Oiladagi zo‘ravonlikning asosiy sababchisi demokratiyadir
Qirg‘izistonda joriy yilning 10 oyida Ichki ishlar vazirligi tomonidan 14293ta oilaviy zo‘ravonlik holati qayd etildi. Bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 37 foizga yoki 3877taga ko‘pdir. O‘tgan yili ham zo‘ravonlik holatlari 2022 yilga nisbatan 32 foiz ko‘p qayd etilgan.
Olingan xabarlarga ko‘ra, zo‘ravonlik qurbonlariga 12001ta himoya orderi berilgan. Ulardan 11227tasi ayollarga, 529tasi erkaklarga berilgan. Shuningdek, 245 nafar bolaga ham himoya orderi berilgan.
“Oilaviy zo‘ravonlik” moddasi bo‘yicha 3288ta bayonnoma tuzilib, ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yuborildi. Natijada 1623 nafar shaxs hibsga olindi, 1189 nafar shaxs ijtimoiy ishlarga jalb etildi.
Ro‘yxatga olingan oiladagi zo‘ravonlik ba’zan qotillik bilan tugagani uchun bu muammo vaqti-vaqti bilan jamoatchilik ichida muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Garchi bu muammoni bartaraf etish davlatning vazifasi bo‘lsa-da, rasmiy ma’lumotlar zo‘ravonlik yil sayin ortib borayotganini tasdiqlamoqda. Bu kabi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha qator takliflar bildirilmoqda, xotin-qizlar huquqlari himoyalanmayotganligi haqida bildirilgan fikr-mulohazalar son-sanoqsiz. Masalan, nohukumat tashkilotlar xotin-qizlar huquqlarining yetarlicha himoyalanmaganini ta’kidlab, G‘arbda sinovdan o‘tgan qonunlarni taklif qilib keladi. Biroq G‘arbning o‘zi bu muammoning girdobida qolib, undan qutulish yo‘lini topa olmay sarson. Chunki G‘arb davlatlari ham Qirg‘iziston singari inson ongidan kelib chiqadigan demokratik qonunlar asosida boshqariladi. Shu bois ayollarga nisbatan zo‘ravonlik kamayish o‘rniga ortib bormoqda. Masalan, “The Diplomat” nashri dunyoda ayollarning qariyb 35 foizi jinsiy va boshqa zo‘ravonlik turlarini boshdan kechirayotgani haqida yozdi. Bu raqam jinsiy tegajog‘lik statistikasini o‘z ichiga olmaydi. AQSHda har daqiqada 20 kishi oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Ma’lum qilinishicha, bu mamlakatda har kuni 1900 nafar qiz zo‘rlanadi. Fransiyaga kelsak, 4 million fransuz ayollari, ya’ni fransuz ayollarining 12 foizi hayotida kamida bir marta zo‘rlanganligini aytgan. Har uch kunda bir ayol o‘z sherigi tomonidan o‘ldiriladi. Germaniyada har 5 daqiqada kamida bir ayol jinsiy yoki boshqa zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Har uch kunda bir ayol eri, oilasi yoki hamkasbi tomonidan qo‘llanilgan zo‘ravonlik tufayli vafot etadi.
