Qirg‘iziston siyosati Xitoyga tayanadimi?

6
0

Qirg‘iziston siyosati Xitoyga tayanadimi?

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 4 fevral kuni Xitoy rahbari Si Szinpin taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Xitoyga jo‘nab ketdi. Davlat tashrifi 7 fevralga qadar davom etadi, deb xabar qildi Prezident matbuot xizmati.

Japarov safar oldidan Xitoyning “Sinxua” axborot agentligiga intervyu berib, ikki davlat o‘rtasidagi rivojlanib borayotgan munosabatlar haqida so‘z yuritdi. Uning ta’kidlashicha, Xitoy bilan tovar ayirboshlash 2024 yilda 22 milliard dollardan oshgan. Bu avvalgi yilga nisbatan 15 foizga ko‘pdir. Shundan 91 foizi importdan, 9 foizi esa, eksportdan iboratdir. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishining boshlanishi davlatlar o‘rtasidagi siyosiy ishonchning yuksakligini tasdiqlaydi. Shuningdek, Qirg‘iziston-Xitoy chegarasida “Torugart” va “Erkechtom” nazorat-o‘tkazish punktlaridan tashqari “Bedel” nazorat-o‘tkazish punkti ham ishga tushirilib, savdo aloqalarining yanada rivojlanishiga zamin hozirlamoqda. Qirg‘iziston bojxonasi nazorat-o‘tkazish punktlarining ish rejimini 2024 yil martidan boshlab 24/7 rejimiga o‘tkazgan. Bundan tashqari, yaqin vaqt ichida “Barskoon-Uchturfon-Oqsu” avtomobil yo‘li quriladi. Qirg‘iziston esa, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Nizomi tamoyillari va qoidalariga qat’iy amal qiladi.

Izoh:

Ma’lumki, Qirg‘iziston hukumati 2023 yilda Xitoy bilan “Barchasini o‘z ichiga olgan keng qamrovli strategik hamkorlik” to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.

Siyosiy jihatdan:

O‘shandan buyon ikki davlat prezidentlari turli formatda uch marta uchrashdi. Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosari, Parlament Spikeri darajasida qator rasmiy tashriflar tashkil etildi. Xitoy fuqarolarining Qirg‘izistonga kirishi uchun 21 kunlik vizasiz rejim joriy etildi. Tinimsiz davom etayotgan bu uchrashuvlar Xitoyning Qirg‘izisdagi siyosiy ta’siri ortib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa Rossiya Ukraina va uning ichki siyosiy inqirozlari bilan ovora ekan, mamlakat rasmiylari uchun bu qulay fursat hisoblanadi.

Iqtisodiy jihatdan:

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari ortib, bir qator investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Masalan, davlat ichida Qirg‘iziston-Xitoy avtomobil yig‘ish zavodi va chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi zavod qurishga hamda Issiqko‘lda 400 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi qurilishining birinchi bosqichini va Issiqko‘l aylanma yo‘lini rekonstruksiya qilishga, shuningdek Orto-Tokoy kichik GES qurilishiga start berildi. 30 avgust kuni “Junda” zavodining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Norin, Jalolobod, O‘sh va Botken viloyatlaridagi oltita yirik ko‘mir konlari ishlatish uchun Xitoy kompaniyalariga topshirildi. “Irkeshtam” chegara posti yaqinida ko‘mir yig‘ish va Xitoyga jo‘natish uchun savdo-logistika maydonchasi, ko‘mir lentali konveyer va ko‘mir omborlari qurilmoqda.

