Mo‘min qo‘rquv va umid o‘rtasida bo‘ladi

16
0

بِسْمِ اللهِ الرَّحْمٰنِ الرَّحِيمِ

Hadisi Sharif bilan

Mo‘min qo‘rquv va umid o‘rtasida bo‘ladi

Aziz muxlislar, “Hadisi Sharif bilan” nomli ruknimizning yangi sonini samimiy salomlar bilan boshlaymiz. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

رَوَى التِّرمِذِيُّ فِي سُنَنِهِ عَنْ أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنهُ، أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ دَخَلَ عَلَى شَابٍّ وَهُوَ فِي المَوْتِ، فَقَالَ: «كَيْفَ تَجِدُكَ؟»، قَالَ: وَاللَّهِ يَا رَسُولَ اللَّهِ، إِنِّي أَرْجُو اللَّهَ، وَإِنِّي أَخَافُ ذُنُوبِي، فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «لَا يَجْتَمِعَانِ فِي قَلْبِ عَبْدٍ فِي مِثْلِ هَذَا المَوْطِنِ إِلَّا أَعْطَاهُ اللَّهُ مَا يَرْجُو وَآمَنَهُ مِمَّا يَخَافُ

Imom Termiziy “Sunan”ida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘lim to‘shagida yotgan bir yigitning oldiga kirib: “O‘zingni qanday his qilyapsan?” deb so‘radilar. U: “Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli! Allohdan umid qilyapman va gunohlarimdan qo‘rqayapman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson qalbida shunday holat (umid va qo‘rquv) mujassam bo‘lsa, Alloh Taolo unga umid qilgan narsasini beradi va uni qo‘rqqan narsasidan saqlaydi”, dedilar.

وَرَوَى التِّرمِذِيُّ فِي سُنَنِهِ عَنْ أنَسٍ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنهُ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «قَالَ اللَّهُ: يَا ابْنَ آدَمَ, إِنَّكَ مَا دَعَوْتَنِى وَرَجَوْتَنِى غَفَرْتُ لَكَ عَلَى مَا كَانَ فِيكَ وَلاَ أُبَالِى, يَا ابْنَ آدَمَ لَوْ بَلَغَتْ ذُنُوبُكَ عَنَانَ السَّمَاءِ ثُمَّ اسْتَغْفَرْتَنِي غَفَرْتُ لَكَ وَلاَ أُبَالِى, يَا ابْنَ آدَمَ إِنَّكَ لَوْ أَتَيْتَنِى بِقُرَابِ الأَرْضِ خَطَايَا ثُمَّ لَقِيتَنِى لاَ تُشْرِكُ بِي شَيْئًا لأَتَيْتُكَ بِقُرَابِهَا مَغْفِرَةً

Imom Termiziy “Sunan”ida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Alloh Taolo aytdi: Ey inson farzandi, sen modomiki Menga duo qilib, Mendan umidvor bo‘lar ekansan, nima qilgan bo‘lsang ham, Men seni mag‘firat qilaman. Ey Inson farzandi, agar gunohing hatto bulutlarga yetgan bo‘lsa ham, Mendan mag‘firat so‘rasang, men seni hech narsaga parvo qilmay kechiraman. Ey Inson farzandi, agar sen Mening oldimga yer miqdoricha gunohlar bilan kelsang va Menga biror narsani shirk keltirmagan bo‘lsang, men senga yer miqdoricha mag‘firat bilan yo‘liqaman”.

Bu borada Tabaroniy Qunut duosi haqidagi bobida shunday deydi:

اللَّهُمَّ إِيَّاكَ نَعْبُدُ، وَلَكَ نُصَلِّي وَنَسْجُدُ، وَإِلَيْكَ نَسْعَى وَنَحْفِدُ، نَرْجُو رَحْمَتَكَ، وَنَخْشِي عَذَابَكَ الْجِدَّ، إِنَّ عَذَابَكَ بِالْكُفَّارِ مُلْحقٌ

“Faqat Sengagina ibodat qilamiz, faqat Sen uchungina namoz o‘qib, sajda qilamiz, Sengagina talpinamiz va Sengagina shoshilamiz. Sening Rahmatingni umid qilib, qattiq azobingdan qo‘rqamiz, muhaqqaq Sening azobing kofirlar uchundir”.