Ma’lumki, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning asosiy sababi hozirda qo‘llanilayotgan kapitalistik qonunlardir. Zero, demokratiya ayollarni erkaklar bilan tenglashtirish bahonasida tabiatan zaif bo‘lgan ayollarga erkaklar bilan bir xil mas’uliyat yukladi. Ayollarning o‘z erkini o‘z qo‘liga topshirish va erkaklardan mustaqil qilish (gender tengligi) bahonasida ularni ayollarga mos bo‘lmagan sohalarga jalb qilindi. Natijada oilada barqarorlik yo‘qoldi. Erkaklar ham, ayollar ham o‘z burchlarini unutganligi uchun oilada nizolar kuchaymoqda. Shuning uchun kapitalizm tuzumi ayollar duch keladigan zo‘ravonlikni bartaraf eta olmaydi. Aksincha, bu muammolar ana shu mafkura tufayli yuzaga kelmoqda va ayollar G‘arbning bu “erkinligi”dan himoya qilinishga muhtojdir. Buni G‘arb rasmiylarining bayonotlari ham tasdiqlaydi. AQSHning sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning so‘zlariga ko‘ra, “ayollar umumiy ishchi kuchining 40 foizini, qishloq xo‘jaligidagi ishchi kuchining 43 foizini va dunyodagi talabalarning yarmini tashkil qiladi. Shunday ekan, ayollarning iqtisodiy salohiyatini siquvga olish har qanday davlat uchun tayyor puldan voz kechish bilan barobar”. Klintonning bu so‘zlari kapitalizm haqiqatini yaqqol aks ettirib turibdi. Boshqacha aytganda, kapitalizmning dunyoqarashi ayollarga uy bekasi sifatida emas, balki ishchi kuchi sifatida qaraydi.
Buning muqobilida, Islom jamiyatida zo‘ravonlik kam uchraydigan hodisadir. Xususan or-nomus sifatida bizga berilgan ayollar va kelajak avlod sifatida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilish qabul qilib bo‘lmaydigan jinoyatdir. Alloh Taolo aytadi:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
“ Ular bilan tinch-totuv yashanglar ” (Niso: 19). Rasululloh ﷺ musulmonlarni ayollariga zo‘ravonlik qilishdan ogohlantirib shunday dedilar:
لَا يَجْلِدُ أحدُكم امْرَأَتَهُ جَلْدَ الْعَبْدِ ثُمَّ يُجَامِعُهَا في آخِرِ الْيَوْمِ
— Sizlarning orangizdan birortangiz o‘z xotinini quldek urib, so‘ng kechki payt u bilan jinsiy aloqa qilmasin! (Buxoriy rivoyati).
Islom ayollarga uy bekasi va himoya qilinishi shart bo‘lgan nomus sifatida qaraydi. Ana shu dunyoqarashga asoslanib, erkak o‘z xotini va mahramlarini himoya qiladi. Shu bilan bir qatorda, shariat oiladagi erkak va ayolning tabiatiga ko‘ra huquq va burchlarini belgilab bergan. Ayol oilada farzand dunyoga keltirish, uni ko‘krak suti bilan boqish, tarbiyalash kabi o‘zining tabiiy vazifasini bajaradi. Bu mas’uliyatni ado etish uchun vaqtini, mehnatini sarflaydi. U bu boradagi hukmlarni o‘rganadi va qo‘lidan kelganicha ularga amal qilishga harakat qiladi. Bu hukmlarni bajarishdagi sinovlarga sabr qiladi. Erkak kishi esa, tabiatan kuchli va mehnatga qodir bo‘lganligi uchun u oila a’zolarining kundalik ehtiyojlarini ta’minlashdan javobgardir. Shuningdek u o‘z vazifasidan vaqti ortsa, uy ishlarida xotiniga yordam berishi sunnatdir. Demak, gender tengligi bahonasida erkaklar mas’uliyatini ayollarga yuklash bugungi kunda ko‘rib turganimizdek boshboshdoqlik va muammolarni keltirib chiqarmoqda. Masalan, ayol kishi boshqaruv ishlari bilan bir vaqtning o‘zida uy bekasi bo‘lishi mumkin emas. Chunki har bir ishning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Bu borada Rasululloh ﷺ bunday dedilar:
كُلُّكُمْ رَاعٍ وَكُلُّكُمْ مَسْؤول عَنْ رَعِيَّتِهِ الإِمَامُ رَاعٍ وَمَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ وَالرَّجُلُ رَاعٍ فِي أَهْلِهِ وَهُوَ مَسْؤولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ وَالْمَرْأَةُ رَاعِيَةٌ فِي بَيْتِ زَوْجِهَا وَمَسْؤولَةٌ عَنْ رَعِيَّتِهَا
“Har biringiz boshqaruvchisiz va har biringiz o‘z qo‘l ostidagilardan mas’uldir. Imom boshqaruvchidir va u o‘z fuqarosi borasida mas’uldir. Kishi boshqaruvchidir va o‘z qo‘l ostidagilardan mas’uldir. Ayol erining uyi ishlarini boshqaruvchidir va o‘z qo‘l ostidagilardan mas’uldir…”.
