati doirasida maktab o‘quvchilarining ta’til vaqtida masjidga borishi ta’qiqlangan edi. O‘sha paytda ham rasmiy hukumatning bu qarori diniy yetakchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi.

Islomga qarshi kurashning kuchayishi, xususan bu kurashda o‘zbek yoshlarini nishonga olinishi Islomning mamlakat aholisiga, ayniqsa, yoshlarga chuqur ta’siri bilan bog‘liqdir. Hukumat Islomga qarshi kurashning har turli usullarini sinab ko‘rdi. Endilikda yoshlar ongini Islom ta’siridan hatto kuch bilan qo‘rqitish orqali to‘sishga harakat qilmoqda. Chunki Islom dini insonni yoshligidan shaxsiya sifatida tarbiyalash qudratiga ega.

Mirziyoyev ustozi Karimov izidan borib, dinga qarshi kurashni davom ettirayotgani hammaga ma’lum. U o‘z hokimiyatini saqlab qolish uchun Rossiya va G‘arb siyosatini amalga oshirmoqda. Shuningdek, hukumat o‘zini va jinoyatlarini himoya qilayotgan huquq-tartibot idoralarini o‘z jinoyatlariga sherik qilishining ajabnalarli joyi yo‘q.

Aslini olganda, masjidlarda namoz o‘qish jinoyat hisoblanmaydi va o‘zbek xalqining urf-odatlariga ham zid emas. Politsiya va o‘qituvchilar o‘z ishlaridan ajrab qolishni ro‘kach qilib, hukumatning buyrug‘iga bo‘ysunishga majburligini bahona qilar balki, ammo din peshvolari nimani bahona qilar ekan?!

Alloh Taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

أَرَأَيْتَ الَّذِي يَنْهَى -9, عَبْدًا إِذَا صَلَّى -10, أَرَأَيْتَ إِنْ كَانَ عَلَى الْهُدَى -11, أَوْ أَمَرَ بِالتَّقْوَى -12, أَرَأَيْتَ إِنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى -13,  أَلَمْ يَعْلَمْ بِأَنَّ اللَّهَ يَرَى -14, كَلَّا لَئِنْ لَمْ يَنْتَهِ لَنَسْفَعَ بِالنَّاصِيَةِ -14, نَاصِيَةٍ كَاذِبَةٍ خَاطِئَةٍ -16,

“(Ey inson), bir bandani (ya’ni Muhammad alayhis-salomni) namoz o‘qigan vaqtida (namozidan) to‘sadigan kimsani ko‘rdingmi?! Xabar bergin-chi, agar u (namoz o‘qiguvchi) o‘zi To‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa, yoki (o‘zgalarni) taqvoga (Allohdan qo‘rqishga) buyursa (uni namozdan va taqvodan to‘sgan kimsa halok bo‘lmasmi) Xabar bergin-chi, agar u (namozdan to‘sguvchi kimsa Allohning kitobini) yolg‘on, desa va (u Kitobga iymon keltirishdan) yuz o‘girsa, albatta Alloh (uning barcha qilmishlarini) ko‘rib turishini bilmasmi?! Yo‘q! Qasamki, agar u (bunday gumrohlikdan) to‘xtamasa, albatta Biz uning peshona sochidan — o‘sha yolg‘onchi, adashgan peshona sochidan tutarmiz-da, (jahannamga oturmiz)! (Al-Alak: 9-16).

Alloh Taolo masjidlarda namoz o‘qishga to‘sqinlik qilishni ochiq gunohligini bayon qildi. Ushbu surada Alloh Taolo namoz o‘qiyotgan kishiga to‘sqinlik qiluvchilardan g‘azablanishini yashirmadi. Agar namoz o‘qiyotgan kishi to‘g‘ri yo‘lda bo‘lsa va unga qat’iy amal qilayotgan bo‘lsa, demak muftiy va imomlar namozga qarshi chiqib, Allohga dushmanlik qilmoqdami? To‘g‘ri yo‘ldan adashgan odamgina mo‘minlarga ochiqdan-ochiq to‘sqinlik qiladi va boshqalarni ham adashtiradi. Shuningdek, bu surada Alloh Taolo bandasining qanday haqiqatga qarshi chiqishi, Qur’onni tan olmay, Uning amrlaridan qanday yuz o‘girishidan ajablanmoqda. Yoki bandalar Alloh Taolo hamma narsani zohiriyu botinini ko‘rib turishini va har bir harakatdan boxabar ekanligini bilishmaydimi?

Latif Rasix.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.