Alloh Taolo aytadi:

إِنَّ الَّذِينَ يَتْلُونَ كِتابَ اللَّه وَأَقامُوا الصَّلاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْناهُمْ سِرًّا وَعَلانِيَةً يَرْجُونَ تِجارَةً لَنْ تَبُورَ؛ لِيُوَفِّيَهُمْ أُجُورَهُمْ وَيَزِيدَهُمْ مِنْ فَضْلِهِ إِنَّهُ غَفُورٌ شَكُورٌ

“Albatta Allohning Kitobini tilovat qiladigan, namozni to‘kis ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qiladigan zotlar hargiz kasod bo‘lmaydigan oldi-sotdidan (ya’ni ulardan yaxshi amal va infoq-ehson Allohdan ajru-mukofot bo‘lishidan) umidvordirlar, zero (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlu-karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham berur. Albatta U mag‘firatli va o‘ta shukr qilguvchidir (ya’ni ozgina yaxshi amal uchun ko‘p mukofot ato qilguvchidir)”. (Fotir: 29-30).

Yana aytadi:

أَمَّنْ هُوَ قانِتٌ آناءَ اللَّيْلِ ساجِداً وَقائِماً يَحْذَرُ الْآخِرَةَ وَيَرْجُو رَحْمَةَ رَبِّهِ قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لا يَعْلَمُونَ إِنَّما يَتَذَكَّرُ أُولُوا الْأَلْبابِ

“Yoki kechalari sajda qilgan va qiyom-tik turgan xolda toat-ibodat qilguvchi, oxiratdan qo‘rqadigan va Parvardigorining rahmat-marhamatidan umid qiladigan kishi (bilan kufru isyonga g‘arq bo‘lgan kimsa barobar bo‘lurmi)?!» Ayting: «Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo‘lurmi?!» Darhaqiqat faqat aql egalarigina pand-nasihat olurlar”. (Zumar: 9).

Yana aytadi:

إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَالَّذِينَ هاجَرُوا وَجاهَدُوا فِي سَبِيلِ اللَّه أُولئِكَ يَرْجُونَ رَحْمَتَ اللَّه وَاللَّه غَفُورٌ رَحِيمٌ

“Iymon keltirgan, (vatanlaridan) hijrat qilgan, Alloh yo‘lida kurashgan zotlar — ana o‘shalar Allohning rahmatidan umidvordirlar. Alloh mag‘firat va rahm-shafqat qilguvchidir”. (Baqara: 218).

Mo‘min uchun qo‘rquv va umid bir qushning ikki qanotiga o‘xshaydi! Qush bir qanot bilan ucha olmaydi. U faqat ikki qanoti bo‘lsagiga ucha oladi. Qo‘rquv nimaligini hamma biladi. Demak biz Umidning ma’nosini bilishimiz kerak. Umidning lug‘aviy ma’nosi: Umid so‘zi umidsizlikka zid bo‘lgan “رَجَا” so‘zidan olingan. O‘tgan zamon fe’li “رَجَا” cho‘ziq alif bilan tugaydi. “Falonchidan umid qildi”, “Yaxshilik umidida keldi”, “Umid bilan so‘radi”, degan ma’nolarda keladi.

Umid atamasi ikkita ma’noga ega:

Birinchisi: Inson farzandining Allohning mag‘firatiga bo‘lgan umidi. Bunday umid doimo Alloh Taolodan umid qilish bilan U Zotdan qo‘rqish o‘rtasidagi holatda bo‘lishi kerak. Banda qilgan xatolari va gunohlari kechirilishidan umidvor bo‘ladi va ular uchun qattiq jazolanishidan qo‘rqadi. Qo‘rquv va umid o‘rtasidagi bunday muvozanat Allohga itoat qilish va amal qilish uchun insonga kuch beradi. Agar xatoga yo‘l qo‘ysa yoki gunoh qilsa, umidsizlikka tushib qolishdan saqlaydi. Chunki u agar Alloh Taologa tavba qilib, odamlarning haqlarini bersa, Alloh unga rahm qilib, kechirishini biladi.