Bundan tashqari, o‘nlab yillardan buyon aytib kelinayotgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga 2024 yil 27 dekabrda start berildi. Agar temir yo‘l qurilib, foydalanishga topshirilsa, bu Xitoy ta’sirini kuchaytiruvchi yana bir omil bo‘ladi. Chunki temir yo‘lni quradigan kompaniyaning 51 foizi Xitoyga tegishli bo‘lsa, qolgan 49 foizi 24,5 foizdan Qirg‘iziston va O‘zbekistonga tegishlidir. Loyiha qiymati 4,7 milliard dollarga baholangan. Bundan tashqari, Xitoy kompaniyalariga tegishli qator loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Masalan, Xitoy kompaniyalari ishtirokida va nazorati ostida qo‘shma korxonalar tashkil etildi. Bu korxonalar Manas shahri, “Atboshi” xalqaro savdo-logistika markazi kabi yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Hozirda Qirg‘izistonda Xitoyning jami 300dan ortiq korxonasi, shuningdek, 200ga yaqin Qirg‘iziston-Xitoy qo‘shma korxonalari faoliyat yuritmoqda. Tog‘-kon sanoati korxonalarining 80 foizi Xitoy kompaniyalariga tegishli. Bundan tashqari, temir yo‘l loyihasi doirasida Jetim-Too temir koni va Qizil-Ompol titan koni kabi bir qator strategik foydali qazilmalar qazib olinadi. Mazkur tabiiy resurslar xomashyo sifatida va qayta ishlangan holda Xitoyga eksport qilinadi. Barskoondan Uch-Turpon va Oq-suvga o‘tish imkonini beradigan Bedel dovoni ham aynan shu maqsadga xizmat qiladi. Buni iste’fodagi Bosh vazir Oqilbek Japarovning Xitoydagi yirik titan qazib oluvchi kompaniya bilan “Qizil-Ompol”ning titanini qayta ishlash bo‘yicha olib borilgan muzokaralari ham tasdiqlaydi. Qirg‘izistonning Xitoydan olgan qarzi esa, 4,5 milliard dollarlik umumiy tashqi qarzining uchdan bir qismini (36%) tashkil qiladi. Shunday ekan, prezident o‘z lavozimiga kirishganida aytganidek, tabiiy resurslar tashqi qarzni to‘lash uchun ishlatilishi ham mumkin.

Saqofiy jihatdan:

So‘nggi yillarda Pekin Qirg‘izistonning ta’lim-tarbiya sohasiga ham e’tiborni kuchaytira boshladi. Xitoy tili va madaniyatini targ‘ib qilish ishlari jadal suratda olib borilmoqda. To‘rtta Konfutsiy instituti bor, Bishkek, O‘sh va Jalolobodda 20dan ortiq Konfutsiy sinflari mavjud. Ularda 10 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Xitoydagi universitetlarda tahsil olayotgan Qirg‘iziston fuqarolari soni sezilarli darajada ko‘paygan. Ayni paytda Xitoyning turli viloyatlaridagi oliygohlarga bepul ta’lim olish uchun boradigan qirg‘izistonlik talabalar oqimi ham ko‘paymoqda.

Xulosa qilib aytganda, mintaqada Xitoy ta’sirining kuchayishi musulmonlar uchun xavfli ekanligini unutmasligimiz kerak. Ayrim infratuzilmaning yaxshilanishi va strategik loyihalarning amalga osha boshlashi bizni aldab qo‘ymasligi lozim. Chunki bu loyihalar Xitoyga qaramligimizni yana-da kuchaytiradi. Qirg‘iziston hukumatining Rossiya changalidan qutulish maqsadida Xitoyga yon bosishi “yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilish” kabi harakatdan boshqa narsa emas. Bu esa, davlat kelajagi va musulmon xalqning e’tiqodiga jiddiy tahdiddir. Biroq rasmiy hukumat Xitoydan olayotgan grant va kreditlar evaziga davlat eshiklarini xitoyliklarga lang ochib qo‘ymoqda. Hozirgi kunda Sharqiy Turkistondagi musulmon birodarlarimizning boshiga tushgan zulmlar ko‘pchilik uchun ertakdek tuyuladi. Xitoy Sharqiy Turkistonda repressiya boshlashdan avval o‘nlab yillar davomida fuqarolarni saqofiy mustamlaka qilish bilan shug‘ullandi. Shunday ekan, biz musulmonlar Ummat manfaatlariga zid bo‘lgan bunday kelishuvlarga va dinsiz Xitoyning mintaqadagi bosqinchilik siyosatiga qarshi turishimiz zarurdir! Albatta, bu qarshilik islomiy tamoyillarga asoslansagina samarali bo‘ladi. Chunki millatchilik va vatanparvarlik tuyg‘ulariga asoslangan qarshilik vaqtinchalik bo‘lib, hozirgi tuzumga qarshi tura olmaydi. Shuningdek, biz musulmonlar Xitoyning bosqinchi siyosatiga qarshi turishda G‘arbning hiyla-nayranglariga aldanib, uning siyosatiga xizmat qilishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Binobarin, biz musulmonlar faqat Islomni oliy qilishga intilayotganlar saflarida harakat qilish bilangina ikki dunyo baxtiga erishamiz, inshaalloh!

Mumtoz Maveranahri

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.