Alloh Taolo ularning har biriga mana shu mas’uliyatni bajarganiga yarasha ajr va’da qildi. Abdurahmon ibn Avfdan rivoyat qilinadi:
إِذَا صَلَّتِ الْمَرْأَةُ خَمْسَهَا وَصَامَتْ شَهْرَهَا وَحَفِظَتْ فَرْجَهَا وَأَطَاعَتْ زَوْجَهَا قِيلَ لَهَا ادْخُلِي الْجَنَّةَ مِنْ أَيِّ أَبْوَابِ الْجَنَّةِ شِئْتِ
“Agar ayol besh vaqt namoz o‘qisa, Ramazon ro‘zasini tutsa, o‘z nomusini himoya qilsa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning qaysi eshigidan kirishni xohlasang, kiraver”, deyiladi” (Ibn Hibbon “Sahih” kitobida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ayol kishining asosiy vazifasi uy bekasi va onalik mas’uliyati bo‘lsa-da, shariat unga, shaxs sifatida erkaklar qatori ilm talab qilish, boyligidan zakot berish va da’vat qilish kabi ishlarni farz qilgan. Bundan tashqari, u shaxsiy va jamoat joylarida o‘zi uchun ishlashi, xarid qilishi va hokazo ishlarni bajarishi joizdir. Shariat ayol kishi uchun bu ishlarni taqiqlamaydi va bu ishlar uning uy bekasi bo‘lishiga yoki onalik vazifasini bajarishiga xalaqit qilmaydi. Islom bugungi kunda bo‘layotganidek, hayot uchun foydani emas, balki halol va haromni o‘lchov qilib oladi. Shu sababli, ishlashni xohlaydigan ayollarga ma’lum soatlarda ishlashlari uchun sharoit yaratib beriladi. Masalan, Usmonli xalifaligi davrida ayollarning iqtisodiy sohada faol ishtirok etgani ma’lum. Tarixiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollar dehqonchilik, bog‘dorchilik yerlari va ko‘chmas mulklarga ega bo‘lish orqali ulardan tushgan daromadni o‘zlari ishlatgan. 18 asrda Halabdagi sud ma’lumotlariga ko‘ra, mulkni sotish bilan bog‘liq ayollarga oid ishlar 63 foizni tashkil qilgan. Ma’lumki, Islomning ayollarga nisbatan uy bekasi va himoyalanadigan nomus sifatidagi dunyo qarashi ularning iqtisodiy faoliyatiga zarar yetkazmaydi. Aksincha, har qanday vaziyatda ham, farovon yashashini kafolatlaydi. Shuningdek Islom oila hayotini mehr-muhabbat ustiga quradi. Alloh Taolo aytadi:
وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُم مِّنْ أَنفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِّتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُم مَّوَدَّةً وَرَحْمَةً
“Uning oyatlaridan (yana biri) U zot sizlar hamdam bo‘lishlaringiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratishi va o‘rtalaringizda oshnolik va mehr-muhabbat paydo qilishidir” (Rum: 21).
Xulosa qilib aytganda, Islom dini jamiyat farovonligi uchun oilaning mustahkamligiga hamisha alohida e’tibor bergan. Binobarin, ayollarning va umuman jamiyatning farovonligi Islom dinini hayotga tatbiq etilishiga bog‘liqdir.