Yalpi ichki mahsulot 1,5 trillion somga yetdi, xalqning hayoti yengillashdimi?
2024 yilda Qirg‘iziston yalpi ichki mahsuloti (YAIM) 9 foizga yuksalib, 1,5 trillion somdan oshdi. Bu haqda milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Ayni paytda Respublika budjetining daromadi 430 milliard 244 million somni, xarajatlari esa 405 milliard 946 million somni tashkil etishi ham ma’lum qilindi.
YAIM – bu mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar ko‘lamidir. Bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich iqtisodiy rivojlanish o‘lchovining asosiy vositasi hisoblanadi.
Mamlakatda YAIMning o‘sishi, aslida Japarov hukumatining ijtimoiy jamg‘armani budjetning daromad qismiga qo‘shib hisoblagani natijasida kelib chiqmoqda. Avvalgi hukumatlar ijtimoiy jamg‘armani, to‘g‘rirog‘i, fuqarolarning nafaqa (pensiya) to‘lovlarini alohida hisoblab kelgan. Bundan tashqari, YAIMning o‘sishi xalqning qashshoqlikdan qutulganini yoki turmush darajasi yaxshilanganini bildirmaydi. Zero, sarmoyador niqobi ostida mamlakatga kelib, tog‘-kon va boshqa korxonalarni ishlatib, foydasini xorijga olib chiqib ketayotgan kapitalistlarning daromadlari ham hisobda yalpi ichki mahsulot tarkibiga kiritiladi. Aslida esa, kapitalistlarning daromadlari xalqning turmush tarzini yaxshilanishiga hech qanday hissa qo‘shmaydi. Xalqning 33,2 foizi yoki 2 million 333 ming nafari qashshoqlikda yashayotganini haqidagi Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumoti ham buni tasdiqlaydi. Hatto ulardan 420 ming nafari (6%) juda kambag‘al holatda kun kechiradi.
Demak, YAIMning ortishi, bu har bir shaxsning emas, balki yirik kompaniyalar va kapitalistlarning daromadi ortganligini bildiradi. Chunki kapitalizmning tabiati shunday, unda sanoqli kishilar boylikning 90 foiziga egalik qiladi. Kapitalistik tuzumda boylik va daromad tengsizligini o‘zgartirish mutlaqo mumkin emas. Masalan, Milliy statistika qo‘mitasi o‘tgan yili mamlakatdagi eng boy tabaqa kambag‘allarga qaraganda 10 barobar ko‘p daromad olganini ma’lum qildi. Uch yil oldin, bu farq besh barobarni tashkil etgan. Ayni paytda, 2024 yilning to‘qqiz oyida (yanvar-sentyabr oylarida) Qirg‘izistondagi moliya tashkilotlari 115 milliard somdan ortiq daromad olgan. Bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 26 foizga yoki deyarli 24 milliard somga ko‘pdir.
Bu hodisa nafaqat Qirg‘izistonda, balki kapitalistik tuzum hukmronlik qilayotgan dunyoning barcha mamlakatlarida mavjuddir. Xalqaro “Oksfam” tashkiloti boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut kuchayib borayotganidan ogohlantirib keladi. Tashkilotning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo xalqining 1 foizi dunyo boyligining 89 foiziga egalik qiladi. Dunyodagi 2153 milliarderning mol-mulki dunyo xalqining 60 foizini tashkil etuvchi 4,6 milliard kishining mol-mulkidan ko‘pdir. BMT hisobotiga ko‘ra, rivojlanib kelayotgan mamlakatlardagi xorijiy investitsiyalar foydasining 80 foizdan ortig‘i 20ta boy davlatga oqib boradi. Dunyodagi eng boy uchta odamning boyligi eng qashshoq 48 davlatning yalpi ichki mahsulotiga teng. Dunyoning 200ta eng boy odamining boyligi dunyo aholisining 42 foizining daromadidan ko‘pdir. Bularning barchasi mustamlakachi kapitalistik tuzumning naqadar adolatsiz hukmronlik qilayotganini ko‘rsatadi.
Shunga qaramay, kapitalistik tuzum iqtisodchilari bunday tengsizlikni bartaraf etish uchun yalpi ichki mahsulot miqdorini oshirish zarurligini ta’kidlab kelishadi. Ya’ni ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni ko‘paytirish kerak, deyishadi. Haqiqatda esa, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘payishi bilan qashshoqlik muammosi hal bo‘lib qolmaydi. Masalan, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 1,3 milliard tonna oziq-ovqat chiqindilarga tashlanadi. Bu 750 milliard dollarga tengdir. Shuning uchun aytish mumkinki, ishlab chiqarish va xizmatlar yetarli darajada hatto ortiqchasi bilan mavjuddir.
Demak, muammoning yechimi YAIMni oshirishda emas, balki boylikni to‘g‘ri taqsimlashdadir. Kapitalizm mulkka egalik qilishda to‘liq erkinlik beradi. Shu sababli, boylar bozorlarni, konlarni va jamiyat uchun juda muhim bo‘lgan resurslarni egallab olishgan. Xalqning katta qismi ulardan mahrumdir. Kapitalizmning chigal iqtisod nizomi xalqlarni qashshoqlashtirish va boylarning boyligini yana-da orttirish asosida qurilgan.
Buning muqobilida, Islomiy iqtisod nizomi esa oltin va kumush pullarga asoslanadi. Unda boylik bir hovuch odamlarning qo‘lida to‘planib qolishiga va ular boyliklarni xazina qilib to‘plashiga hamda sudxo‘rlik va evazsiz qog‘oz pullar bosilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, mustamlakachi davlatlar zaif mamlakatlarni qarz zanjiri bilan bog‘lab, ekspluatatsiya qilishisha yo‘l qo‘ymaydi. Islomiy tuzumda inflyatsiya muammosi bo‘lmaydi hamda odamlarning narxlar oshishidan vahimaga tushib, ortiqcha tovar sotib olishiga hojat qolmaydi. Monopoliya, mol-mulklarni noqonuniy o‘zlashtirib olish va yerni uch yildan ortiq ishlatilmay tashlab qo‘yishni taqiqlaydi. Qarovsiz qoldirilgan yerni olib, ekin ekadigan kishiga beradi va dehqonlarga yordam ko‘rsatadi. Boshqa davlatlar Islomni qabul qilishi, Islomga amal qilishi va adolatsiz kapitalizmdan voz kechishi uchun Islom davlati ularga Islomning iqtisodiy nizomini muvaffaqiyatli va adolatli namuna sifatida taqdim etadi.
Mumtoz Maveranahriy