Kishi suygani bilan birgadir

0
19

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Hadisi Sharif bilan

Kishi suygani bilan birgadir

Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

عن أنس رضي الله عنه أن رجلا سأل النبي ” صلى الله عليه وسلم عن الساعة فقال: متى الساعة؟ قال: وماذا أعددت لها؟ قال: لا شيء إلا أني أحب الله ورسوله صلى الله عليه وسلم فقال: “أنت مع من أحببت”. قال أنس: فما فَرِحْنا بشيءٍ فَرَحَنا بقولِ النبي صلى الله عليه وسلم:”أنت مع من أحببت“، قال أنس: فأنا أحب النبي صلى الله عليه وسلم وأبا بكر وعمر، وأرجو أن أكون معهم بحبي إياهم وإن أعمل بمثل أعمالهم.

Anas roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda bir kishi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Qiyomat qachon bo‘ladi?”, deb so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “U uchun nima tayyorlab qo‘ygansan? dedilar. U “Hech narsa. Lekin men Alloh va Rosuli sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘raman”, dedi. Shunda U zot: “Yaxshi ko‘rgan kishing bilan birga bo‘lasan”, dedilar. Anas roziyallohu anhu aytadi: “Biz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning “Yaxshi ko‘rgan kishing bilan birga bo‘lasan” degan so‘zlaridan quvonganchalik biror narsadan quvonmagan edik. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umarni yaxshi ko‘raman. Men garchi ulardek amal qilmagan bo‘lsam ham, ularni yaxshi ko‘rganim uchun ular bilan birga bo‘lishni umid qilaman”.

“U uchun nima tayyorlab qo‘ygansan?” Ya’ni, “qiyomat kuni mukofot olish uchun qanday xayrli ishlarni tayyorlab qo‘ygansan?” degan ma’noda.

Karmoniy rahimahulloh aytadi: “Rosululloh sallallohu alayhi va sallam bu yerda savol bergan kishi bilan hikmatli tarzda gaplashdilar. Savol beruvchidan o‘zini qiziqtirgan yoki muhimroq narsani so‘ramasdan qabul qildilar. Ya’ni, Alloh va Rasulini sevishini qabul qildi, bundan boshqa amallarni talab qilmadilar.

“Yaxshi ko‘rgan kishing bilan birga bo‘lasan” deganda ulardan (ya’ni jannatga kiruvchi kishilardan) biri bo‘lish nazarda tutilmoqda. Bundan “Jannatdagi darajalar har xil bo‘lsa, ular qanday qilib birga bo‘lishi mumkin?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Birga bo‘lish hamma narsada birga bo‘lishni anglatmaydi. Balki, bir narsada birga bo‘lishni anglatadi. Boshqacha aytganda, jannatdagi martabani emas, jannatga birga kirish ma’nosini anglatadi. Ya’ni, darajalar har xil bo‘lsa-da, jannatga birga kirish va birga bo‘lishni anglatadi.

Anas roziyallohu anhu: “Biz Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning “Yaxshi ko‘rgan kishing bilan birga bo‘lasan” degan so‘zlaridan quvonganchalik biror narsadan quvonmagan edik”, deydi. “Sahihi Muslim”da Anas roziyallohu anhu aytadi: “Biz iymon ne’mati bilan quvonganimizdan keyin Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning “Yaxshi ko‘rgan kishing bilan birga bo‘lasan” degan so‘zlaridan quvonganchalik biror narsadan quvonmagan edik”. U yana: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umarni yaxshi ko‘raman”, dedi. Ya’ni, Anas roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni va u zotning ikki sevikli sahobasini yaxshi ko‘rishini aytdi. Ularni (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) yaxshi ko‘rish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rishning bir qismidir. Chunki haqiqiy yaxshi ko‘rish, yaxshi ko‘rgan narsasini sevishda va yomon ko‘rgan narsasidan nafratlanishda uning yonida bo‘lishni talab qiladi. Abu Bakr va Umar roziyallohu anhu U zotning sevimli sahobalari edi.

Alloh Taolo aytadi:

قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ

“Ayting (ey Muhammad) Agar Allohni sevsangiz, menga ergashinglar. Shunda Alloh sizlarni sevadi”.

Alloh Taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning ikki sahobasini (Alloh ulardan rozi bolsin), dunyoda ham, qabrda ham birga qildi va ular jannatda birga bo‘lurlar. Sahobalar payg‘ambarlardan keyin kelganlarning eng yaxshilaridir. Ularning eng yaxshisi Abu Bakr roziyallohu anhudir. Savob borasida Umardan keyin Usmon, keyin Ali va hokazo davom etaveradi (roziyallohu anhum).

Biz esa, aziz birodarlar! Oxirat hayoti uchun nima tayyorladik?

Rasulullohga badaviylardek javob qaytarsak, Allohni va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallamni qanchalik sevgan bo‘lamiz? Haqiqiy sevgi sevgilisi sevgan narsani sevishni, yomon ko‘rgan narsadan nafratlanishni talab qiladi, dedik. Xo‘sh, Alloh va Rasuli yaxshi ko‘rgan narsani biz ham sevamizmi? Alloh Taoloning muhabbatiga loyiq bo‘lish uchun Rasulullohga ergashayapmizmi? Agar biz mana shu martabaga va shu muhabbatga sazovor bo‘lishni istasak, kechayu kunduzimizni Alloh va Rasuli sollallohu alayhi vasallamga taslim bo‘lish bilan o‘tkazishimiz kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islom davlatini qurdilar, Islomni hayotga tatbiq qildilar va uni insonlarga yetkazdilar. Shuning uchun biz ham Islomni qayta tiklashga harakat qilishimiz kerak. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning merosi bo‘lmish payg‘ambarlik minhoji asosidagi xalifalik davlatini qayta tiklash uchun harakat qilib, suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qurbon qilgan narsalarni biz ham qurbon qilishimiz lozim. Shundagina Alloh Taoloning va Rasuli sollallohu alayhi vasallamning muhabbatiga munosib bo‘lamiz.

Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

30 Jummadus Saani, 1446h yil.

01 yanvar,                 2024m yil.

Izohlar yo'q