Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi 27 dekabr kuni boshlanadi

18
0

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi 27 dekabr kuni boshlanadi

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi 27 dekabr kuni boshlanadi. Bu haqda prezident Sadir Japarov 20 dekabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Xalq qurultoyida ma’lum qildi.

Japarov bayonot berishi bilanoq, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi 20 dekabr kuni investitsiya shartnomasini imzoladi. Bitimga Qirg‘iziston tomonidan transport va kommunikatsiyalar vaziri Absattar Sirg‘abayev va “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining direktorlar kengashi raisi Chjun Shenguy imzo chekdi.

Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Baxit Turobayevning ta’kidlashicha, kelishuv temir yo‘lni loyihalash, qurish, moliyalashtirish, foydalanish va ta’mirlash masalalarini o‘z ichiga oladi. Mazkur hujjat qabul qilinishi bilan uni amalga oshirish jarayoni boshlanadi.

Ma’lumki, bundan avval Bishkekda “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li” korxonasi tashkil etilgan edi. Uning ta’sischilari sifatida Xitoyning China Railway International shirkati, Qirg‘izistonning “Qirg‘iz temir yo‘li” davlat korxonasi va O‘zbekistonning “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ro‘yxatga olingan. Qo‘shilgan mablag‘larga qarab, Xitoyning kompaniyadagi ulushi 51 foizni tashkil etadi. Qolgan 49 foizi Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida 24,5 foizdan taqsimlanadi. Loyiha qiymati 4 milliard 665 million dollarni tashkil etadi. Xarajatlar qoplangandan keyin Temir yo‘l Qirg‘izistonga o‘tadi. Uning dastlabki muddati 31 yil qilib belgilangan. Temir yo‘lning umumiy uzunligi 480 kilometrni tashkil etadi.

Izoh:

Temir yo‘l yuk tashishda narxi arzonligi bo‘yicha dunyodagi eng muhim strategik yo‘nalish hisoblanib, suv transportidan keyingi o‘rinda turadi. Yuqoridan ma’lum bo‘lishicha, temir yo‘l qurilishi bilan Xitoyning mintaqadagi ta’siri, shubhasiz, ortadi. Shu paytgacha temir yo‘l loyihasi Rossiyaning mintaqadagi manfaatlariga zid bo‘lgani uchun amalga oshmay turgan edi. Hozirda Ukraina botqog‘iga botib qolgan Rossiya Markaziy Osiyodagi ta’sirini Xitoy bilan bo‘lishishga majbur. Xitoy ushbu loyiha bilan cheklanib qolmay, mintaqadagi boshqa davlatlar bilan savdo markazlarini qurish orqali iqtisodiy ekspansiyani oshirishga harakat qilmoqda.

So‘nggi o‘n yil ichida Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik o‘ta faol rivojlanib bormoqda. Mamlakatda Xitoyning 300dan ortiq korxonasi, shuningdek, 200ga yaqin Qirg‘iziston-Xitoy qo‘shma korxonalari faoliyat yuritmoqda. Tog‘-kon sanoati korxonalarining 80 foizi esa Xitoy kompaniyalariga tegishli. Xitoy kompaniyalari o‘z faoliyati to‘g‘risida hech qanday hisobot taqdim etmaydi, shuning uchun ular qancha miqdorda kon qazib olayotgani yoki mamlakatdan qancha boylik olib chiqib ketayotgani ma’lum emas. Prezidentning mamlakatdan oltin va boshqa nodir metall rudalarini eksport qilishga ruxsat beruvchi farmoni mineral resurslarning yana ham hisobsiz chiqib ketishiga yo‘l ochishi aniq.

Demak, yuqorida tilga olingan temir yo‘l loyihasi O‘zbekiston va Qirg‘izistonning iqtisodiy manfaatlari uchun zarur bo‘lsa-da, bunda Xitoyning iqtisodiy manfaatlariga qo‘shimcha ravishda strategik va siyosiy manfaatlari ham bor. Aniqrog‘i, Xitoy mintaqa davlatlarini ekspansiya qilish orqali mineral resurslar va xomashyoga ega bo‘lishni hamda o‘z tovarlari uchun yangi bozorlar ochishni istaydi.

Xulosa qilib aytganda, temir yo‘l loyihasi Xitoyga qaramligimizni yanada oshiradi. Loyihadan so‘ng xitoy tili va madaniyati mintaqada yoyila boshlaydi. Bu Xitoyning saqofiy mustamlakasiga aylanishimizga yo‘l ochadi. Iqtisodiy jihatdan esa, biz allaqachon savdo aloqalari orqali Xitoyga qaram bo‘lib qolganmiz. Shuning uchun Xitoy temir yo‘l bahonasida o‘lkamizda o‘zining harbiy ta’sirini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Bu esa Xitoyning harbiy mustamlakasiga aylanishimizga olib keladi. Nihoyat, Xitoy o‘z fuqarolarini mamlakatga joylashtirish orqali Qirg‘iziston fuqaroligini olish uchun sharoit yaratib beradi va ular orqali saylovlarga ta’sir o‘tkazishga harakat qiladi. Natijada u siyosiy mustamlaka qilishga intiladi. Shuning uchun temir yo‘l loyihasi strategik ahamiyatga ega. Buning ortidan Xitoyning mamlakatdagi nufuzi nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki harbiy, saqofiy va siyosiy jihatdan ham kuchayadi!

Nurdin Asanaliyev

Javob qoldiring:

Iltimos, sharhingizni kiriting!
Iltimos, ismingizni bu yerga kiriting

Time limit is exhausted. Please reload CAPTCHA.