O‘smirlar o‘rtasidagi zo‘ravonliklarni qanday to‘xtatish mumkin?

19
0

O‘smirlar o‘rtasidagi zo‘ravonliklarni qanday to‘xtatish mumkin?

So‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda maktab o‘quvchilari o‘rtasida sodir bo‘layotgan nizolar tufayli odamlarning hayotdan ko‘z yumish holatlari kuzatilmoqda. Ulardan biri Bishkek shahridagi 72-sonli o‘rta maktabda, ikkinchisi esa O‘sh viloyatining Qora-Suv tumanidagi maktabda sodir bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘smirlar o‘rtasidagi mojarolar Norinning Jumg‘ol tumanida, shuningdek, O‘zgan tumani va Botken shahrida ham sodir bo‘lgan.

Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan 1552 ta jinoyat sodir etilganligi qayd etilgan. O‘tgan yili o‘smirlar o‘rtasidagi mushtlashuv oqibatida ikki kishi, 2025 yilning boshidan buyon esa 3 kishi halok bo‘lgan. Qirg‘izistonda o‘tgan yili o‘n oyda 75 nafar bola o‘z joniga qasd qildi. Bolalarning yaqinlariga ko‘ra, ularning o‘z joniga qasd qilishlariga muhitdagi bezorilik va maktabdagi zo‘ravonlik xatti-harakatlar sabab bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston Ombudsman instituti 2023 yili mamlakat bo‘ylab maktablarda monitoring o‘tkazgan edi. Institutning joriy yil yanvar oyida bergan bayonotiga ko‘ra, so‘rovlarda ishtirok etgan o‘quvchilarning 50 foizi maktabda bezorilik va zo‘ravonlik borligini aytishgan.

Izoh:

Bugungi kunda Qirg‘iziston va boshqa barcha mamlakatlarda qo‘llanilayotgan ta’lim dasturlari yo to‘g‘ridan to‘g‘ri G‘arbdan olingan yoki G‘arb tamoyillariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturlardir. Shu bois mazkur dasturlarda yoshlarga “Islom aqidasi, Qur’oni Karim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, Islom tarixi, sahobalar hayoti” kabi Islom madaniyatini o‘rgatuvchi darsliklar mavjud emas. Bularning o‘rniga talabalar uchun asosiy qo‘llanma sifatida demokratik qadriyatlar ta’lim dasturlariga kiritilgan. Qolaversa, matbuot vositalari, kinofilmlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali janjallar va zo‘ravonliklar o‘rnak sifatida targ‘ib qilinib, o‘smirlarning turmush tarziga tiqishtirilmoqda. Natijada jamiyatdagi buzuq qonunlar va  buzuq muhit ta’sirida o‘smirlar o‘rtasida reketchilik, zo‘ravonlik holatlari ko‘payib boryapti.

Aslida, musulmon yoshlarga Qur’on va Sunnat asosida ishlab chiqilgan va Islom nuqtayi nazaridan kelib chiqqan bilimlar berilishi lozim. Zero, bunday dastur yoshlarni Islom madaniyati asosida tarbiyalash, o‘z dinini ongli ravishda anglash imkonini beradi. Shu asosda gumanitar fanlar, aniq fanlar, texnologik bilimlar o‘qitilsa, jamiyat taraqqiyotiga va insoniyatning yuksalishiga hissa qo‘shadigan yoshlar yetishib chiqadi. Bu yoshlar Islom ahkomlarini ta’lim olish orqali zo‘ravonlik shariatimizda qat’iyan man etilganligini o‘rganadi. Shuningdek, musulmonning joni, qoni va mol-mulki harom ekanini ham bilib oladi. Islom ta’lim berish bilan birga amal qilishni ham talab qiladi. Binobarin, o‘quvchilar maktab yoshidayoq aqliyasi va nafsiyasi Islomga asoslanib ulg‘ayadi. Shunday ekan, yoshlarning va butun jamiyatning farovonligi Islomni hayotga tatbiq etishga bog‘liqdir.

Nurdin Asanaliyev

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.