Ikkinchisi, musibat tugab, yengillik kelishini, inson boshiga tushgan musibat va mashaqqatlarning tugashini va ortidan yaxshilik kelishini kutishdir. Ammo umid bilan orzu o‘rtasida farq bor. Umid – bu ehtiyotkorlik va yaxshilikni o‘zida mujassam etgan muvozanatli tuyg‘u. U istak va harakatni birlashtirish orqali amalga oshadi. Orzu esa yaxshi kayfiyat ustunlik qiladigan hissiyotdir. Umid bilan istak o‘rtasida ham farq bor. Istak dangasalikka yaqin bo‘lsa, umid esa harakat va amalga yaqin bo‘ladi.

Ibn al-Qayyum rahimahulloh aytadilar: “Umid – bu Allohning rahmatining kengligiga qarashdir”. Alloh Tabaraka va Taoloning yaxshiligi va rahm-shafqatidan shodlanishdir. Umid – bu Allohga bandalikdir. Bu Allohning “yaxshilik qiluvchi” degan ismiga bog‘liqdir. U aytadi: “Umid ruhi bo‘lmaganda, tana a’zolari itoat bilan harakatlanmas edi. Yoqimli shamol bo‘lmaganda, kemalar dengizda suzmas edi”.

Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh aytadilar: “Umidning ma’nosi shuki, kim bir ayb ish qilsa, Alloh Taolo haqida yaxshi fikrda bo‘lib, undan gunohini o‘chirishini umid qiladi. Agar kimdir biror ish qilsa, uning qabul qilinishidan umid qilsin. Kim tavba qilmayman va azoblanmayman deb gunoh qilgan bo‘lsa, u zalolatdadir”.

Abu Usmon al-Jizziy aytadilar: “Baxtning alomati toat ibodat qilib, lekin qabul bo‘lmasligidan qo‘rqishdir”. Ammo Alloh Taologa itoatsizlik qilib, lekin najotga umid qilish baxtsizlikning belgisidir”.

Kushayriya aytadi: “Umid qalbni yaqin kelajakka bog‘lashdir”.

Rog‘ib aytdi: “Umid – bu zavq keltiradigan narsaga erishishni talab qiladigan ishonchdir”.

Al-Manaviy aytadi: “Umid – bu unga sabab bo‘lgan narsadan foyda olishni kutishdir”.

Imom Shofe’iy rahimahulloh o‘lim to‘shagida yotganda shunday dedilar: “Yuragim qattiqlashib, yo‘llarim torayganda, Robbimning mag‘firatiga umidimni narvon qildim. Gunohlarim ko‘zimga katta bo‘lib ko‘ringanda, Robbimning mag‘firati bundan ham buyukroq ekanini esladim”.

Sufyon rahimahulloh aytdilar: “Kimki gunoh qilsa va uni Alloh Taolo unga taqdir qilib qo‘yganini bilsa hamda uning kechirilishidan umid qilsa, Alloh uning gunohini mag‘firat qiladi”.

Abu Imron As-Sulamiy she’r aytayotib, shunday dedi:

Men uning (gunohning) kattaligini bila turib, gunoh qildim.

Bilamanki, Alloh kechiradi, U mag‘firatli Zotdir.

Agar odamlar gunohlarni ko‘paytirsa ham,

Allohning marhamati bilan ular qichrayadi.

Aziz birodarlar, navbatdagi «Hadisi Sharif bilan» nomli ruknimizgacha Alloh Taoloning panohida bo‘ling. Sizlarga Alloh Taoloning salomi, rahmati va barakoti bo‘lsin.

19 Jummadus Saani, 1446h yil.

21 Dekabr,                 2024m yil.

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.